10:20 / 04.12.2022
43338

Putinning yangi g‘oyasi, Cobalt-2 va Nukus voqealari bo‘yicha sud - hafta dayjesti

Putin Mirziyoyev va To‘qayevga gaz ittifoqi tuzishni taklif qildi. O‘zbek-qirg‘iz chegara masalasi hal bo‘ldi. UzAuto yaqin bir yil ichida Cadillac, Captiva, Cobalt-2 sotuvini boshlab, Gentra'ni to‘xtatmoqchi. Ochilganiga atigi 1 kun bo‘lgan firma Toshkentdagi tenderda g‘olib chiqdi. O‘tgan haftaning shu va boshqa voqealari – Kun.uz dayjestida.

Rossiyalik mehmonlar va gaz ittifoqi g‘oyasi

Butun hafta davomida O‘zbekistonga sobiq metropoliya tarafidan bo‘layotgan bosimlar asosiy mavzulardan biri bo‘lib turdi. Hafta boshida Rossiya parlamenti, hafta oxirida Rossiya hukumati delegatsiyasi O‘zbekistonda mehmon bo‘lib, Kreml manfaatlarini targ‘ib qildi.

Duma raisi Vyacheslav Volodin Toshkentda prezident Shavkat Mirziyoyev, Senat raisi Tanzila Norboyeva, Qonunchilik palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilov bilan uchrashdi. Tashrifning formal maqsadiga ko‘ra, ikki davlat parlamentlarining quyi palatalari o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha komissiya tuzildi.

Toshkentda uchrashuvlar bo‘lib o‘tayotgan kuni Duma rasmiy sayti Volodinning bayonotini e’lon qildi. Unda rossiyalik amaldor zo‘r berib O‘zbekistonni AQSh bilan hamkorlik qilishning oqibatlaridan ogohlantirgan. Uning aytishicha, Yevropa aynan AQSh bilan hamkorligi sababli hozirgi energiya inqiroziga kirib qolgan. O‘zbekiston esa go‘yoki bundan saboq chiqarishi kerak. “Amerikaliklar qo‘y terisini yopinib kelishadi, lekin bo‘rining irjayishi ko‘rinib turadi”, dedi Vyachevlav Volodin.

Uning bu ogohlantirishlari yangragan kunning ertasiga O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligida AQSh elchisi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda rasmiy Toshkent Vashington bilan faol siyosiy muloqotni davom ettirishi rasman ta’kidlandi. Shu kuni vazirlikka Ukraina elchisi ham taklif etilib, O‘zbekiston va Ukraina o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish haqida gaplashildi.

Foto: Rossiya hukumatining matbuot xizmati

Yana bir siyosiy muloqot O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov va Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin o‘rtasida bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston–Rossiya biznes forumi uchun Samarqandga kelgan Mishustin, Jizzaxda atom elektr stansiyasini qurishni tezlashtirishga chaqirdi. “Biz atom energetikasi bo‘yicha hamkorlik aloqalarini mustahkamlashni muhim deb bilamiz. Rossiya bilan AESni birgalikda qurish yirik loyiha bo‘ladi. Erishilgan barcha kelishuvlarni amalga oshirishni tezlashtirish kerak”, – dedi u.

O‘zbekistonning bo‘yniga bo‘yinturuq bo‘lishi, bosim o‘tkazishning yangi richagiga aylanishi aytiladigan stansiya qurilishi 2020 yilda boshlanishi reja qilingan edi. Lekin hozirgacha asosiy shartnoma imzolangani yo‘q. To‘rt yil oldin Rossiya tomoni loyihani 11 mlrd dollar atrofida baholayotgan edi.

Muzokaralar cho‘zilib ketgani O‘zbekistonning AES g‘oyasidan voz kechganini anglatmaydi. O‘tgan oyda energetika vazirining birinchi o‘rinbosari Azim Ahmadxo‘jayev munozarali masalalarga to‘xtalmoqchi emasligi, lekin O‘zbekiston atom energiyasi bo‘yicha rejalaridan voz kechmasligini aytgandi. Agar haqiqatan ham AES kerak bo‘lsa, uni nega aynan Rossiya qurishi kerak, nega ochiq xalqaro tender o‘tkazilib, eng yaxshi taklif tanlab olinmaydi, degan savollarga hozircha rasmiylardan javob bo‘lmagan.

Rossiyaning O‘zbekiston energetika sektoriga ta’siri AESsiz ham kam emas. Ayniqsa gaz bo‘yicha shartnomalar milliy manfaatlarga zidligi taxmin qilinadi. Shu hafta bu masalada yana bir yangilik paydo bo‘ldi. Ma’lum bo‘lishicha, Vladimir Putin O‘zbekiston, Qozog‘iston va Rossiya o‘rtasida uch tomonlama gaz ittifoqini tuzishni istayapti. Bu haqda Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev ma’lum qildi.

