07:51 / 11.11.2022
1957

Turkiy tashkilot Investitsiya jamg‘armasi to‘g‘risidagi bitimni tezlashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi

Samarqand shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti doirasida tashkilotga a’zo davlatlar iqtisodiyot va savdo vazirlari 11-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo”.

Foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi

Uchrashuvda investitsiyaviy hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Yirik qo‘shma loyiha va tashabbuslarni amalga oshirish uchun mustahkam asos bo‘ladigan Turkiy davlatlar tashkiloti Investitsiya jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risidagi bitimni imzolashni tezlashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Uchrashuv ishtirokchilari ko‘p tomonlama savdo aloqalarini rivojlantirish bo‘yicha keyingi qadamlarni, ya’ni tashkilot doirasida o‘zaro savdoni oshirish bo‘yicha umumiy kompleks yondashuvlarni amalga oshirishni ko‘rib chiqdi. Bo‘lajak birinchi sammit doirasida imzolanishi rejalashtirilgan “Savdoga ko‘maklashish strategiyasi”ni amalga oshirish bo‘yicha eng faol chora-tadbirlarni ko‘rishga tayyorlik bildirildi.

Muloqot chog‘ida ko‘p tomonlama savdo-iqtisodiy munosabatlar barqarorligini ta’minlash chora-tadbirlari ham muhokama qilindi. Ishtirokchilar ushbu yo‘nalish ustuvorligini hisobga olgan holda transport yo‘laklari, bojxona va chegara o‘tkazish punktlari va logistika markazlari uzluksiz ishlashini ta’minlash bo‘yicha a’zo davlatlar va tashkilot kuzatuvchilari yagona yondashuvi bo‘yicha kelishuvlarga erishdi. 

Alohida tartibda iqtisodiyotga innovatsiyalar va raqamli texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha qo‘shma rejalar ko‘rib chiqildi. Iqtisodiyot turli tarmoqlari, ijtimoiy soha va hududlarni rivojlantirishda raqamlashtirish va elektron hukumat tizimini joriy etish darajasini o‘rganish va baholash bo‘yicha kelishuvga erishildi, bu boradagi sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish asosiy mezonlari va bosqichlar belgilab olindi.

Top