20:51 / 11.11.2022
37874

“Qiynoq va o‘limlar bu – simptom. Asl muammo tizimda” – faollar IIBdagi o‘limlar haqida 

Kun.uz muxbiri O‘zbekistonda tergov va vaqtincha saqlash muassasalarida bo‘layotgan qiynoqlar, ularni keltirib chiqarayotgan sabablar tahliliga oid intervyu o‘tkazdi. Suhbatdoshlarimiz Inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov, Oliy Majlis qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev bo‘ldi.

Avvalroq Samarqandda 15 sutkaga qamalgan yigit jazoni o‘tash muassasasidan tirik chiqmagani haqida eshitgan bo‘lsak, bir necha kun o‘tib Farg‘ona viloyatidagi ichki ishlar muassasalaridan 2 fuqaroning o‘ligi chiqqanidan xabar topdik

Ammo hozircha bu voqealar yuzasidan na Ichki ishlar ishlar vaziri va na tizimning hududdagi rahbari tushuntirish yoki izoh bermadi. Go‘yo bu kabi holatlar, insonlar o‘limi xuddi odatiy, tez-tez qaytarilib turishi kerak bo‘lgan holdek. 

Tergovda, saqlash xonasida odam o‘ladi, yaqinlari marhum qiynoqqa solingani, uning tanasida jarohat izlari ochiq-oydin ko‘rinib turganini aytib dod soladi, OAV uni yoritadi, jamoatchilik xavotirlarini bildiradi, ammo bu dod-faryodlarga biror mas’ul javob bermaydi. Uzog‘i, marhumlar qandaydir kasallik bilan o‘lgani haqidagi ikki-uch qatorli ma’lumotlarnigina o‘qiymiz xolos.

Kun.uz:

— yaqin ikki hafta ichida O‘zbekistonda ichki ishlar idoralarining fuqarolarni vaqtincha saqlash muassasalaridan uchinchi o‘lik chiqmoqda. IIV marhumlarning o‘limiga ulardagi kasalliklar sabab bo‘layotganini aytdi, ammo marhumlar tanasidagi momataloq izlari, ularning yaqinlari berayotgan bayonotlar marhumlarning kasallikdan emas, og‘ir qiynoq va zarbalar ta’siridan o‘lganini ko‘rsatayotgandek.

Uchala holat bo‘yicha siz rahbarlik qilayotgan Inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati tomonidan qandaydir mustaqil tekshiruvlar o‘tkazish imkoni bo‘ldimi?

Abdurahmon Tashanov:

— Men masalaga sal kengroq to‘xtalgan bo‘lardim. Masalan, qiynoq o‘zi nima va u qanday yuzaga keladi? Bizda qachondan beri bor? U haqda xalqaro konvensiyalarda nima deyilgan-u, milliy qonunchiligimiz nima deydi?

O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik va Jinoyat kodeksida qiynoqqa solish bo‘yicha alohida moddalar bor. Bu protsessual harakatlar davomida mahkum, gumonlanuvchi yoki jazoni o‘tayotgan shaxslarni qiynoqqa solish bilan bog‘liq.

Umuman olganda butun dunyoda qiynoqqa solish tushunchasi bor. Kishilik jamiyati boshlangandan beri uning oldini olishga harakat qilib kelinadi.

O‘zbekiston 1995 yilda “Qiynoqlarga hamda muomala va jazolashning boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsitadigan turlariga qarshi” konvensiyaga qo‘shilgan. Biz shu ratifikatsiya asosida BMTning Qiynoqlarga qarshi kurash qo‘mitasida to‘rt yilda bir marta mavsumiy hisobotlar berib kelamiz.

Savolingizga javob beradigan bo‘lsam, bizga hali bu kabi masalalarda mustaqil tekshiruv o‘tkazish vakolatimiz ham, imkoniyatimiz ham kam va hatto bunga yo‘l ham berishmaydi.

Bu yerda gap shundaki, biz o‘ttiz yillik davrda qiynoqlarga ko‘nikib qoldik. Masalan, shu yillarda bir necha yuzlab odamlarning o‘ligi chiqqandi. Lekin ikkinchi ma’muriyat davrida bu holatlar ancha kamaydi. Buni e’tirof etishimiz kerak.

Abdurahmon Tashanov

Masalan, avvalgi hukumat qiynoqlar borligini tan olmasdi. Tan olinmagandan keyin esa u bilan kurashilmaydi. O‘lgan odamlar esa kasallikdan, yurak xurujidan o‘lgan bo‘lib chiqardi.

Shavkat Mirziyoyev esa bu qiynoqlar masalasini nihoyatda keskin gapirdi. O‘sha paytda bir necha prokurorlar, ichki ishlar xodimlari, qiynoqqa yo‘l qo‘ygan boshqa xodimlar ishdan olindi.

Qiynoq bu – simptom. Ya’ni ko‘rinib turgan holat isitma, tanaga chiqayotgan yara. Uni asl sababi esa tanada, ya’ni tizimda. Tizim esa o‘zini vaqti-vaqti bilan shunday fosh qilib qo‘yadi.

— Yakunlanayotgan haftada eshitgan uchta o‘lim holatimiz bo‘yicha haqiqiy surishtiruvlar o‘tkazilib, ish boricha ochilishiga ishonasizmi?

