19:04 / 30.10.2022
27179

Kursk va Belgorodda mudofaa chiziqlari qurilmoqda. Kreml «xalq urushi»ni uyushtirmoqchimi?

Vladimir Putin Ukrainada e’lon qilgan «maxsus harbiy operatsiya»ning to‘qqizinchi oyiga kelib, Rossiya hukumati Ukraina bilan chegaradosh Kursk va Belgorod oblastlarida mustahkamlangan mudofaa chiziqlarini barpo etmoqda. Bu qanday yuz berdi va bu chiziqdan qanday amaliy harbiy foyda bor?

Foto: ROMAN STAROVOYT
Kursk gubernatori bu suratni o‘z telegram-kanalida joylashtirgan. Biroq ambrazura (tuynuk) pulemyotdan o‘t ochish uchun mo‘ljallanmagan - soshkani (tirgak) qo‘yishga joy qoldirilmagan. Foto: ROMAN STAROVOYT

Kursk gubernatori Roman Starovoyt Ukrainaning ehtimoliy bosqinini to‘xtatish uchun oblastda ikkita chiziqda harbiy istehkomlar tiklanayotgani haqida xabar berdi.

«Ushbu haftada Kursk oblastining ikki qatorli mustahkamlangan mudofaa chizig‘ini shaxsiy tarkib bilan ta’minlash va qurish ishlari yakunlandi. Amaliyot Rossiya Mudofaa vazirligi va Kursk oblasti Chegara xizmati bilan hamkorlikda amalga oshirildi. Uchinchi qator chizig‘i 5 noyabrgacha tayyor bo‘ladi. Biz hududimizga uyushtiriluvchi har qanday tajovuzni qaytarishga tayyormiz», – deb yozadi gubernator o‘zining telegram-kanalida.

Kursk oblasti hududiy xavfsizlik qo‘mitasi rahbari Mixail Gorbunov 25 oktyabr kuni oblastning chegara tumanlari va asosiy magistral yo‘llariga kirish ustidan nazorat kuchaytirilgani, boshpanalarni, jumladan, yerto‘lalarni tozalash bo‘yicha faol ish olib borilayotganini ma’lum qildi.

«Kursk oblastidagi boshpanalar 1,5 million kishini himoya qilishi mumkin», – deydi Gorbunov. U shuningdek aholini gavjum obektlar: banklar, pochta bo‘limlari, do‘konlar yaqinida boshpana va xandaqlar qurishga chaqirgan.

Belgorod oblasti gubernatori Vyacheslav Gladkov ham temir-beton bloklardan mudofaa inshootlari qurilishini ma’lum qildi. Ukrainaning bosib olingan Luhansk oblastida ham xuddi shunday istehkomlar qurilgan bo‘lib, ularni safida professional yollanma askarlar jang qilayotgan «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi va rus mahbuslari (ularning ko‘pchiligi og‘ir va ayniqsa o‘ta og‘ir zo‘ravonlik jinoyatlari sodir etganlikda ayblangan, ammo Ukrainadagi jangovar harakatlarda qatnashish evaziga ularga ozodlik va’da qilingan) barpo qilgandi.

«Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi (XHK) asoschisi, tadbirkor va Vladimir Putinning yaqin do‘sti Yevgeniy Prigojin 19 oktyabr kuni Belgorod oblastidagi mudofaa inshootlari qurilishiga XHK xodimi, Rossiya qahramoni Andrey Bogatov rahbarlik qilayotganini aytdi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, oblastda XHK instruktorlari tomonidan o‘qitiluvchi «xalq militsiyasi» ham tuziladi.

Bu beton to‘siqlar Belgorod oblasti hududida paydo bo‘lgan. Lekin bunday ochiq holatdagi to‘siqlar tanklar uchun katta muammo tug‘dirmaydi
Foto: VYACHESLAV GLADKOV

Bu qanday yuz berdi?

2022 yilning 24 fevralida Rossiya qo‘shinlari Putin buyrug‘i bilan Ukraina hududiga bostirib kirguniga qadar ham hech kim na Kursk, na Belgorod oblastiga hujum qilishni rejalashtirmagandi.

Urush boshida o‘yin «bir tomonlama» edi. Rus bo‘linmalari Xarkiv va Ukrainaning boshqa shaharlarini tinimsiz o‘qqa tutdi, Rossiyaning chegaraoldi hududlari esa tinch va osoyishta yashadi.

Biroq tez orada vaziyat o‘zgardi — Rossiya hududiga ham «raketa parvozlari» boshlandi. Avvaliga bu tasodifdek ko‘rindi, ammo keyinroq bu ongli hujumlar ekani oydinlasha boshladi.

