23:23 / 27.10.2022
15536

10 nafar maktab direktori “Vatan fidoyisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi

Bugun xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev birgalikda maktab direktorlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Unda xalq ta’limi tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan pedagoglar kasbiy mahoratini oshirish, o‘quvchilarga sifatli ta’lim berish, to‘g‘ri kasb tanlash borasida maktab direktorlari mas’uliyati haqida so‘z bordi.

Xususan, 2022 yil boshida prezidentimizning Qoraqalpog‘istonga tashrifi davomida bergan topshiriqlari asosida qo‘shimcha 23 ta maktabda ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda, umuman olganda bu yil 70 ta maktabda qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.

Qoraqalpog‘istonda birinchi bo‘lib “Mobil metodik guruhlar” faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. 40 ta ta’lim darajasi past maktablar tanlab olinib, hududdagi oliy ta’lim muassasalari bilan birgalikda o‘qituvchilarga metodik yordam ko‘rsatish orqali ta’lim sifatini oshirish choralari ko‘rilmoqda.

Muloqot chog‘ida Qoraqalpog‘istonda tizimda hali qilinishi lozim bo‘lgan ishlar ko‘pligi, maktablarda o‘quvchilarga zamonaviy bilimlarni berishda o‘qituvchilarda metodik mahorat yetishmayotgani, bir qator maktablarda ta’lim darajasi pastligi, 11-sinf o‘quvchilarini kasb-hunarga yo‘naltirish ishlarida muammolar mavjudligi, ayrim maktablarning ijtimoiy-ma’naviy muhiti yaxshi emasligi qayd etildi.

Jo‘qorg‘i Kenges raisi respublika maktablarida ta’lim-tarbiya jarayonlarini yaxshilash yuzasidan maktab direktorlariga bir qator vazifalarni belgilab berdi.

Uchrashuv so‘ngida ta’lim sifati ko‘rsatkichlari bo‘yicha yuqori natijalarga erishgan 10 nafar maktab direktori “Vatan fidoyisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Shuningdek, har bir tumandan bitiruvchilari oliy ta’lim muassasalariga kirishda eng yuqori natija ko‘rsatgan bittadan maktab direktori Jo‘qorg‘i Kenges tomonidan 10 mln so‘m pul mukofoti bilan taqdirlanadigan bo‘ldi.

Muloqotda maktab direktorlarining xalq ta’limini yanada rivojlantirish bo‘yicha takliflari tinglandi.

Mavzuga oid
Top