11:36 / 17.12.2022
10057

Ma’naviy-ma’rifiy sohaning bir guruh faollariga «Ma’naviyat fidoyisi» ko‘krak nishoni topshirildi

Kecha, 16 dekabr kuni Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, «Ma’rifat» targ‘ibotchilar jamiyati tomonidan «Ma’naviyat fidoyisi»  ko‘krak nishoni topshirishga bag‘ishlangan tantanali marosim o‘tkazildi.

Tadbirda mamlakatimiz ma’naviy-ma’rifiy hayotida eng muhim o‘rin egallagan, ushbu soha rivojida o‘zining fidokorona mehnatlari orqali munosib hissa qo‘shib kelayotgan 96 nafar nomzodga «Ma’naviyat fidoyisi» ko‘krak nishoni topshirildi.

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari, senator Minhojiddin Mirzo tantanali marosimni ochib berar ekan, mamlakatimizda ma’naviy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, ularning mazmun-mohiyatini haqida atroflicha to‘xtalib, bu borada jonkuyar fidoyi ziyolilarimizning hissalari beqiyos ekanini ta’kidladi.

— Har qanday jamiyatning eng mustahkam ustuvor poydevorlaridan biri bu — ma’naviyatdir. Chunki aynan vatanparvarlik, ezgu fazilatlar, fidoyilik, milliy qadriyatlar ham mana shu poydevor ustida shakllanadi. Davlatimiz rahbari buning mohiyatini shunday ifoda etib beradilar: «Agar jamiyat tanasi iqtisodiyot bo‘lsa, jon-u ruhi bu ma’naviyatdir». Bugun mamlakatimizda sohaga qaratilayotgan e’tibor, davlatimiz rahbarining tegishli qaror va farmonlari, yaratilib berilayotgan sharoitlar bois ma’naviyat sohasida yangi tizim tashkil etildi. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi butun vazirlik, idoralardagi ma’naviy-ma’rifiy faoliyatni muvofiqlashtirishga ko‘maklashuvchi katta tashkilotga aylandi. Markaz tomonidan joriy yilda 105 dan ziyod vazirlik, idora va tashkilotlar bilan yaqindan hamkorlik qilinib, viloyatlarda ikki mingdan ortiq yo‘l xaritalari tuzildi. Aynan mana shu sohada tashabbuskorlik, fidoyilik bilan yangilikka intilib faoliyat yuritayotgan mas’ullarni e’tirof etish, rag‘batlantirish maqsadida «Ma’naviyat fidoyisi» ko‘krak nishoni ta’sis etildi. Bu mukofot nomining o‘ziyoq mohiyatida qanchalik zahmatlar yotganini, mas’uliyat zalvorini anglatib turibdi. E’tiborlisi esa yildan yilga mana shu mukofot egalari ko‘paymoqda, — dedi  Minhojiddin Mirzo.

Darhaqiqat, mamlakatimizda keyingi yillarda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, sohada olib borilayotgan islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish borasida alohida tizim yaratildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 2019 yil 3 maydagi «Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 30 oktyabrdagi «Ma’naviyat fidoyisi» ko‘krak nishonini ta’sis etish to‘g‘risida»gi qarorlari qabul qilindi.

Mazkur qarorlar asosida ko‘krak nishoniga tavsiya etilgan nomzodlarni taqdirlash uchun tanlab olish maqsadida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari boshchiligida vazirlik, idoralar va tashkilotlar rahbarlaridan iborat nufuzli komissiya tashkil etilgan. Ushbu komissiya zimmasiga o‘z mehnati, ilmiy, jamoat ishi, mehnatsevarligi va vatanparvarligi bilan jamoatchilik hurmatiga sazovor bo‘lgan, fidokorona mehnat qilgan va samarali natijalarga erishgan fuqarolarni «Ma’naviyat fidoyisi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlash vazifasi yuklatilgan. 2020-2021 yillar mobaynida mamlakatimizda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni amalga oshirish, yuksak ijtimoiy-ma’naviy muhitni shakllantirish borasida fidokorona mehnat qilgan va samarali natijalarga erishgan 132 nafar ma’naviyat fidoyilari mazkur mukofot bilan taqdirlangan.

Joriy yilda nomzodlarni ko‘krak nishoni bilan taqdirlashda uning aholi o‘rtasida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni yuksaltirishga bag‘ishlangan ommaviy axborot vositalaridagi chiqishlari soni, ma’naviy-ma’rifiy ishlarni amalga oshirish, jamiyatda ma’naviy-ma’rifiy ishlar hamda ijtimoiy-ma’naviy muhitni shakllantirishni targ‘ib qilish bo‘yicha turli innovatsion samarali usullarning ishlab chiqilgani inobatga olindi. Komissiya ushbu 500 nafarga yaqin tavsiya etilgan nomzodlardan eng munosib ko‘rilgan 96 nafarini «Ma’naviyat fidoyisi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlashga qaror qabul qildi.