10 oktyabrdan Rossiya Ukrainaning energetika infratuzilmasiga keng ko‘lamli zarbalar berishni boshlagach, Rossiyaning Ukraina bilan chegaradosh oblastlardagi turli obektlarda muntazam ravishda portlashlar ro‘y bera boshladi.

Vladimir Putin 19 oktyabr kuni Markaziy va Janubiy federal okruglar, jumladan, Kursk va Belgorod oblastlarida yuqori tayyorgarlik rejimini joriy etdi.

Ukraina Rossiya hududiga qilingan hujumlar uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olgani yo‘q. Belgorod, Bryansk va boshqa rus shaharlari yaqinida yuz berayotgan har bir navbatdagi portlash yoki yong‘in Kiyev tomonidan odatda rus artilleriyachilari va raketachilarining olovli zaxiralarga ehtiyotsizlik bilan munosabatda bo‘lishi oqibatida yuz bergan deya izohlanadi. Bunga ishonish qiyin, albatta.

2014 yilda Rossiya ham xuddi shunday pozitsiyada bo‘lgandi.

Xususan, «yashil odamchalar» Qrimni egallab olganda, Donbassdagi «konchilar» va «traktorchilar» to‘satdan yaxshi o‘qitilgan armiyaga aylangan va zamonaviy og‘ir qurollarga ega bo‘lganda Rossiya rasmiylari ham yelkalarini shunchaki qisib qo‘yib shunday degandi — «biz bilmaymiz, bizning aloqamiz yo‘q, biz mojaro tarafdori emasmiz».

Prigojin yordam berishga tayyor

Rossiyaning harbiy sohaga ixtisoslashgan telegram kanallarida Mudofaa vazirligi buyrug‘i bilan noma’lum zavodda katta miqdorda temir-beton uylar (harbiy post yoki chiziqlarga o‘rnatiladi) tayyorlanayotgani videosi tarqaldi. «Ular juda ko‘p. Sonini e’lon qilmayman, lekin ular juda ko‘p», – deydi boshlovchi videoda.

Videodan ko‘rinib turibdiki, temir-beton uylar devorlari qalinligi taxminan 300 mm bo‘lgan temir-beton monolitdan yasalgan.

Foto: ROMAN STAROVOYT

«Vagner chiziqlari» uchun zarur elementlar bir nechta Belgorod korxonalari tomonidan ishlab chiqarilmoqda, deya xabar beradi «Vesti» portali.

Rossiyaning boshqa hududlarida mudofaa chiziqlari qurish imkoniyati haqidagi savolga javob berar ekan, Prigojin shunday degan: «Albatta, biz o‘zining himoyasi uchun qayg‘urayotgan har qanday oblastga har tomonlama yordam berishga tayyormiz».

Rossiya hududida mudofaa chizig‘i qurilishidan qanday harbiy maqsad ko‘zlagan?

Aholini hisobga olgan holda jami safarbarlik resurslari Rossiyanikidan qariyb 3,5 baravar kam va armiyasi ko‘p jihatdan G‘arb qurollari ta’minotiga bog‘liq bo‘lgan Ukrainaning Rossiya hududiga bostirib kirish orqali qo‘shinlarini bo‘lib yuborishi juda mantiqsiz qaror bo‘lardi. Bundan tashqari, uning ittifoqchilari bunday qadamni mudofaa urushi sifatida emas, balki tajovuz va mojaroning xavfli jiddiylashishi sifatida qabul qilishi mumkin.

Qurilayotgan dala istehkomlari rus aholi yashash manzillarini hujumlardan himoya qila oladimi? Agar zarbalar uzoq masofali qurollardan bo‘lsa, javob aniq — yo‘q.

Agar Kursk va Belgorod oblastlari ma’muriyatlari hali ham dushmanning quruqlik orqali hujumini qaytarish haqida o‘ylayotgan bo‘lsa, u holda ular mudofaa chiziqlarida yetarli askar va qurollar bo‘lmasa, mudofaa chizig‘idagi tayanch nuqtalar foydasiz ekanini tushunishi kerak. Ukraina xohlasa ularni osonlik bilan egallab oladi va mustahkamlab, ruslarga rahmat ham aytadi.

Zamonaviy urushlar sharoitida, bir kilometr uzunlikdagi frontni 100-120 kishidan iborat motoo‘qchi rotasi himoya qilib tursa, bu normal standart hisoblanadi. Iloji bo‘lsa yanada ko‘proq bo‘lgani ma’qul. Va bu olovli qo‘llab-quvvatlovchi kuchlar — artilleriya, zirhli transport vositalari, aviatsiya, shuningdek, havo hujumidan himoya tizimlari, radioelektron mutaxassislar, sapyorlar, aloqachilar, razvedkachilar, dron operatorlari va boshqa ko‘plab mutaxassislardan tashqari miqdor.

