14:17 / 09.11.2022
5898

Arxitektura-qurilish sohasida 2 ta universitet tashkil etildi

Arxitektura-qurilish sohasida kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi prezident qarori qabul qilindi.

Toshkent arxitektura-qurilish instituti Toshkent arxitektura-qurilish universiteti sifatida qayta tashkil etilib, u muhandislik, arxitektura, qurilish hamda qurilish materiallari texnologiyalari yo‘nalishlariga ixtisoslashtiriladi.

Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti sifatida qayta tashkil etilib, madaniy meros obektlarini tiklash, dizayn, arxitektura, qurilish, urbanizatsiya va muhandislik yo‘nalishlariga ixtisoslashtiriladi. 

Universitetlarda o‘quv jarayonlari davlat, ingliz va boshqa xorijiy tillarda kredit-modul tizimi asosida olib boriladi va ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlashni amalga oshirishga yo‘naltirilgan Oliy ilm-fan maktabi tashkil etiladi.

2023 yil 1 yanvardan boshlab universitetlarga akademik, tashkiliy va moliyaviy mustaqillik beriladi. Universitetlar tuzilmasida Strategik rivojlantirish bo‘yicha birinchi prorektor lavozimi joriy etiladi.

2023 yil 1 martga qadar bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarini xalqaro ta’lim va kasb klassifikatorlariga muvofiq maqbullashtiriladi.

Toshkent arxitektura-qurilish universiteti huzurida Texnopark, Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti huzurida Inkubatsiya markazi tashkil etiladi.

Mavzuga oid
Top