12:27 / 24.11.2022
60733

“Ziyoli qatlam ustidagi tajribalarda ehtiyotkorlik lozim”. Mutaxassislar – doktorantura qabulidagi beqarorlik haqida

“Birinchi xato natijasizlikka olib keldi. Buni oqlash uchun yana bir xatolikka yo‘l qo‘yildi – bo‘sh o‘rinlarni to‘ldirish uchun yana qabul e’lon qilindi. Bu safar sertifikat talabi bekor bo‘ldi. Ikkinchi xatolik endi beburdlikka olib keldi. Zotan, “prinsip”ga darz ketdi”.

16 noyabr kuni Kun.uz'da e’lon qilingan “Doktoranturadagi alg‘ov-dalg‘ov: imtihon natijalari bekor qilinishi ortida moddiy manfaat yotibdi(mi?)” nomli maqoladan so‘ng bir guruh ziyolilar, jamoat faollari hamda mutasaddilar bu masala bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirishdi.

“Mantiq qachon ishlaydi?”

Baxtiyor Mengliyev / Foto: Kun.uz

Baxtiyor Mengliyev, professor:

— Ta’lim – mamlakatimizni rivojlantirish siyosatining ustuvor masalasi. Tizimdagi uzviylik va uzluksizlik uning sifatini ta’minlashning asosiy tamoyili. Bu tamoyil ta’limni tashkil etishdan tortib uning mazmunigacha qizil ip bo‘lib o‘tadi. Ammo uzviylık va uzluksizlik quyidan yuqoriga pog‘onali ravishda amalga oshirilishi kutilgan natijani beradi.

Buning tom aksini esa magistratura va doktoranturaga kirish talablarida ko‘rib turibmiz. “Zanjir” mantig‘ining buzilishi qanday natijalarga olib kelganiga guvohmiz. Magistraturaga kirish uchun dabdurustdan xorijiy tilni bilish sertifikati talab qilindi. Natija nima bo‘ldi? Ajratilgan o‘rinlar to‘lmay qoldi.

Birinchi xato natijasizlikka olib keldi. Buni oqlash uchun yana bir xatolikka yo‘l qo‘yildi – bo‘sh o‘rinlarni to‘ldirish uchun yana qabul e’lon qilindi. Bu safar sertifikat talabi bekor bo‘ldi. Ikkinchi xatolik endi beburdlikka olib keldi. Zotan, “prinsip”ga darz ketdi.

Doktoranturaga qabulda ham shunday yo‘l tutildi. Yo‘l qo‘yilgan xatodan xulosa chiqarilmadi. Ayrim OTMlarda doktoranturaga qabul imtihonlari boshlanib ham ketdi. Ammo Innovatsion rivojlanish vazirligi bemahal buyruq chiqarib qoldi: “Xorijiy tilni bilish sertifikati bo‘lmasa, talabgor qabul qilinmaydi”.

Bu bir nechta savol tug‘dirdi:

1. Vazirlik qachon tashkil topdi, 2022 yil 15 noyabrdami?
2. Kechikib buyruq berishning sababi nima?
3. OTMlarda qabul qilingan imtihonlar qaysi asosda bekor qilinadi?
4. DSs doktoranturasi uchun ham sertifikat talab qilinadimi? Axir, bu talabgorlar imtihon topshirmaydi-ku?

Xullas, bu savollarga tegishli javobni kutgan holda jarayondagi mantiqsizliklarga to‘xtalamiz:

  • birinchidan, sertifikat talabiga qarshi emasmiz, hatto qo‘llab-quvvatlaymiz;
  • ikkinchidan, doktoranturaga kirish uchun sertifikat talab qilish, mantiqan, magistraturani bitirish uchun sertifikat talab qilishdan keyin qo‘yilishi kerak;
  • uchinchidan, magistraturaga kirish uchun sertifikat talab qilish bakalavriatni bitirish uchun sertifikat talab qilishdan keyin qo‘yilishi kerak;
  • bakalavriat uchun sertifikat talab qilish maktab bitiruvchisi uchun sertifikat talab qilishdan boshlanishi kerak.

Ko‘rinadiki, mana shu tizimga amal qilish ham ta’limdagi mantiqiy uzluksizlik va uzviylikning bir ko‘rinishidir. Mantiq ishlamagan joyda hafsala qariydi, tizimdan nolish, odamlarga kutilmagan jabr paydo bo‘ladi.