Belgorod oblastining Ukraina bilan chegarasi uzunligi 540 km, Kursk oblastiniki esa 245 km. Oddiy hisob-kitob shuni ko‘rsatadiki, bunday mudofaa chizig‘i himoyasini to‘ldirish uchun faqat oldingi chiziqqa kamida 80-95 ming jangchi kerak bo‘ladi. Ammo bu hali hammasi emas.

Zaxirada ahvol qanday?

Armiya — bu juda katta mashina. Urush zonasidagi askar va ofitserlar uning kichik bir qismini tashkil qiladi. Urishayotgan jangovar bo‘linmadagi bitta askar uchun butun armiya hisobida o‘rtacha boshqa besh nafar askar (o‘nta bo‘lsa yanada yaxshiroq) ishlaydi. Bu polkovnikmi yoki oddiy askarmi, katta ahamiyat kasb etmaydi — frontdagi ehtiyojlar taxminan teng bo‘ladi.

Bosh shtab, texnik-muhandislik, tibbiy, komissarlik xizmatlari. Artilleriya uskunalari ombori, yoqilg‘i-moylash, moddiy ta’minot omborlari. Harbiy texnika va qurollarni ta’mirlash hamda texnik xizmat ko‘rsatish, buxgalteriya hisobi, yuklash, tushirish, xavfsizlik, transport va kommunal xizmatlar, aloqa, pochtani shifrlash, ovqatlanishni tashkil qilish, tozalik, choyshabni almashtirish, sanitariya. O‘qitilayotgan, zaxiradagi va qayta tashkil etilgan bo‘linmalar. Kontrrazvedka, huquqshunoslar, moliyachilar, psixologlar, instruktorlar, harbiy yo‘l politsiyasi, yong‘in xavfsizligi. Har xil inspektorlar. Bu frontdagi jangovar qismlarni ta’minlash uchun mas’ul bo‘lgan xizmatlarning to‘liq bo‘lmagan ro‘yxati.

Shunday qilib, front chizig‘idagi 80-95 ming harbiy xizmatchi uchun kamida 400-475 ming kishilik ta’minot tizimi kerak bo‘ladi. Bu, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, yaqinda bo‘lib o‘tgan safarbarlik paytida armiyaga jalb qilinganlar sonidan deyarli ikki barobar ko‘proq.

«Xalq urushi»

22 oktyabr kuni Rossiya prezidenti ma’muriyati rahbarining birinchi o‘rinbosari Sergey Kiriyenko bugungi Rossiyada isyonkor ko‘rinuvchi bir necha gaplarni aytdi.

Birinchidan, u Ukrainada sodir bo‘layotgan voqealarni «urush» deb atadi. Rossiyada ushbu so‘zni Rossiya armiyasining Ukrainadagi bosqiniga nisbatan ishlatgani uchun nashrlar bloklanadi, fuqarolarga nisbatan esa jinoiy ish qo‘zg‘atiladi.

Ikkinchidan, u bu urushda g‘alaba qozonish uchun ba’zi shartlarni aytdi — ya’ni Kriyenko bu bilan Rossiya g‘alabasi so‘zsiz emasligi haqida aniq tushuncha berdi (shartlar bajarilmasa, g‘alaba bo‘lmaydi).

«Rossiya har doim xalq urushiga aylangan har qanday urushda g‘olib bo‘lgan. Bu doimiy takrorlangan. Biz bu urushda harbiy jihatdan ham, iqtisodiy jihatdan ham, albatta, g‘alaba qozonamiz. Shuningdek, bizga qarshi olib borilayotgan psixologik va axborot urushida ham muvaffaqiyatga erishamiz. Lekin buning uchun bu urush xalq urushi (harbiylardan tashqari xalq ko‘ngilli otryadlari ham janglarda qatnashuvchi urush) bo‘lishi kerak, har bir inson daxldorlik tuyg‘usini his qilishi uchun zarur», – dedi Kiriyenko Butunrossiya sinf rahbarlari forumida.

24 oktyabr kuni «urush» atamasini Checheniston rahbari Ramzan Qodirov yanada «qonuniylashtirdi».

«Biz oldin Ukraina hududida maxsus harbiy operatsiya o‘tkazyapmiz deb aytgan edik, lekin endi bu to‘laqonli urushga aylandi. Urush allaqachon bizning hududimizda ketmoqda», – degan u o‘zining Telegram-kanalidagi audiomurojaatida. Checheniston rahbari bu fikrini qayta-qayta aytgan.

