08:49 / 12.12.2022
4073

AQShda "Lokerbi ishi" bo‘yicha ayblangan liviyalik hibsga olindi

Liviya razvedkasining sobiq zobiti Abu Ajila Muhammad Mas’ud Kolumbiya okrugida sud oldida javob beradi. U samolyot bortida portlagan bombani yasaganlikda ayblanmoqda.

Foto: AP

Liviya razvedka xizmatining sobiq xodimi Abu Ajila Muhammad Mas’ud 1988 yilda Shotlandiyaning Lokerbi shahri osmonida sodir etilgan teraktga aloqadorlikda gumon qilinib, AQShda hibsga olindi. Bu haqda 11 dekabr, yakshanba kuni Shotlandiya prokuraturasi ma’lum qildi.

Tergov shuni ko‘rsatadiki, Mas’ud Londondan Nyu-Yorkka ketayotgan PanAm yo‘lovchi samolyoti bortida portlagan bombani tayyorlashda yetakchi rol o‘ynagan. AFP agentligining AQSh Adliya vazirligiga tayanib xabar berishicha, hibsga olingan liviyalik Kolumbiya poytaxt okrugi sudi oldida javob beradi.

Mas’ud qanday sharoitda hibsga olingani hozircha noma’lum. Erkak ikki yil oldin AQShda ayblanganida, u 1986 yilda Berlindagi La Belle diskotekasiga uyushtirilgan hujumga aloqadorlikda ayblanib, Liviyada hibsda saqlangan. Hodisa oqibatida ikki amerikalik harbiy va bir turk ayol halok bo‘lgan. The New York Times gazetasi yozishicha, Liviya razvedkasining sobiq xodimi FQB tomonidan hibsga olingan va AQShga ekstraditsiya qilingan.

34 yil oldin Lokerbi osmonida sodir bo‘lgan terakt natijasida 270 kishi halok bo‘lgan, ulardan 190 nafari AQSh fuqarolari edi. Hozircha bu ish bo‘yicha faqat bir kishi sudlangan - Liviya razvedkasining sobiq xodimi Abdel Bosit al-Migrahiy. 2001 yilda u umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan, biroq 2009 yilda Shotlandiya mintaqaviy hukumati uni bedavo kasal sifatida afv etgan. Uch yildan so‘ng u Liviyada vafot etdi.

Shotlandiya qirollik prokuraturasi politsiya va AQSh agentliklari bilan kelishilgan holda «al-Migrahiy tarafida harakat qilganlarni javobgarlikka tortish» uchun tergovni davom ettirish niyatida ekanini aytdi.

Lokerbi osmonida samolyotning portlashi Buyuk Britaniyadagi eng yirik terakt bo‘ldi. 2003 yilda Liviya buning uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga oldi va qurbonlarning yaqinlariga 2,7 milliard dollar (taxminan 2,3 milliard yevro) tovon puli to‘ladi. 2011 yilda Liviya sobiq adliya vaziri Mustafo Abdel Jalil Liviya rahbari polkovnik Muammar Qaddofiy 1988 yilda Shotlandiya osmonida Amerika yo‘lovchi samolyotini portlatishga shaxsan buyruq berganini ma’lum qilgan edi.

Top