14:01 / 22.12.2022
5900

Shavkat Mirziyoyev: Qozog‘iston bizning eng yaqin va ishonchli hamkorimiz

Siyosiy, savdo-iqtisodiy, energetika, qishloq xo‘jaligi, suv va boshqa sohalardagi munosabatlarni tubdan kengaytirish masalalari muzokaralarning asosiy mavzusi bo‘ldi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev tor doirada muzokara o‘tkazdi.

Uchrashuv avvalida O‘zbekiston rahbari qozog‘istonlik hamkasbi va ko‘p millatli Qozog‘iston xalqini 16 dekabr kuni nishonlangan Mustaqillik kuni bilan samimiy tabrikladi.

Yetakchilar ushbu muzokaralar O‘zbekiston-Qozog‘iston strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari rivojiga yangi kuchli sur’at bag‘ishlashiga ishonch bildirdi.

Mirziyoyev Qozog‘iston O‘zbekistonning eng yaqin va ishonchli hamkori ekanini ta’kidladi.

«O‘zbek va qozoq xalqlari – nafaqat yaqin qo‘shni, balki mushtarak tarixiy meros, madaniy va ma’naviy qadriyatlar bilan bog‘langan qardoshlardir.

Bu bizning bebaho boyligimiz, biz uni qadrlaymiz va qadrlashda davom etamiz. Bizning taqdirimiz bir, kelajagimiz ham umumiy, men bunga ishonaman», – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Siyosiy, savdo-iqtisodiy, energetika, qishloq xo‘jaligi, suv va boshqa sohalardagi munosabatlarni tubdan kengaytirish masalalari muzokaralarning asosiy mavzusi bo‘ldi.

Keyingi olti yilda hamkorlikning barcha yo‘nalishlarida sezilarli muvaffaqiyatlarga erishilgani ta’kidlandi. Ikki mamlakat hukumatlari, vazirlik va idoralari, hududlari o‘rtasidagi muloqotlar muntazamlik kasb etgan.

Davlat rahbarlari qariyb 5 milliard dollarga yetgan o‘zaro savdo hajmi jadal ortib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etishdi. Yirik kooperatsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

Mintaqaviy va xalqaro kun tartibi yuzasidan fikr almashildi, Markaziy Osiyoning barqaror taraqqiyotini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.

Ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni bundan buyon ham davom ettirishga intilish qat’iy ekani ta’kidlandi.

Mavzuga oid
Top