20:29 / 08.12.2022
45007

Kremlda O‘zbekistonning «uch tomonlama hamkorlik»dan voz kechgani haqidagi xabarga izoh berildi

Dmitriy Peskov alohida tijoriy shartnomalar tuzilgan uchtomonlama hamkorlik taklifi gazni siyosiy shartlarga almashtirishni nazarda tutmasligini aytdi.

Foto: RIA Novosti

Kremlda Toshkentning Moskva va Ostona bilan uch tomonlama hamkorlikdan voz kechgani haqidagi xabarga izoh berildi. 

«Alohida tijoriy shartnomalar tuzilgan uchtomonlama hamkorlik taklifi gazni siyosiy shartlarga almashtirishni nazarda tutmaydi, gap tijorat manfaatlarini muvofiqlashtirish haqida ketmoqda», dedi Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov.

«Har bir tomon faqat tijorat shartlariga e’tibor qaratgan holda o‘z energiya resurslarini sotmoqda va sotishda davom etadi. [...] Lekin davlatlar ham o‘z harakatlarini muvofiqlashtirishdan manfaatdor. [...] Hech kim siyosiy talablar evaziga gaz berish haqida gapirmayapti», dedi u.

Peskovning aytishicha, Reuters agentligi so‘zlarni noto‘g‘ri talqin qilib, noto‘g‘ri ma’lumot bergan.

«Reuters noto‘g‘ri ma’lumot berdi va so‘zlarni noto‘g‘ri talqin qildi. Biz nima deyilganini bilamiz. Hech kim siyosiy shartlar evaziga gaz haqida gapirmayapti. Ushbu hamkorlikni tashkil etish g‘oyasi kontekstida bunday gap aytilmadi», dedi Peskov. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, «mamlakatlar bularning barchasini muvofiqlashtirishdan, ham rentabellikni, ham bir-biri uchun foydani oshirishdan va hokazolardan manfaatdor».

«Alohida tijoriy shartnomalar tuzilgan uchtomonlama hamkorlik» rejalari haqida birinchi marta Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin bilan uchrashuvdan keyin aytgan edi.

Uning ta’kidlashicha, bu tashabbus Rossiya prezidenti tomonidan chiqqan. «Bugun Vladimir Vladimirovich o‘ziga xos uch tomonlama ittifoq tuzishimiz kerakligini aytdi. U shu mavzuda O‘zbekiston prezidentiga qo‘ng‘iroq qilmoqchi. Biz ham bu mavzuni chuqur o‘rganishimiz kerak», degan edi To‘qayev.

O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari, energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov «Uch tomonlama gaz ittifoqi» haqidagi savolga javoban, muzokaralar «Ittifoq emas, import shartnomasi orqali» gaz olish haqida ekanini aytdi.

«Ma’lum hajmda import qilishga ham ehtiyoj tug‘ilyapti. Shu ehtiyojni qondirish, masalani yechish maqsadida hozirgi kunda biz allaqanday alyans, ittifoq emas, qo‘shni davlatlardan o‘z ehtiyojimiz uchun zarur bo‘lgan tabiiy gaz va elektr energiyasini import qilish bo‘yicha muzokaralar olib borilyapti. Bunda milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda, o‘zimizning tarmoqlarni birovga berib yuborish yoki boshqa orqali emas, oldi-sotdi tijoriy shartnomalar asosida hamkorlik qilish bo‘yicha muzokaralar olib borilyapti», dedi Mirzamahmudov.

Mavzuga oid
Top