21:45 / 28.10.2022
25142

Gordon O‘zbekistonda Eron dronlari ishlab chiqarilishi haqida aytganida xato qilganini tan oldi

U aslida Tojikistonni nazarda tutganini ma’lum qildi va Ukrainani qo‘llab-quvvatlagan o‘zbeklarga minnatdorchilik bildirdi.

Foto: V gostyax u Gordona / Youtube

O‘zbekistonda Eron dronlari ishlab chiqarilayotganini aytib shov-shuvlarga sabab bo‘lgan ukrainalik jurnalist Dmitriy Gordon navbatdagi efiri vaqtida o‘zbekistonliklarning e’tirozlariga munosabat bildirib, ma’lumot berishda xatoga yo‘l qo‘yganini tan oldi

«Aslida men O‘zbekistonni emas, Tojikistonni nazarda tutgandim. Faqat tilimdan O‘zbekiston so‘zi chiqib ketdi.

O‘zbekistonda chindan ham dronlar ishlab chiqariladigan zavod borligi ma’lum, ammo u Eron bilan qandaydir aloqadorligi ma’lum emas.

Shuning uchun men Tojikistonni nazarda tutgandim. Men hozir buni yana bir bor takrorlamoqchiman. Men Tojikistonda eronliklar tomonidan dron ishlab chiqarilayotganini ta’kidlayman. Rossiyaliklar ushbu dronlar bilan ukrainaliklarni o‘ldirmoqda.

Men istardimki, agar gapim xato bo‘lsa, Tojikiston tashqi ishlar vazirligi buni rad etsin», dedi Gordon.

U og‘ir kunlarda Ukrainani qo‘llab-quvvatlagan o‘zbeklarga minnatdorchilik bildirdi.

«Yana bir bor takrorlayman, O‘zbekistonga keladigan bo‘lsak, bu davlatning obro‘siga umuman soya solmoqchi emasman. Shu jumladan, o‘zbeklarga, O‘zbekiston fuqarolariga ham. Ularni chin dildan hurmat qilaman, yaxshi ko‘raman. Bu mehmondo‘stligi, mehribonligi bilan mashhur bo‘lgan o‘lka.

Bu o‘lka Ikkinchi jahon urushi davrida ko‘plab ukrainaliklarga boshpana bergan. Yana bir bor aytaman, Eron dronlarining ishlab chiqarilishiga O‘zbekistonning hech qanday aloqasi yo‘q.

Muhtaram o‘zbekistonliklar, hozir fashistlar Rossiyasi hujumi oqibatida Ukraina boshiga tushgan fojiaga befarq bo‘lmaganingiz uchun minnatdorchilik bildiraman. Qo‘llab-quvvatlagingiz uchun, qalbingiz ukrainaliklar qalbi bilan bir maromda urayotgani uchun minnatdorchilik bildiraman», degan u.

Dmitriy Gordon 26 oktyabr kuni Isroilda yashovchi sobiq rossiyalik milliarder Leonid Nevzlin bilan suhbatda O‘zbekistondagi zavodda Eron bilan hamkorlikda harbiy dronlar yig‘ilayotgani va bu dronlar Ukrainaga hujum qilayotgan Rossiyaga yetkazib berilayotganini aytgandi. 

O‘zbekiston mediasferasida bu mavzu qizg‘in muhokama qilindi va e’tirozlar bildirildi. O‘zbekiston rasmiylari ham tezlik bilan reaksiya qilishdi, dastlab Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Alisher Qodirov buni tuhmat deb atadi va Gordon uzr so‘rashini talab qildi.

Keyinroq O‘zbekiston Mudofaa sanoati davlat qo‘mitasi va Tashqi ishlar vazirligi Eron dronlari O‘zbekistonda yig‘ilishi haqida tarqalgan xabarlarni yolg‘on deb atadi. Xususan, vazirlik Ukraina rasmiy hukumatiga Ukraina ommaviy axborot vositalarida O‘zbekiston to‘g‘risida ikki tomonlama munosabatlarga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan bunday asossiz ayblovlar va boshqa ishonchsiz ma’lumotlar tarqatilishining oldini olish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rishni so‘rab murojaat qilishini bildirdi.

Top