23:30 / 31.10.2022
14503

Qo‘lsiz balerina Instagram’ni zabt etdi

“Uyimiz yonida g‘alati odamlar tez-tez yig‘ilib, qizim bilan sayrga chiqishimni kutishardi. Qizim ular uchun sirk maymuniga o‘xshardi, hatto yengini ochib ko‘radiganlar ham bo‘lardi”, deb eslaydi Vanda Bueno.

Imkoniyati cheklangan tushunchasi nisbiy, nazarimda. Insonning miyasi ishlab, yuragi urib turar ekan, uning imkoniyatini cheklab bo‘lmaydi. Braziliyalik 17 yashar Vitoriya ham atrofdagilar nazdida imkoniyati cheklangan edi...

Bola qo‘lsiz tug‘iladi

Bueno homiladorlik paytida genetik anomaliya haqida ogohlantirilgan. Genetik anomaliya - gen va xromosoma mutatsiyalari natijasida vujudga keladigan morfofunksional buzilish. Gen mutatsiyalari ontogenezning turli bosqichlarida organlar va to‘qimalar morfogenezini buzishi mumkin. Hujayralardagi xromosomalar soni yoki ularning tuzilishi o‘zgarishi odatda embrion rivojlanishining to‘xtashiga yoki jiddiy nuqsonlari bo‘lgan shaxsning tug‘ilishiga, reproduktiv funksiyalar buzilishiga olib keladi.

Ayol hammasini taqdir izmiga topshiradi. Agar tug‘ilishi kerak bo‘lsa, uni bor nuqsoni bilan qabul qilishini, nima bo‘lgan taqdirda ham farzandiga mehr berib katta qilishini aytadi. Lekin vujudida urib turgan mitti yurakchadan voz kechmaydi.

“Uyimiz yonida g‘alati odamlar tez-tez yig‘ilib, qizim bilan sayrga chiqishimni kutishardi. U ular uchun sirk maymuniga o‘xshardi, hatto yengini ochib ko‘radiganlar ham bo‘lardi”, deb eslaydi Vanda Bueno

Vitoriyaning onasi hech kimga e’tibor bermasdan, qizini mehr bilan katta qiladi. Farzandi besh yoshga kirganda fizioterapevt uning raqs bilan shug‘ullanishini maslahat beradi. Vitoriya ko‘plab raqs turlariga qatnashib, o‘zini sinab ko‘radi va baletda to‘xtaladi.

Hadik va xavotir

Bolasi chaqaloqligidanoq ko‘pchilik tomonidan masxara qilingan Bueno Vitoriyaning kattalar va bolalar tomonidan qanday qabul qilinishidan xavotirga tushadi. Shunday bo‘lsa-da, farzandini uyda, odamlardan panada asramaydi. Bueno besh yoshli qizini balet sinfiga olib keladi.

Qizaloqning iste’dodi uni ijtimoiy tarmoq yulduziga aylantiradi va ko‘pchilik uchun u ilhom manbai, irodaning jonli timsoli hisoblanadi.

Qo‘llari yo‘qligiga qaramay, jamoaviy chiqishlar paytida u sheriklari bilan hamohang tarzda harakat qiladi, shuning uchun uning qo‘llari yo‘qligini butunlay unutishingiz mumkin.

Foto: Reuters

Raqs orqali olingan kuch va moslashuvchanlik nafaqat orzuni ro‘yobga chiqarish, balki tishlarini cho‘tkalashdan tortib, oyoqlari bilan supermarketlar javonidan narsalarni tanlashgacha bo‘lgan hamma narsani bajaradigan Vitoriya Bueno uchun juda muhim ekanligini isbotladi.

Uning raqs murabbiyi Falsarellaning aytishicha, raqs darsida ko‘plab talabalar uning moslashuvchanligi va baquvvatligiga havas qilishadi.

Ijtimoiy tarmoqlardagi noodatiy balerinaning blogiga 150 mingdan ortiq kishi obuna bo‘ldi. Obunachilar uchun 16 yoshli raqqosa nafaqat irodaning jonli timsoli, balki nima bo‘lishidan qat’i nazar o‘z orzusiga ergashishga tayyor insondir.

Foto: Reuters

“Men uchun qo‘llar shunchaki vosita. Sahnada men ko‘zim bilan raqsga tushaman. Ha, men ham qo‘llarim bordek ular bilan raqsga tushaman”, deydi Vitoriya.

Foto: Reuters

Vitoriya balet olamida fenomen bo‘lishni xohlamaydi, u o‘z misolida nogironlik faqat boshqalarning ko‘z o‘ngida borligini ko‘rsatmoqchi.

Qiz qo‘lsiz barcha ishni qilishni o‘rgandi. U oyog‘i bilan pardoz qiladi, ovqat tayyorlaydi, oyoq barmoqlari yordamida ijtimoiy tarmoqda postlar qo‘yadi.

Foto: Reuters

Yaqinda Britaniya Qirollik raqs akademiyasining hakamlari uni medal bilan taqdirlashdi va Vitoriya yaqin kelajakda ushbu truppaning baletida raqsga tushishini va’da qilishdi.

09 Foto: ReUTeRS

“Menga o‘xshagan odamlar biz o‘ylaganimizdan ko‘ra ko‘proq”, - deydi qiz. - Boshqalar kabi biz ham orzularimizni amalga oshirishimiz mumkin. Agar yiqilsam, o‘rnimdan turaman, improvizatsiya qilaman va yashashda davom etaman!”

Foto: Reuters
Foto: Reuters

“U oyoqlari bilan qila oladigan shunday ishlar borki, men ularni qo‘llarim bilan ham qila olmayman”, deydi o‘gay otasi Xose Karlos Perreyra.

 “Har kuni qayta tug‘ilaman!”

U yaqinda o‘zining Instagram sahifasiga tug‘ilgan kuni munosabati bilan shunday post qo‘ydi:

“Nihoyat, 17 yil o‘tdi.

Men bilan juda ko‘p narsa sodir bo‘ldi.

Men tug‘ildim, katta bo‘ldim, yig‘ladim, tabassum qildim, yiqildim va o‘rnimdan turdim, chunki hayot shunday ... Va shu kungacha shunday bo‘ladi ... Men har kuni qayta tug‘ilaman, har kuni o‘saman, har kuni yig‘layman, har kuni tabassum qilaman, chunki har kuni yiqilib, eng muhimi, har kuni turaman!

Men ularning ko‘pchiligi faqat menga va mening oila a’zolarimga ma’lum bo‘lgan narsalarni boshdan kechirdim. Lekin ularning aksariyati biz faqat Xudo bilan baham ko‘radigan narsalardir.

Meni taniganlar uchun, men tug‘ilgan kunimdan qanchalik xursand ekanligimni bilasiz (do‘stlarim uchun bu hatto zerikarli bo‘ladi).

Lekin hech kim bilmaydigan narsa, men yana bir yangi imkoniyat, yangi yil va yangi marrani nishonlash imkoniga ega bo‘lishdan naqadar sharafni his qilaman.

Meni hech qachon tushkunlikka tushirmagan Xudo va oilam borligidan faxrlanaman.

Hayotimda har kuni menga qanchalik muhim va sevishimni ko‘rsatadigan odamlar va do‘stlar borligi uchun Xudoga shukur qilaman.

Bugungi kun uchun har qachongidan ham ko‘proq rahmat.

Foto: Reuters
Foto: Reuters

Charos Mannonova tayyorladi.

Mavzuga oid
Top