19:53 / 30.11.2022
16947

Bosh prokuratura hindistonlik investorning Ortiqxo‘jayev haqidagi iddaolari tekshirilayotganini ma’lum qildi

Avvalroq hind investori Murari Lal Jalan Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevni shantajda ayblagandi.

Foto: MJ Developers

Murari Lal Jalan investor Kun.uz'ga bergan intervyusida poytaxtning Yangihayot tumani hududida barpo etilayotgan Minerva City'ga ajratilgan yer prokuror arizasi va sud qarori bilan tortib olingani, yerning olib qo‘yilishi Jahongir Ortiqxo‘jayevning talabini bajarmagani bilan bog‘liqligini aytgandi.

“2021 yil mart oyida Toshkent shahar hokimi meni chaqirib, qo‘pol muomala qildi. Menga 2 ta yo‘l qoldirishdi: yo loyihalarimdan birini, masalan, “Lake City”ni amalga oshirishdan rasman voz kechishim, yo 100 million dollarni bankka joylashim kerak edi (depozit sifatida – tahr.). Men hokimga kelishuvdan tashqari hech kim yangi talablar qo‘ymasligini, tadbirkor sifatida 7 yil ichida sarflanishi kerak bo‘lgan pulni kimningdir hojati uchun oldindan joylashtirish qiyinligini tushuntirdim.

Ammo hokim agar o‘z xohishim bilan shu ishdan birini qilmasam, “Minerva city” va qolgan barcha loyihalarim ham olib qo‘yilishini, O‘zbekistonda kun kechirishim qiyin bo‘lishini aytdi. Boshida shartnomani imzolayotganimizda, barcha kelishuvga amal qilinishi va majburiyatlar bajarilishini va’da qilgandi, endi esa hokim bu mamlakatda shartnomalar hech qanday rol o‘ynamasligini ta’kidlamoqda”, degandi investor o‘z intervyusida.

O‘zbekiston bosh prokuraturasi Minerva World of Knowledge kompaniyasi rahbari hindistonlik tadbirkorning bayonotini tekshirishni boshlagan. Bu haqda Bosh prokurorning matbuot kotibi Hayot Shamsuddinov ma’lum qildi.

“Kecha, 29 noyabr kuni kechqurun Toshkent shahar xokimi nomidan xat kelib tushdi, shu bo‘yicha o‘rganish ishlari amalga oshirilmokda. Natijasi haqida xabar beriladi”, deydi Hayot Shamsuddinov Kun.uz so‘roviga javoban.

Avvalroq Toshkent shahar hokimligi Murari Lal Jalanning so‘zlariga munosabat bildirib, investorning iddaolarini davlat xizmatchisini obro‘sizlantirish deb hisoblashi va Bosh prokuraturaga murojaat qilinishini ma’lum qilgandi.

Top