20:49 / 12.11.2022
9392

Twitter soxta akkauntlar ko‘paygani tufayli pulli verifikatsiyani to‘xtatdi

Twitter platformasi o‘zini global brendlar yoki taniqli shaxslar sifatida taqdim etuvchi soxta akkauntlar paydo bo‘lgani sababli, verifikatsiyani anglatuvchi va oyiga 8 dollar narxga ega «ko‘k belgi» uchun ariza olishni to‘xtatdi. 

Foto: Dado Ruvić/Reuters

Dastlab, «ko‘k belgi» faqat Twitter tomonidan shaxsi tasdiqlagan foydalanuvchilar uchun mavjud edi. Ammo bir necha kun oldin platforma Twitter Blue xizmatini joriy qildi. Shundan so‘ng, istalgan foydalanuvchi  $7,99 evaziga «ko‘k belgi»ni olishi mumkin bo‘ldi. 

The Washington Post (WP) ma’lumotlariga ko‘ra, innovatsiyadan so‘ng foydalanuvchilar siyosatchilar (masalan, AQSh prezidenti Jo Bayden), mashhurlar, global brendlarning soxta akkauntlarini yaratib, yolg‘on xabarlarni tarqata boshladilar. 

Masalan, AQSh sobiq prezidenti Jorj Bush nomiga ochilgan soxta akkauntda «Iroqliklarning o‘ldirilishini sog‘indim» degan tvit paydo bo‘ldi. Eli Lilly farmatsevtika kompaniyasining soxta akkauntida bepul insulin tarqatilishi haqida e’lon chiqdi. Qo‘shma Shtatlarda bu dorining narxi yuqoriligi tufayli, unga muhtoj bo‘lganlarning hammasi ham kerakli miqdorni sotib ololmaydi. Kompaniya zudlik bilan ijtimoiy tarmoq rahbariyati bilan bog‘lanib, muammoni hal qilishga urinmoqda. 

WP nashrining yozishicha, senator Edvard Marki Twitter egasi Ilon Maskka xat yo‘llab, pulli verifikatsiya haqida savollar bergan. 

«Ko‘rinishidan, Twitter platformasidagi verifikatsiyaning sustligi va kompaniya pulga muhtojligi sababli, 8 dollar to‘lagan har kimsa istalgan odamiga taqlid qilishi mumkin ekan. Haqiqatni sotish xavfli va bunga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi», deyiladi xatda. 

Dunyoning eng boy odami Ilon Mask oktabr oyi oxirida Twitter platformasini 44 milliard dollarga sotib oldi. Shundan so‘ng, verifikatsiya tizimiga o‘zgartirish kiritib, Twitter Blue pulli xizmatini joriy qildi. 

Soxta akkauntlar ko‘payib ketgach, Mask foydalanuvchilar o‘z profilining hazilomuz tabiati haqida oldindan ogohlantirishi kerakligini aytdi. «Odamlarni aldash yaxshi emas», — deb yozdi milliarder o‘z sahifasida. 

Mavzuga oid
Top