To‘qayevning prezidentlik saylovidan keyingi birinchi xorijiy safari Moskvaga bo‘ldi. U Putinning gaz ittifoqi g‘oyasini qo‘llab-quvvatlashini, lekin uni amalga oshirish uchun muzokaralar kerak bo‘lishini aytdi. To‘qayevning so‘zlariga ko‘ra, Putin bu masalada Shavkat Mirziyoyevga qo‘ng‘iroq qilishini aytgan.

Oradan ikki kun o‘tib, haqiqatan ham Mirziyoyev va Putin o‘rtasida telefon muloqoti bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston prezidentining matbuot xizmatiga ko‘ra, prezidentlar “ko‘p tomonlama formatdagi, Markaziy Osiyo mintaqasidagi amaliy hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashgan”. Kremlning rasmiy xabarida esa “birgalikdagi istiqbolli loyihalar” muhokama qilingani aytiladi.

Putinning yangi taklifi masalasida O‘zbekiston tomonidan hozircha rasmiy munosabat bo‘lmadi. To‘qayevning matbuot kotibi Ruslan Jyeldibay va Qozog‘iston tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Roman Vasilenko bu hozircha faqat taklif ekani, barcha manfaatdor tomonlar bilan muhokama qilinishini aytdi. Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov ham bu masalada hali muzokaralar bo‘lishi, birinchi bosqichda uchala davlatning gaz siyosatini muvofiqlashtirish bo‘yicha yuridik shaxs tashkil etilishi mumkinligini ma’lum qildi. Peskovning aytishicha, agar bunday organ tuzilsa, u avvalo gaz bo‘yicha ichki masalalarni o‘zaro koordinatsiya qiladi, keyin esa tashqi bozorlar uchun infratuzilmani rivojlantirish ko‘rib chiqiladi.

Bu ehtimoliy gaz ittifoqi kimga nima berishi borasida hozircha batafsil tushuntirishlar yo‘q. Ayrim taxminlarga ko‘ra, Rossiya o‘z gazining asosiy xaridori bo‘lmish Yevropadan ayrilgach, Markaziy Osiyo orqali Pokiston va Hindiston bozoriga yangi yo‘l ochishga urinayotgan bo‘lishi mumkin. Yana ayrim mutaxassislar esa bu ittifoqni Markaziy Osiyo davlatlarining energetik mustaqilligiga jiddiy tahdid deb ko‘ryapti.

Qirg‘iziston va Qozog‘iston bilan yangi kelishuvlar

Andijon suv ombori / Foto: Kun.uz

Tashqi kuchlarning jiddiy bosimi ostidagi Markaziy Osiyo uchun yakunlanayotgan hafta tarixiy sanalar qatoriga kirdi. O‘zbekiston va Qirg‘iziston uzoq yillik chegara muammolarini nihoyat hal qilib oldi. 29 noyabr kuni Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, 30 noyabrda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev chegara bo‘yicha kelishuvlarni imzoladi.

“Chegara chizig‘ini delimitatsiya qilishni yakuniga yetkazish orqali mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalar yanada mustahkamlanib, hech qanday kelishmovchilikka o‘rin qolmaydi”, – deb e’lon qildi O‘zbekiston prezidentining matbuot xizmati.

Kelishuvlarga ko‘ra, Andijon suv ombori O‘zbekistonga tegishli ekani tan olindi va omborni ikki davlat birgalikda boshqaradigan bo‘ldi. Bundan tashqari, o‘zaro yer almashish orqali 35 ta uchastkada 302 kilometrlik chegaralar chizib olindi, ya’ni delimitatsiya bosqichi yakunlandi.

O‘zbekiston 2018 yilda Tojikiston bilan chegarasini ham to‘liq delimitatsiya qilib olgan edi. Endilikda Tojikiston va Qirg‘iziston bilan chegarani demarkatsiya qilish ishlari deyarli bir vaqtda olib boriladi. Tez orada O‘zbekiston prezidenti Qirg‘izistonga tashrif buyurishi aytilyapti.

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev esa yil oxirigacha Toshkentga kelishni reja qilgan. Qozog‘iston fuqarolarining O‘zbekistonda, O‘zbekiston fuqarolarining Qozog‘istonda ro‘yxatdan o‘tmasdan yashash muddati 5 kundan 30 kunga uzaytirilishi kutilyapti. Shuningdek, O‘zbekiston va Qozog‘istonning ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma loyihasi ishlab chiqilgan. Loyiha 27 noyabr kuni Qozog‘istonda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Eslatib o‘tamiz, iyul oyida Issiqko‘lda bo‘lib o‘tgan maslahat uchrashuvida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston prezidentlari “XXI asrda Markaziy Osiyoni rivojlantirish maqsadida o‘zaro do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik to‘g‘risida”gi shartnomani imzolagan edi. Tojikiston va Turkmaniston rahbarlari bu hujjatni keyinroq imzolashini bildirgan.