“Mantiq left the group”

Baxtiyor Abdug‘afur / Foto: Kun.uz

Baxtiyor Abdug‘afur, O‘zbekiston FA Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti Mikroorganizmlar biotexnologiyasi laboratoriyasi mudiri, biologiya fanlari doktori:

— Bu safar ham originallikka harakat qilishganmi, degan o‘y ko‘nglimdan o‘tdi. Bu narsa, tajribamdan kelib chiqib aytsam, xorijda yo‘q.

Mohiyatan, DSc xorijda Postdoctoral bosqich hisoblanadi va PhD ilmiy darajasi borlar qabul qilinadi.

Xorijda Postdoctoral bosqichini davom ettirish – postdok qilish uchun hech qanday til sertifikati so‘ralmaydi. O‘zim ikki marta postdok bo‘lganman. 2015-2016, 2017-2018 yillarda. Xorijlik bo‘lganim uchun talab qilishsa haqli bo‘lishardi. Lekin birortasida til sertifikati talab qilingan emas. Bu amaliyot butun dunyoda amalda. Hatto, ingliz tili ustuvor bo‘lgan AQSh yoki Britaniyada, keng qo‘llanadigan Yevropada... va hatto Xitoyda ham.

Xo‘sh, bizda qaysi sabablar bilan xorijiy til sertifikati talab etilyapti?

Faraz qiling, fan nomzodi – domla ingliz yoki nemis tilidan DTMga imtihon topshirgani boryapti. Balki u talabgor bir necha yil xorijda faoliyat yuritgan yoki universitetlarda ma’ruzalar o‘qigandir, zo‘r-zo‘r maqolalar e’lon qilgan, monografiyalar, kitoblar yozgan (shundaylarni bilaman). Endi, o‘sha olimlarga talab qo‘yilyapti-da: “Boring, domla, imtihon topshirib keling!”

Xo‘sh, bu talab izzat-nafsi bor, g‘ururi o‘lmagan olimga qanday ta’sir qiladi?

Agar menga shunday deganlarida bunday “postdoktorantura”dan voz kechardim. Nega?

Doktoranturada o‘qiyotgan vaqtimizda yana o‘zimizga xos talablar paydo bo‘ldi. Doktorlik dissertatsiyasi himoyasidan oldin chet tili, O‘zbekistonda demokratik jamiyat qurish nazariyasi... yana allaqanday fanlardan imtihonlar topshirish talab etildi.

Faraz qiling-a, katta-katta domlalar hali u institutga, hali bu institutga borib imtihon topshirganmiz. Agar o‘sha vaqtda chet eldan biror kishi bilib qolsa kulardi, sharmandamiz chiqardi. Lekin ilojimiz qancha, doktorlik dissertatsiyalar yozilgan, himoya qilishimiz kerak.

Mikrobiolog yoki neyroxirurg, aytaylik, demokratik jarayonlar, yana allaqanday siyosiy jarayonlarni o‘qishimiz kerak edi. O‘qiganmiz ham. Faqat, vaqtimiz va naqdimiz ketgan.

O‘shanda bir xarakterli suhbat bo‘lgandi. Yoshi kattaroq aka biz bilan imtihon topshirardi. Undan keyin mening navbatim. O‘shandagi tortishuv e’tiborimni tortgandi:

— Bu yog‘i endi 3 baho, xafa bo‘lmaysiz!

— Nega uch?!

— Bu narsalarni bilishingiz kerak. Mana, aytyapsiz, Germaniyada ishlayman, deb. Germaniyada so‘rab qolishsa, “O‘zbekistonda davlat boshqaruvi qanday?” deb. Siz nima deb javob berasiz?

— Domla, Germaniyada bunaqa narsalarni so‘ramaydi. Men neyroxirurgman! Neyroxirurgiyadan doktorlik qilyapman. Mendan nemislar demokratik jarayonlardan emas, neyroxirurgiyadan ma’ruza o‘qishimni so‘raydi, chunki men neyroxirurgiya bo‘yicha mutaxassisman!

Shu bilan bahs uzilgandi. Aniqrog‘i, bahsga nuqta qo‘yilgandi. To‘g‘ri-da, neyroxirurgdan neyroxirurgiyani, matematikdan matematikani talab qilish kerak.

Eng achinarlisi, yana qandaydir qaror chiqdi, talablar o‘zgardi, imtihonlarni topshirib bo‘lganimizda bular bekor bo‘ldi. Olgan sertifikatlarimiz kerak bo‘lmay qoldi.

Xullas, bu safargi o‘zgarish va talabni umuman yoqlamayman. Bu ham kelib, men o‘tgan bosqichdagi o‘zgarishlar kabi bekor bo‘ladi. Bu ishlarda mantiq ko‘rmayman.

