14:43 / 01.12.2022
16868

DXX noqonuniy mayning ferma faoliyatiga chek qo‘ydi

Buxoro viloyatidagi ferma davlatga 2,5 mlrd so‘m miqdorida zarar yetkazgan.

Davlat xavfsizlik xizmati Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat ichki ishlar boshqarmasi hamkorligida Romitan tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda noqonuniy mayning ferma faoliyatiga chek qo‘yildi.

DXX xabariga ko‘ra, kompyuter va boshqa texnik qurilmalarga xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan MChJ rahbari Romitan tumani cho‘l hududida joylashgan boshqa bir xususiy korxona binosini hamda fermer xo‘jaligiga qarashli dala shiyponini ijaraga olgan. So‘ng ushbu binolarga mayning qurilmalari o‘rnatib, qonunga xilof ravishda yuqori kuchlanishli elektr tarmog‘iga ulangan.

Tekshiruv davomida jami 9 turdagi 456 dona mayning qurilmalari va boshqa butlovchi elektr jihozlari ashyoviy dalil sifatida olingan. 

«O‘zenergoinspeksiya» Buxoro viloyat hududiy bo‘limi va Romitan tuman elektr tarmoqlari korxonasi xulosasiga ko‘ra, elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish natijasida mayning ferma tomonidan davlatga 2,5 mlrd so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.

Hozirda holat yuzasidan Jinoyat kodeksi tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Top