07:35 / 29.11.2022
9127

Saudiya Arabistoni “Termiz – Mozori Sharif – Kobul – Peshovar” temiryo‘li qurilishini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi

O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Ergashev Ar-Riyod shahrida Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vazirligi Siyosiy masalalarni rejalashtirish bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari - Afg‘oniston bo‘yicha maxsus guruhi rahbari Abdulla bin Holid bin Saud al Kabir bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Saudiya Arabistonining afg‘on inqirozini tinch yo‘l bilan hal etish, mamlakatga tezkorlik bilan insonparvarlik va boshqa yordamlar ko‘rsatish borasidagi sa’y-harakatlari muhokama qilindi.

Tomonlar Afg‘onistonning ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmasini tiklash, mamlakatni mintaqaviy integratsiya jarayonlariga yanada kengroq jalb etish muhimligini alohida ta’kidladilar.

Saudiya tomoni O‘zbekistonning Afg‘onistonda Termiz – Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar temiryo‘l liniyasi qurilishi loyihasini amalga oshirish bo‘yicha sa’y-harakatlari o‘z vaqtida amalga oshirilayotganini ta’kidlab, ushbu loyihani har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Afg‘oniston yangi hukumatiga nisbatan jahon hamjamiyati yaxlit pozitsiyasini ishlab chiqmay hamda xalqaro gumanitar yordamni ko‘paytirmasdan turib, mamlakatdagi o‘tkir ijtimoiy-iqtisodiy inqirozni bartaraf etib bo‘lmaydi, degan fikr bildirildi. 

Tomonlar Afg‘oniston masalasi bo‘yicha O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni maxsus vakillari darajasida maslahatlashuvlarni davom ettirishdan o‘zaro manfaatdorlik bildirdi.

Top