Qat’iy fikrim shuki, jamiyatning ziyoli elitasi ustidagi tajribalarda ehtiyotkorlik lozim. Masalaga mantiqan yondashish kerak. Yangilik qilaman deb, boshqalarni ovora qilmaslik kerak, hurmatli mutasaddilar. Xorij tajribasini olaylik, sayqallanib bu kungi holatiga keldi.

Ilm-fan rivojiga qanday qilib xalaqit bermasak bo‘ladi, degan masalani bir necha o‘n yillar avval yechib qo‘yishgan. Dunyodan ayri yashay olmaymiz. Dunyo fani va o‘zbek fani degan narsa yo‘q. Hammasi bir qozonda qaynaydi.

Mendan hech kim ingliz tilini talab qilmagan. Lekin Scopus bazasidagi 11 maqolamning hammasi inglizchada. Chunki olim bo‘lish va inglizcha bilish aslida parallel kechadigan tabiiy holat.

“Biz ta’limni shu ahvolga keltirdik”

Shaxsini ochiqlashni istamagan ijtimoiy tarmoq faoli shunday deydi:

— Ta’lim haqida juda ko‘p gapiriladi. Ta’limda korrupsiya yuqori, ta’lim judayam yomon ahvolda deb. Lekin bilasizmi, hammasiga o‘zimiz sababchimiz, jim turamiz, agar yozish kerak bo‘lsa blogerlarga yozdiramiz. Siz yozing, sizni eshitishadi deb, lekin biz yozsak hamma toshlar bizga kelib otiladi, hamma narsa bizning boshimizga kelib sinadi.

Necha kundirki, Innovatsiya vazirligi ilm ahlining ustidan ochiqchasiga kulib kelmoqda. Tasavvur qiling, 1 oyda 3 ta qaror (hali yana o‘zgarish bo‘lishiga shubha yo‘q). Bitta qonun bilan hammasini tartiblab qo‘yish qiyinmidi? Bilasizmi, hozir shu yerda to‘xtab, o‘ylab ko‘ring, nimani to‘g‘ri qildingiz, boshida chiqargan qaroringiz bilan, ilm ahlining oldida hurmatga erishmoqchi bo‘ldingiz, lekin o‘xshamadi. Undan keyin yana 2 ta qaror chiqdi, baribir muammo qoldi, yechilmadi.

Keling undan ko‘ra ochiqchasiga “biz korrupsiyaga imkon berdik” deb qo‘ya qoling.

Ta’lim tizimining eng yuqorisi bu. Bu yerda ahmoq odamlar yo‘q, bu insonlar – ilm egalari. Bugun ilm ahllarini shunday saralab olsangiz, ta’limda yana qanaqa o‘zgarish bo‘lishini kutasiz? Hech qanaqa javob yo‘q. Bugun oliygohda 10 ta professor bo‘lsa, kamida 7 tasi, faqat kursida o‘tirishni biladi, yozgan ilmiy ishi bilan maqolasini o‘zi o‘qigisi kelmaydi “uyaladi”, chunki ular shu tizimda bu “unvonga” ega bo‘lishgan.

Rasmiy munosabatlar

Kun.uz'dagi maqolaga Davlat test markazining munosabatida, talabgorlar uchun 15 ta xorijiy tildan imtihonlar tashkil etilishi, biror hujjatda magistratura va doktoranturaga kirish uchun aynan DTMning chet tili sertifikatini olish kerak degan talab belgilanmagani ta’kidlangan. Ya’ni talabgorlar chet tilidan boshqa sertifikatlarga ega bo‘lishi ham mumkin.

Innovatsion rivojlanish vazirligi ham mazkur maqolaga rasmiy munosabat bildirdi. Bayonotda chet tilidan o‘tkazilgan imtihon natijalari vazirlik tomonidan bekor qilinmagani aytilgan. Ammo OTMlar imtihon natijalarining bekor qilinishiga vazirlikning 2022 yil 15 noyabrdagi 01-10/6536-sonli xatini asos qilib keltirgan.

Doktoranturaga talabgorlarni jamlagan “Oliy ta’limdan keyingi ta’lim” Telegram guruhi mutasaddi tashkilotlarning munosabatiga izoh berdi:

“Bu bayonotlaring barchasi, Kun.uz bergan “tarsakidan” keyin chiqarildi. Davlat test markazi va Innovatsiya vazirligi tomonidan chet tili bo‘yicha imtihon kunlari va sanalariga oid ma’lumotlar ham bu postdan keyin chiqarilgan. Undan oldin vazirlik tomonidan hech qanday reaksiya berilmagan edi”.

Top