– Huquqni muhofaza qilish organlarining harakatlariga qaraganda bunga ishonmayman. Mana hozir OAV orqali chiqishlar qilyapmiz va bu chiqishlar eng yuqori turuvchi rahbariyatlarga yetib borsa hamda ular talabni qattiq qo‘ysa, bu masala boshqacharoq o‘rganiladi. O‘shanda ham, gap belgilarda emas, balki tizimda. Bu biz bilganlarimiz. Lekin bilmagan holatlarimiz qancha.

— Qo‘qondagi holat bo‘yicha aybni o‘sha yerda saqlanayotgan ikki bolaga ag‘darishmoqchi, degan gaplarni eshityapmiz. Shunday bo‘lishi mumkinmi?

Ilyos Safarov

— Ha, bu jahon tajribasida bor holat. Kinolarda ko‘rsangiz, kimlardir bo‘yniga oladi va qamalib ketadi. Kimlardir haqsizlik qurboni bo‘ladi. Eshitishim bo‘yicha, Qo‘qondagi reabilitatsiya markazi direktorining qaynog‘asi o‘sha kuni navbatchi bo‘lgan ekan. Hozir yuqori tashkilotlardagi xodimlar o‘sha yerda ekan, hammani ishdan bo‘shatishayotgan emish.

Umid qilamizki, bu masalaning tagiga hali yetiladi. Bu to‘g‘rida bir qancha filmlar ham qilindi. Ba’zi kadrlar odamni junbishga keltiradi. Hattoki ikki kunlab murdalarni egalariga berishmagan. Bu holatlarga qanday qilib jamoatchilik befarq bo‘lishi mumkin. O‘ylaymanki, bu masalalarning oxiriga yetiladi. Agar yetilmasa, uyatli holatda qolamiz.

— Nega O‘zbekistonda qiynoqlar to‘xtamayapti: nima, biznikilar gumonlanuvchini urib o‘ldirmay tergov qilolmaydimi, tizimga ishga kirgan kishi shaxs sifatida insoniylikni butunlay yo‘qotadimi, tergovchilar malakasizmi, yo tizim boshida uni eplolmaydigan, jilovni qo‘ldan chiqarib yuborganlar o‘tiribdimi?

Sabab nima?

Rasul Kusherbayev:

Rasul Kusherbayev

– Bir narsani tan olish kerak? Bizdagi huquqni muhofaza qilish sohasining modeli qayerdan olingan? Bu sovet ittifoqidan qolgan va bu qolipdan hali ham kechganimiz yo‘q. Sovet ittifoqi davrida davlat degan tushuncha bo‘lgan. Bu tizim ham shunga moslab yaratilgan ekan. Ayovsiz repressiyalarni qo‘llash, ziyolilarni yo‘qotish, quloq qilish. Ana shu davrdan shakllanib kelgan bu tizim. Biz mustaqillik davrida ham xuddi shu qolipni oldik va o‘zimizning tizimga qo‘ydik. Deyarli o‘zgarish bo‘lmagan. Tadqiqotlar bo‘lyapti, lekin u tadqiqot natijasida biror tizimning obro‘siga putur yetishi va qo‘lini kesib qo‘yishini shu tizimdagilarning o‘zi xohlashmaydi. Shu sababdan bu jarayonlar davom etib kelmoqda. Biz bayonotlarda qiynoqlarga qarshi kurashayotganimizni bot-bot takrorlayapmiz. Lekin qiynoqqa qarshi kim kurashadi, qaysi tashkilot bunga mas’ul etib belgilangan? Uning nazoratini kim olib boradi? Yana aylanib o‘sha tashkilotlarning o‘ziga boramiz. Qiynoqlarga qarshi kurashavergan bilan, buni nazorat qiladigan alohida vakolatli organ bo‘lmasa, bundan natija chiqishi qiyin.

Huquqni muhofaza qilish tizimining o‘zi bunga qarshi kurashishni haqiqatdan xohlaydimi, yo‘qmi, degan savoldan kelib chiqish kerak-da. Hozirgi bo‘layotgan voqealardan xohlamayapti degan tushuncha kelib chiqyapti. Adashmasam, 2019 yoki 2020 yilda Ombudsman hisobotlarida bir narsa e’tiborimni tortdi. Unda aytilishicha, 11 oy davomida 139 ta mahbusdan qiynoq holatlari bo‘yicha shikoyatlar kelib tushdi, ammo birortasi ham tasdiqlanmadi. Bu yerda 139 ta fuqaro tuhmat qilgan bo‘lib chiqyapti. Keyin men qiziqib, tuxmat bo‘yicha biror kishi javobgarlikka tortildimi deb so‘radim. Ular bu bilan qiziqishmaganini aytishdi. Keyin o‘zim ham qiziqib, bu savolning iziga tushdim.

Qiynoq qo‘llashni belgilovchi birinchi faktor bu – qiynoq qo‘llashni tasdiqlovchi tibbiy ekspertiza xulosasi ekan. Ammo ekspertizani o‘tkazadigan tashkilot aynan o‘sha organga bo‘ysunar ekan. Nima uchun SSVga yoki boshqaga bo‘ysundirilmagan. Bundan barcha savollarga o‘z-o‘zidan javob kelib chiqyapti. Qaysi idora o‘zining aybini ochib beradigan amaliyotga rozi bo‘ladi?

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi Nuriddin Nursaidov.

Top