11:05 / 19.11.2022
10823

Mask Twitter'da Trampning «qaytishi» uchun ovoz berish jarayonini e’lon qildi

Foydalanuvchilar tadbirkorning mikroblogida «ha» yoki «yo‘q»ni tanlashi mumkin. Avvalroq Ilon Mask Donald Trampning akkauntini bloklash qarorini xato deb atagan edi.

Foto: Getty Images

Twitter'ning yangi egasi Ilon Mask 18 noyabr, juma kuni kechqurun AQSh sobiq prezidenti Donald Trampning akkauntini blokdan chiqarish masalasi bo‘yicha ovoz berish jarayonini e’lon qildi. Foydalanuvchilar amerikalik tadbirkorning mikroblogida «ha» yoki «yo‘q» variantini tanlashi mumkin.

Mask so‘rovnomaga lotincha «Vox populi, vox Dei» maqolini qo‘shib qo‘ygan. Ovoz berish 24 soat davom etadi. Dastlabki ikki soat ichida to‘rt millionga yaqin foydalanuvchi Tramp akkaunti blokdan chiqarilishi haqida o‘z fikrlarini bildirdi.

Kunning boshida tadbirkor uchta Twitter akkaunti blokdan chiqarilganini ma’lum qildi. Komediyachi va aktrisa Keti Griffin, psixolog Jordan Peterson va Babylon Bee konservativ satirik portalining mikrobloglari ijtimoiy tarmoqda yana mavjud.

2021 yil yanvarida Kapitoliyga bostirib kirishdan keyin Twitter Donald Trampning akkauntini butunlay bloklab qo‘yganini e’lon qildi. Kompaniya bu qarorini «zo‘ravonlik qo‘zg‘atish xavfi» mavjudligi bilan izohladi. Boshqa ijtimoiy tarmoqlar ham xuddi shunday qarorlar qabul qilgan. Keyinchalik Twitter AQSh sobiq prezidentining akkaunti bloklanishini chetlab o‘tish uchun yaratilgan sahifalarni ham blokladi.

Twitter sobiq moliyaviy direktori Ned Segal o‘shanda Tramp yana prezidentlikka nomzodini qo‘ygan taqdirda ham ijtimoiy tarmoqqa kira olmasligini aytgan edi. «Bizning siyosatimiz shunday ishlaydi: agar siz platformadan o‘chirilgan bo‘lsangiz, unda siz platformadan o‘chirilasiz», deb tushuntirdi Segal.

Ilon Mask Twitter'ni sotib olish bo‘yicha kelishuv chog‘ida Financial Times nashriga bergan intervyusida Trampning akkauntini bloklashni xato deb bilishini, chunki bu qaror AQSh sobiq prezidentining «o‘z ovozini yo‘qotishiga» olib kelmaganini aytdi. Uning fikricha, doimiy taqiqlar faqat botlarga, firibgarlarga yoki spam yuboruvchi foydalanuvchilarga qarshi qo‘llanilishi kerak.

15 noyabr, seshanba kuni Donald Tramp 2024 yilgi AQSh prezidentligi saylovlarida ishtirok etishini ma’lum qildi. Ijtimoiy so‘rov natijalariga ko‘ra, u respublikachi boshqa nomzodlar bilan solishtirganda yaqqol yetakchilik qilmoqda. Konservatorlar orasida sobiq prezident o‘zining partiyadosh raqiblaridan ko‘ra mashhurroq va ko‘plab fanatik tarafdorlarga ega.

Mavzuga oid
Top