Tadbirda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, «Ma’rifat» targ‘ibotchilar jamiyati tomonidan 2022 yil mobaynida amalga oshirilgan ishlar hisobot roligi namoyish etildi. Mazkur rolikda tashkilotlarning joriy yilgi faoliyati haqida batafsil ma’lumot berildi.

Ta’kidlash joizki, shu yilning may-dekabr oylarida «Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz» shiori ostida respublikamiz bo‘ylab «Ma’naviyat festivali» o‘tkazildi. Shuningdek, festival doirasida 103 nafar millatimiz g‘ururi bo‘lgan qahramonlar hayoti va faoliyati aks ettirilgan «O‘zbekiston Qahramonlari» kitobining hududlarda o‘tkazilgan taqdimoti davomida 54 nafar qahramonlar va ularning oila a’zolariga kitob-albom va esdalik sovg‘alari topshirildi. Tadbirlarda 3 ming 500 nafar ma’naviyat fidoyilari, olimlar, ziyolilar hamda oliy ta’lim muassasalari talabalari va yoshlar ishtirok etdi. Shuningdek, «Ziyolilar forumi» doirasida 1200 nafardan ortiq maktablardagi ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchilar, oliy ta’lim muassasalarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha mas’ullari, olimlar, professor-o‘qituvchilar qamrab olindi. Joriy yil 22-25 avgust kunlari Toshkent shahrida «Ma’naviyat festivali» doirasida «Uchinchi renessans – ma’rifatli jamiyat sari!» mavzusida o‘tkazilgan Respublika ilmiy-amaliy anjumanida hududlardan 130 nafar taniqli olimlar, ziyolilar, professor-o‘qituvchilar, shoir va yozuvchilar ishtirok etdi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda «Kitob karvoni» loyihasida 7 ta hududda 50 mingdan ortiq o‘zbek va jahon adabiyotining eng sara namunalari joylardagi ta’lim muassasalari, ma’naviyat maskanlari, kutubxonalar shuningdek, aholi vakillariga tarqatildi. Turli sohalarda katta yutuqlarga erishayotgan, xalqaro fan olimpiadalari va sport musobaqalarida yuqori o‘rinlarni egallagan yoshlar va ularning ota-onalari «Mening farzandim O‘zbekiston faxri!» loyihasi doirasida munosib taqdirlandi.

Joylarda Maktabgacha ta’lim vazirligi bilan hamkorlikda tayyorlangan «Zukko bolajon!» fotoalbomi taqdimoti bo‘lib o‘tdi hamda viloyatlardagi maktabgacha ta’lim muassasalariga fotoalbomdan joy olgan devoriy lavhalar va bolalar adabiyotining eng sara durdonalari, fotoalbomi taqdim etildi. Shu bilan birga 1 iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan o‘tkazilgan «Baxtli bolalik sharafiga» loyihasida 4000 nafardan ortiq «Temir daftar», «Ayollar daftari», «Yoshlar daftari»ga kiritilgan oila vakillari uchun xayriya konserti namoyish etildi.

 «Mehr-muruvvat va saxovat», «Inson qadri» loyihalari doirasida Muruvvat uylari, tibbiyot muassasalarida davolanayotgan bemorlar, ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarda ta’lim olayotgan o‘quvchilar holidan xabar olinib, ularga 3500 dan ortiq jahon va o‘zbek adabiyoti namunalari, 1500 dan ziyod sovg‘alar to‘plami hamda 1500 nafardan ortiq ehtiyojmand oila farzandlariga 19 turdagi o‘quv qurollari jamlanmasi berildi. «Ma’rifat tur» loyihasida «Temir daftar», «Ayollar daftari», «Yoshlar daftari»ga kiritilgan oila vakillarining tarixiy obidalar, muqaddas qadamjolarga tashrifi amalga oshirildi. Hududlarda «Ma’naviyat kubogi» loyihasi davomida futbol, voleybol, stol tennisi, shaxmat, shashka sport turlari bo‘yicha musobaqalar tashkil etildi.

Tadbir davomida joriy yil mobaynida tashkil etilgan ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlarida faol ishtirok etgan bir guruh «Ma’rifat» targ‘ibotchilar jamiyati a’zolari ham taqdirlanishdi. San’atkorlar tomonidan ijro etilgan mumtoz kuy-qo‘shiqlar barchaga xush kayfiyat baxsh etdi.

«Ma’rifat» targ‘ibotchilar jamiyati axborot xizmatiⓉ

Top