13:42 / 27.10.2022
9941

Xitoy AQShni hamkorlikni kengaytirishga chaqirdi

Dunyo tinchligini mustahkamlash uchun Xitoy va AQSh bir-biri bilan til topishishni o‘rganishi kerak, dedi XXR raisi Si Jinping. U ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik va aloqalarni kengaytirishga chaqirdi.

Foto: AP

Xitoy rahbari Si Jinping AQShni hamkorlikni kengaytirishga chaqirdi. «Dunyo tinchligini ta’minlash uchun ikki davlat bir-biri bilan kelishish yo‘llarini topishi kerak. Bugun dunyo na tinch, na osoyishta. Qo‘shma Shtatlar va Xitoy xalqaro barqarorlikni ta’minlash uchun birgalikda harakat qilishlari kerak», - dedi Xitoy rahbari ushbu mavzudagi nutqida. Uning so‘zlari Xitoy davlat televideniyesi tomonidan keltirilgan.

Si Jinpingning so‘zlariga ko‘ra, «dunyodagi qudratli davlatlar sifatida Xitoy va Qo‘shma Shtatlar o‘rtasidagi aloqa va hamkorlikning kuchayishi global barqarorlikni mustahkamlashga, butun dunyo bo‘ylab tinchlik va taraqqiyotga yordam beradi». Xitoy rahbari o‘z mamlakati «ikki davlatning yangi davrda bir-biri bilan kelishib olishiga imkon beradigan yo‘llarni izlashda o‘zaro hurmat va tinch-totuv yashash sharoitida Qo‘shma Shtatlar bilan hamkorlik qilishga» tayyorligini ta’kidladi. Bu nafaqat AQSh va Xitoyga, balki butun dunyoga foyda keltiradi, dedi Si.

Vashington va Pekin o‘rtasidagi munosabatlar hozirda Tayvan maqomi va Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi tufayli juda tarang. Ular Pekin noroziligiga qaramay, AQSh Kongressi Vakillar palatasi raisi Nensi Pelosi va bir guruh amerikalik kongressmenlarning Tayvanga namoyishkorona tashriflaridan keyin keskin avj oldi. Keyinroq Germaniya Bundestagi deputatlaridan iborat delegatsiya ham Tayvanga tashrif buyurdi. 

Xitoy Tayvanni isyonkor provinsiya deb hisoblaydi va uni kerak bo‘lsa, kuch bilan nazorat ostiga olish bilan tahdid qilmoqda. Qo‘shma Shtatlar Tayvan mustaqilligini rasman tan olmaydi, biroq ayni paytda unga keng ko‘lamli yordam, jumladan, harbiy yordam ko‘rsatadi. 

Top