UzAuto Motors'ning rejalari va MB chorlovi

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

O‘zbekistonda ham Cobalt'ning yangilangan versiyasi ishlab chiqarilishi mumkin. UzAuto Motors bu borada General Motors bilan muzokaralar boshlagan. Juma kuni kompaniya O‘zbekistonga sinov maqsadida olib kelgan yangi Cobalt'ning rasmlari internetda tarqaldi.

Bu yangilangan versiyani ishlab chiqarish Braziliyada 2016 yildan boshlangan. UzAuto Motors bu modelni 2019 yildan boshlab ishlab chiqarmoqchi bo‘lgan, lekin o‘z rejasidan voz kechgandi. “Biz eski modellar ortidan quvish maqsadga muvofiq emas, deb hisoblaymiz. Shunga ko‘ra, yangi Sobalt ishlab chiqarish rejasi bekor qilinadi”, degandi o‘shanda “O‘zavtosanoat” raisi o‘rinbosari Aziz Shukurov.

Cobalt'ning yangilangan versiyasi 2024 yildan boshlab ishlab chiqarilishi mumkin. 2023 yil oxiridan e’tiboran esa Gentra ishlab chiqarishni to‘xtatish reja qilingan. Xaridorlar Onix'dan keyingi yangi modelni 2026 yilga boribgina ko‘rishlari mumkin.

Shu hafta e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, Trailblazer sotuvi to‘xtatilmoqda. Kompaniya rejalarida 2023 yildan Captiva va Cadillac importini boshlash ko‘zda tutilgan.

Monopoliyani tugatish bo‘yicha hozircha yangiliklar yo‘q. Aksincha, hukumat Jahon savdo tashkilotiga kirish avtosanoatga jiddiy zarba bo‘lishining oldini olishga urinyapti. Tashqi savdo vazirligi shu maqsadda o‘rganish ishlarini boshlagan. O‘rganishlar yakunida Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilishning avtomobilsozlik, elektrotexnika va bir nechta tarmoqlarga ta’siri baholanadi va JSTga a’zolik bo‘yicha muzokaralarda shunga qarab, bu sohalarni maksimal himoya qilishga harakat qilinadi.

Bu harakatlar fonida Markaziy bank hukumatdan monopoliyalarni qo‘llab-quvvatlashni bas qilishni so‘rayapti. Monetar siyosat organi e’lon qilgan hisobotda bir qarashda oddiy, juda ko‘p aytib kelinadigan, lekin amalga oshishi ertak bo‘lib ko‘rinadigan choralar sanab o‘tilgan. Masalan, regulyatorning taklifiga ko‘ra, biznesga aloqador hamma qarorlar va farmonlar xatlovdan o‘tkazilib, ulardagi raqobatga zid normalar bekor qilinishi, imtiyozlardan to‘liq voz kechilishi kerak.

Markaziy bank importga qo‘yilgan to‘siqlarni kamaytirish, importyorlar sonini oshirish, temir yo‘l va aviatsiyaga xususiy korxonalarni jalb qilish, monopolist kompaniyalar belgilayotgan narxlarning shaffof bo‘lishini ta’minlash, Jahon savdo tashkilotiga tezroq a’zo bo‘lish, imtiyozli kreditlar berishni to‘xtatishni so‘rayapti. Qudratli lobbi egalarining cho‘ntaklariga borib taqaladigan bu so‘rovga hukumatning javobi qanaqaligini esa amalda har hafta ko‘rib turibmiz.

Bunaqasi bo‘lmagan: Ochilganiga 1 kun bo‘lgan firmalar ham davlat buyurtmalarini olyapti

“Onlayn mahalla” platformasini yasash uchun naq 755 ming dollar ajratgan Mahallabay ishlash agentligi bu hafta ham yana e’tibor markazida bo‘ldi. Agentlikning Toshkent shahar boshqarmasi 3,4 mlrd so‘mlik davlat buyurtmasini ochilganiga atigi 1 kundan 4 kungacha bo‘lgan kompaniyalarga bergan. Ya’ni tender e’lon qilinganidan keyin ochilgan kompaniyalar tender g‘olibi bo‘lgan. Agentlik holat bo‘yicha tekshiruv boshlaganini ma’lum qildi.

Shunga o‘xshash o‘yinlar faqat Toshkentda emas, butun respublika bo‘yicha ro‘y berayotgan bo‘lishi mumkin. Agentlikning Qashqadaryo boshqarmasi ochilganiga 3 kun bo‘lgan kompaniyaga 2,6 mlrd so‘mlik issiqxonalar qurishni topshirgan. Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi bu tender bo‘yicha chiqarilgan qarorlarni bekor qilib, amaldorlar jarimaga tortilishini ma’lum qildi.

