10:09 / 18.11.2022
5712

Samarqandda 40 ming dollar evaziga fuqaroni AQShga jo‘natmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi

U fuqarodan dastlabki xarajatlar uchun deb 10 ming dollar va xorijga chiqish pasportini olayotganida qo‘lga olingan.

Foto: Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti

Samarqand viloyati IIB axborot xizmatining xabar berishicha, DXX hamda IIB viloyat boshqarmalari xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Tadbirda Payariq tumanida yashovchi, 1992 yilda tug‘ilgan I.N. fuqarolardan birini soxta hujjatlar asosida Turkiya va Yaponiya orqali AQShga yuborish evaziga 40 ming AQSh dollari talab qilib, dastlabki hujjatlarni tayyorlash uchun kelishilgan puldan 10 ming dollar va uning xorijga chiqish pasportini talab qilib olayotgan vaqtda qo‘lga olingan.

Dastlabki surishtiruvda fuqaro I.N. ushbu jinoyatni 1994 yilda tug‘ilgan tanishi, Toyloq tumanida yashovchi U.A. bilan til biriktirgan holda amalga oshirayotganini ma’lum qilgan.

Qayd etilishicha, ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Top