13:04 / 15.12.2022
15753

“Nogironligimdan nolimayman” – yarim gavda bilan ro‘zg‘orini butun qilayotgan usta

Asaka tumanidagi Kujgan qishlog‘ida kimning televizori buzilib qolsa, Nosirjon Qoraboyevning uyiga shoshiladi. Chunki 2 yoshligidagi xastalik sabab oyoqlari deyarli harakatlanmaydigan, qo‘llari ham sog‘lom bo‘lmagan bu inson qishloqning “telemaster”i sifatida tanilgan. Televizorning istalgan turi bilan “tillasha” oladigan usta shu hunari ortidan ro‘zg‘or tebratmoqda.

Kujgan qishlog‘i ahli buzilgan televizor yoki elektronika jihozlarini qahramonimizga tuzattiradi. U televizorlarni tuzatish bilan birga dasturini yangilash bilan ham shug‘ullanadi.

Nosirjon Qoraboyevning ta’kidlashicha, u 2 yoshida kasallik tufayli nogiron bo‘lib qolgan:

2 yoshimda soppa-sog‘ bola xastalik sababli yurmay, gapirolmay, birdaniga shol bo‘lib qolganman. Ota-onamga ming rahmat, ular voyaga yetkazishdi. Davolanganim bilan to‘liq sog‘ayib ketolmadim, asorati qoldi. Maktabga bordim. Yaxshi baholarga o‘qib, Farg‘onadagi nogironlar bilim yurtida tahsil oldim. 1999 yil u yerni tamomlab, shundan beri televizor tuzatish bilan shug‘ullanaman”. 

Televizorlarning “shifokori” 10 nafardan ortiq shogird yetishtirib, ularga o‘z hunarini o‘rgatgan. U ushbu harakatlari, halol mehnati tufayli davlat mukofotiga loyiq ko‘rilib, “Jasorat” medali bilan taqdirlangan.

“Bir kunda 10 ta televizor tuzatsa ham bo‘ladi, gohida esa bir dona televizorni to‘rt kunda ham tuzata olmaslik mumkin. Hamma gap uning “kasalini” topa olishda. Hozir qish kunlarida 3-4 ta televizor tuzataman. Stolimga o‘tirib, ishni boshlaganimdan qiyinchiliklarni unutaman. Nogironligimdan afsuslanmaganman. Farzandlarim, oilam bor. Doim shukr qilaman”, – deydi u.

Nosirjon Qoraboyev kelgusida o‘z ustaxonasini kengaytirishni niyat qilmoqda.

Abduvali Qurbonov,
Kun.uz muxbiri
Tasvirchi – Jahongir Turg‘unov

Mavzu
Hayotiy hikoyalar
Turfa taqdirlar va umr manzaralari
Barchasi
Top