Prezident ma’muriyati rahbari o‘rinbosari va Checheniston rahbari tasodifan noto‘g‘ri gapirgan yoki Bosh prokuratura va «Roskomnadzor»ga chaqiruv tashlashga qaror qilgan degan taxminlar asosga ega emas. Ehtimol, Rossiya rasmiylarining urush borasidagi ritorikasining o‘zgargani haqidagi taxmin ko‘proq asosli bo‘ladi.

Rossiyaning tezkor safarbarlik o‘tkazishi, zaxiradagi harbiy xizmatchilar va hattoki, mahbuslarni zudlik bilan frontga safarbar etishi Ukrainadagi «maxsus harbiy operatsiya» umuman reja bo‘yicha o‘tmaganini ko‘rsatib turibdi. Urush tarafdorlari safarbarlik qarorini kechikkan qaror deya hisoblamoqda. Frontdagi vaziyat allaqachon og‘ir ahvolda, Ukraina qarshi hujum qilib, o‘z hududlarini ozod etmoqda.

Rus oilalari tobutlarni qabul qilishda davom etyapti, ko‘plab askarlar uyga nogiron bo‘lib qaytyapti, iqtisodiy ahvol yomonlashmoqda va shu bilan birga fuqarolarning shaxsiy moliyaviy ahvoli ham. Rossiya rasmiylariga «maxsus harbiy operatsiya» atamasi doirasidan tashqariga chiqmagan holda odamlarga nima bo‘layotganini tushuntirish tobora qiyinlashmoqda.

Foto: ROMAN STAROVOYT

Urush esa boshqa gap, unga ko‘p narsalarni bog‘lash mumkin. Endi faqat ruslar nima uchun urushga kirganini asoslash qoldi.

«Birodar Afg‘oniston xalqiga xalqaro yordam ko‘rsatish», «Chechenistonda konstitutsiyaviy tuzumni tiklash bo‘yicha operatsiya», «Gruziyada tinchlikni saqlash bo‘yicha operatsiya» – SSSR va Rossiya o‘z harbiy kampaniyalarini shunday nomlangandi. Harbiy-siyosiy rahbariyat bu urushlar uchun qanday rejalar tuzgani muhim emas, lekin hech bo‘lmaganda nomlarning o‘zi qandaydir maqsadni ko‘rsatadi.

Ukraina uchun qanday nom o‘ylab topish mumkin?

So‘nggi paytlarda rus propagandachilari Rossiya Ukraina bilan emas (yoki nafaqat Ukraina), balki butun NATO bloki bilan urush qilmoqda, degan g‘oyani tobora ko‘proq targ‘ib qilmoqda. Mantiq tushunarli – o‘zlari Rossiya aholisini yillar davomida kuchsizligiga ishontirib kelgan Ukrainaga yutqazish sharmandalik.

Lekin Rossiyani qanday qilib tiz cho‘ktirishni o‘ylaydigan kuchli, makkor dushman bilan kurashishni aytish esa boshqa gap.

Ushbu g‘oyaning zaif tomoni shundaki, hatto eng bilimdon rossiyalik oddiy odam ham Shimoliy Atlantika alyansi nima ekanligi haqida taxminan quyidagicha tasavvur qiladi: NATOda bir necha o‘nlab samolyot tashuvchi kemalar, minglab samolyotlar va qanotli raketalar mavjud. Va oddiy odam ham, ehtimol, tushunadiki, bunday dushman bilan urush faqat neft omborlari portlashi va alohida binolar vayron qilinishi bilan cheklanib qolmagan bo‘lardi.

Oddiy odamlarni urushni davom ettirish zarurligiga qanday ishontirish mumkin?

Kiriyenkoning so‘zlariga ko‘ra, «har bir inson o‘z mas’uliyatini his qilishi uchun bu xalq urushi bo‘lishi kerak».

Kreml rasmiysi qanday qilib odamlarni Ukrainaga qarshi urushning yangi shakliga da’vat qilishi haqida hech nima demagan.

Ehtimol, bunday vositalardan biri odamlarga banklar, pochta bo‘limlari va do‘konlar yaqinida boshpana va okoplar tayyorlash haqidagi vahimali tavsiyalar berishdir. Yoki Moskvada allaqachon paydo bo‘lgan eng yaqin «boshpana»ga borishni ko‘rsatuvchi belgilardir.

Bular rossiyaliklarga urush yanada yaqinroq kelayotganini his qildirishi lozim.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top