09:53 / 17.11.2022
5288

O‘zbekiston elektron hukumat reytingi bo‘yicha dunyoda 9-o‘rinni egallab turibdi

Investorlar orasida mashhur bo‘lgan bne IntelliNews onlayn nashrida «O‘zbekiston 2022 yilda Samarqandda bo‘lib o‘tgan AKT haftaligida IT sohasidagi muvaffaqiyatlarni namoyish etdi» sarlavhali maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda «Dunyo».

Unda ta’kidlanganidek, O‘zbekistonda ICTWeek-2022 axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi iqtisodiy islohotlar dasturi samaralarini keng namoyish etish imkonini berdi.

«Jahon banki O‘zbekiston misli ko‘rilmagan iqtisodiy va ijtimoiy o‘zgarishlarni boshidan kechirayotganini ta’kidladi», deb yozadi Britaniya nashri. ICTWeek-2022 ko‘rgazmasida ma’ruzachilar ham bunga dalillarni e’tirof etdi: O‘zbekiston ayni paytda elektron hukumat reytingi bo‘yicha dunyoda 9-o‘rinni egallab turibdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 18 pog‘ona yuqori. Mamlakat bundan ham yuqoriga ko‘tarilishi kutilmoqda».

Britaniya onlayn nashrida yozilganidek, O‘zbekiston yangi AKT infratuzilmasi asosiy bo‘g‘ini uning IT parki hisoblanadi. Ta’kidlanishicha, Toshkent texnoparki o‘z IT biznesini O‘zbekistonga ko‘chirmoqchi bo‘lganlarni qo‘llab-quvvatlash asosiy elementi hisoblanadi.

«Vazir Sherzod Shermatov park ishtirokchi bo‘lgan rezidentlar 2028 yil 1 yanvarga qadar «soliqlardan to‘liq ozod etilgani»ni aytdi. Ushbu soha xodimlariga beriladigan IT vizasi esa O‘zbekiston fuqarolari bilan deyarli bir xil huquqlarni taqdim etadi va ularga ko‘chmas mulk sotib olish imkonini beradi», deb yozadi bne IntelliNews.

Mavzuga oid
Top