07:49 / 31.10.2022
7173

Germaniya: Rossiya «g‘alla bitimi»ga qaytishi kerak

Livan, Niger yoki Bangladesh aholisining oziq-ovqat xavfsizligi Rossiya prezidentining harbiy rejalariga bog‘liq bo‘lmasligi kerak, dedi Berbok.

Foto: PAP / FILIP SINGER / POOL

Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok Rossiyani Qora dengiz tashabbusi doirasida Ukraina qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishga chaqirdi. Tegishli bayonotni Germaniya Tashqi ishlar vazirligi rahbari 30 oktyabr, yakshanba kuni Berlinda Qozog‘istonga uchishidan oldin berdi.

«Dunyo bo‘ylab millionlab odamlar ochlikdan qiynalmoqda, Rossiya esa yana g‘alla ta’minotini xavf ostiga qo‘ymoqda. Buni to‘xtatish kerak», - deydi Berbok. «Livan, Niger yoki Bangladeshdagi oilalar keyingi tushlik uchun pul to‘lay olishi Rossiya prezidentining harbiy rejalariga bog‘liq bo‘lmasligi kerak», — deya qo‘shimcha qildi u.

Germaniya vazirining so‘zlariga ko‘ra, iyul oyida kelishuv tuzilganidan buyon Ukrainadan 9 million tonna g‘alla jahon bozoriga chiqdi va don narxi maqbul darajaga tushdi.

Berbokning qo‘shimcha qilishicha, hozirda o‘nlab kemalar Ukrainadan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini olib chiqish uchun reyslarni amalga oshirmoqda. «Biz Rossiyani ushbu kemalarga xavf solmaslikka va xalqaro hamjamiyat oldidagi majburiyatlarini bajarishga qaytishga chaqiramiz», dedi u.

Rossiya «g‘alla yo‘lagi»ni to‘sib qo‘ygani sababli Ukraina g‘alla eksportini to‘xtatishga majbur bo‘ldi. Ukraina infratuzilma vaziri Aleksandr Kubrakovning so‘zlariga ko‘ra, 30 oktyabr kuni Ikaria Angel yuk kemasi Ukraina portini tark eta olmadi. BMT tomonidan Jahon oziq-ovqat dasturi doirasida ijaraga olingan kema Efiopiyaga 40 ming tonna don yetkazib berishi kerak edi. «Ushbu mahsulotlar ochlik yoqasida turgan Efiopiya xalqi uchun mo‘ljallangan edi. Ammo Rossiya «g‘alla yo‘lagi»ni to‘sib qo‘ygani uchun uni eksport qilishning iloji yo‘q», — deb yozdi Kubrakov Twitter sahifasida.

NATO 30 oktabr kuni Moskvani BMT vositachiligidagi kelishuvni zudlik bilan yangilashga chaqirdi. «Prezident Putin oziq-ovqatdan qurol sifatida foydalanishni bas qilishi va Ukrainaga qarshi noqonuniy urushini tugatishi kerak», dedi alyans matbuot kotibi Oana Lungesku. «Biz Rossiyani o‘z qarorini qayta ko‘rib chiqishga va oziq-ovqat eng muhtojlarga yetib borishi uchun shartnomani zudlik bilan qayta tiklashga chaqiramiz», dedi u. Lungeskuning so‘zlariga ko‘ra, NATOning barcha ittifoqchilari bir vaqtlar Turkiya yordami bilan erishilgan kelishuvni olqishlagan. «Ushbu eksport butun dunyo bo‘ylab oziq-ovqat narxlarini tushirishga yordam berdi», deya qo‘shimcha qildi Lungesku.

29 oktyabr kuni Rossiya Ukraina qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha Qora dengiz tashabbusini amalga oshirishni noma’lum muddatga Qora dengiz flotining Qrim va Sevastopoldagi harbiy-dengiz bazasidagi kemalari va infratuzilmasiga hujum munosabati bilan to‘xtatib qo‘ydi.

30 oktyabr kuni Germaniya tashqi ishlar vazirining Qozog‘iston va O‘zbekistonga uch kunlik safari boshlandi. Ostonada Berbok qozog‘istonlik hamkasbi Muxtor Tleuberdi bilan muzokaralar o‘tkazishni rejalashtirgan. Toshkentda vazir O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov bilan muzokaralar o‘tkazishi va nemis-o‘zbek ta’lim markaziga tashrif buyurishi rejalashtirilgan. Shundan so‘ng Berbok Samarqand shahrida Germaniya ko‘magida qurilayotgan irrigatsiya tizimlarini ko‘zdan kechiradi.

Annalena Berbokka safarda energetika va infratuzilma sohasi mutaxassislaridan iborat delegatsiya hamrohlik qiladi, deya xabar berdi Germaniya Tashqi ishlar vazirligi.

Berbok Markaziy Osiyo respublikalariga tashrifidan so‘ng Germaniyaning Myunster shahrida bo‘lib o‘tadigan "Katta yettilik" mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari sammitiga boradi. Uchrashuvning asosiy mavzulari Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi, Xitoy va Eron bilan munosabatlar bo‘ladi, deb xabar qildi Germaniya TIV matbuot xizmati.

Markaziy Osiyo va Afrika davlatlari bilan aloqalarni rivojlantirish ham kun tartibidagi masalalardan. Sammitda Afrika tashqi ishlar vazirlari va Afrika ittifoqi vakillari ishtirok etishi kutilmoqda.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top