21:24 / 15.12.2022
11377

“O‘zbekneftgaz”: Ustyurt regionidagi konlarda gaz qazib chiqarish hajmini oshirish borasida qilinayotgan ishlar holati o‘rganilmoqda

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligidagi “Ishchi guruh” a’zolari konlarda tabiiy gaz qazib chiqarilishi holatini o‘rganish maqsadida Ustyurt gaz qazib chiqarish boshqarmasida bo‘ldi.

Foto: O‘zbekneftgaz

Havo harorati keskin pasayib, joylarda -20S gacha tushib ketishi, buning oqibatida obektlar texnologik jarayonlarida kelib chiqayotgan muzlab qolish holatlariga qaramasdan uglevodorodlar zaxiralarini ko‘paytirish, konlardan tabiiy gaz qazib chiqarishni oshirish hamda texnologik obektlarni ishga tushirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tadbirlarning ijrosi hamda mehnat qilayotgan ishchi-xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar joyida o‘rganildi.

Ustyurt regionida uglevodorodlar zaxirasini o‘stirish Dasturi doirasida olib borilayotgan burg‘ilash ishlarini nazorat qilish maqsadida “Quyi Shimoliy Berdax” 4-sonli izlov qidiruv qudug‘ini burg‘ilash jarayonlari bilan tanishib chiqildi.

“Quyi Sharqiy Berdax” konidagi 10, 114 va 117-sonli, “Sharqiy Berdax” konidagi 97-, “Sharqiy Berdax” konidagi 7, 32, 33, 58, 69 va 75-sonli quduqlarida bajarilayotgan burg‘ilash va kapital ta’mirlash ishlari joyiga chiqqan holda nazorat qilindi.

O‘rganishlar davomida ushbu tadbirlarni bajarayotgan pudratchi tashkilotlar rahbarlari bilan ishlarni jadallashtirish masalalari muhokama qilinib “O‘zbekneftgaz” AJ departamentlari va Ustyurt boshqarmasining, shuningdek pudratchi tashkilotlarning rahbar va xodimlariga quduqlarni o‘z vaqtida ishga tushirish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.

Dekabr oyining o‘tgan 14 kunida Ustyurt boshqarmasi bo‘yicha jami 3 ta, shulardan 2 ta yangi - “Quyi Sharqiy Berdax” 4 va 10-sonli quduqlar burg‘ilash ishlaridan va yana 1 ta - “Quyi Surgil” 21-sonli qudug‘i kapital ta’mirlash ishlaridan so‘ng ishga tushirilib, natijada kunlik tabiiy gaz qazib chiqarishni 700 ming kub metrga ko‘paytirishga erishildi.

“O‘zbekneftgaz” AJ belgilangan geologo-texnik tadbirlarni samarali amalga oshirish orqali 2022 yil yakuniga qadar jami 6 ta quduqni burg‘ilash va kapital ta’mirlash ishlaridan ishga tushirish natijasida kunlik gaz qazib chiqarishni yana 1,0 mln kub metrga oshirish bo‘yicha ishlar jadal sur’atlarda amalga oshirilmoqda.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Top