Mahallabay ishlash va kambag‘allikni qisqartirish agentligi bundan bir yil oldin ochilgan. Agentlik hokim yordamchilari orqali har xil daftarlarda turadigan ishsiz aholiga subsidiyalar tarqatib, ularning bandligini ta’minlash va kambag‘allikdan chiqarish bilan shug‘ullanadi. Masalan, Toshkentdagi shubhali tenderlarda subsidiya hisobidan yuzlab tikuv mashinalari 6 mln so‘mdan sotib olingan. Internet foydalanuvchilarining yozishicha, tikuv mashinalarining narxi bozorda bundan ancha arzonroq turadi.

Foto: Shahrisabz shahri hokimligi matbuot xizmati

Kambag‘allarga subsidiya asosida, ba’zida juda qimmatiga olingan ish qurollari joylarda tantanali ravishda tarqatilyapti. Ma’lum bo‘lishicha, Shahrisabzdagi shunday tadbirlardan birida qorong‘i va sovuq bo‘lishiga qaramay, o‘quvchi qizlar yuqa kiyimda raqs tushirilgan. Tadbir rasmlarida sovqotayotgan qizlarning yonida qalin kurtkadagi tuman hokimi Akrom Sulaymonov turganini ko‘rish mumkin. Bu esa ko‘pchilikning g‘azabini qo‘zg‘atdi, chunki bunaqa holatlar birinchisi emas. Xalq ta’limi vazirligi holat uchun hududdagi mutasaddilarni aybladi. Hokimlik esa qizlarni tadbirga jalb qilish taklifi to‘garak rahbari va ota-onalardan chiqqanini aytib, tashkilotchilarga nisbatan chora ko‘rilganini bildirdi va hammadan uzr so‘radi. Kimga va qanaqa chora ko‘rilgani aytilgani yo‘q.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

Dauletmurat Tajimuratov / Foto: Oliy sud matbuot xizmati

Nukus voqealarining 22 nafar ishtirokchisi ustidan sud boshlandi. Sud majlislari jonli translatsiya qilib borilyapti. AQSh va Yevropa Ittifoqi jarayonni diqqat bilan kuzatayotganini bildirdi. Sudlanuvchilarning bir qismi o‘z aybiga to‘liq iqror bo‘ldi, bir qismi ayblovni qisman tan oldi. Bir qator sudlanuvchilar asosiy figurant Dauletmurat Tajimuratovga qarshi ko‘rsatmalar berdi. Lolagul Qallixanova ham uning aldoviga uchganini aytib, o‘z qilmishidan pushanmonligini ta’kidladi. Tajimuratov avvaliga aybini qisman tan oldi, keyingi majlisda esa insonlar o‘limida hech qanday aybdorlik hissini tuymayotgani, sud kursisida o‘tirganlarning aybi yo‘qligi, bu voqealarga davlatning xatosi sabab bo‘lganini aytdi.

1 dekabrdan haydovchilarga jarima ballarini hisoblash tizimi kutilmaganda test rejimida ishga tushirildi. Ya’ni qoidabuzarliklar uchun jarima ballari hisoblanadi, lekin bu 12 balldan keyin haydovchilik guvohnomasini bekor qilishga sabab bo‘lmaydi. Bunaqa rejim qachongacha davom etishi aniq emas. Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati bu ishi bilan prezident qarorini ochiqdan ochiq buzdi. Qizig‘i, ayrim Telegram-kanallar bu yangilikni “xushxabar” deb tarqatdi, lekin buning hech ham xushxabarlik joyi yo‘q. Yuzlab marta qoida buzgan haydovchilar hech narsa bo‘lmagandek jarimani to‘lab, yana rulga o‘tirishi, aniqrog‘i davlatning shunga ruxsat berib qo‘ygani – sharmandalik. Buning oqibatlarini shu hafta e’lon qilingan raqamlar ham ko‘rsatib turibdi: 2022 yil 10 oyida O‘zbekistonda 7 636ta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan, ularda 7 174 kishi jarohatlangan, 1 931 kishi halok bo‘lgan. Qurbonlarning 226 nafari – bolalar.

Toshkentda Minerva City qurilishini boshlagan, lekin keyin yeri olib qo‘yilgan hindistorlik Murari Lal Jalan Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevni unga noqonuniy talab qo‘yishda aybladi. Uning aytishicha, hokim undan yo loyihalaridan biridan voz kechishni, yoki puli borligining isboti sifatida 100 mln dollarni depozit sifatida bankka joylashni talab qilgan. Toshkent shahar hokimligi uning so‘zlarini qat’iy rad etib, Bosh prokuraturaga murojaat qildi. Bosh prokuratura investorning iddaosi tekshirilayotganini ma’lum qildi.

Top