09:05 / 16.11.2022
3672

Sirdaryoda «Koreya–O‘zbekiston» biznes assotsiatsiyasi vakolatxonasi ochildi

Sirdaryo viloyatida «Koreya-O‘zbekiston» biznes assotsiatsiyasi vakolatxonasi ochildi, deb xabar bermoqda «Dunyo».

Foto: Dunyo

«Tadbirkorlar va hunarmandlar markazi»da «Koreya-O‘zbekiston» biznes assotsiatsiyasi Sirdaryo viloyatidagi vakolatxonasi ochildi. Uning ochilish marosimida vakolatxona o‘zaro iqtisodiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga, loyihalarni amalga oshirish, koreyalik va sirdaryolik tadbirkorlarga muloqot maydoni yaratish ishlariga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Shu yerning o‘zida Guliston va Pyontek shaharlari hokimlari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat markazi infratuzilmasini yanada yaxshilash, maktabgacha ta’lim sohasida boshlangan hamkorlik aloqalari istiqbollari haqida fikr almashildi. 

Shundan so‘ng delegatsiyani viloyat rahbari G‘ofur Mirzayev qabul qildi. Muloqot chog‘ida mamlakatlar o‘rtasidagi strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik izchil rivojlanib borayotgani qayd etildi. Sirdaryo viloyati va Janubiy Koreya hududlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy, moliyaviy-investitsiyaviy, innovatsiya va gumanitar, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalaridagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada chuqurlashtirish istiqbollari muhokama qilindi. Pyontek shahri hokimi Chan Chjon Son keng ko‘lamli, ko‘p formatli sheriklikni yanada kengaytirish va mustahkamlashdan manfaatdor ekanini alohida ta’kidladi.

Yakunda tomonlar o‘rtasida muhokama qilingan masalalar yuzasidan anglashuv memorandumi imzolandi.

Top