13:08 / 29.12.2022
10521

Prezident maktabdagi fanlar sonini qisqartirishni taklif qildi

Ta’lim sifatida oshirishga bag‘ishlangan uchrashuvda Shavkat Mirziyoyev maktablardagi hozirgi fanlarni qisqartirib, o‘rniga zamonaviy fanlarni ko‘paytirish kerakligi haqida gapirdi. “Negadir biz qisqartirishdan qo‘rqamiz”, – dedi prezident tadbir davomida.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Dastlab Mirziyoyev 10 mingdan ko‘proq maktabdan 842 tasining bitiruvchisi OTM kirmagani haqida gapirdi.

“Agar biror fan zamonaviylikdan ortda qolsa, uni saqlab turishdan nima ma’no bor? 10 mingdan ortiq maktabdan 842 tasining birorta bitiruvchisi oliy o‘quv yurtiga kira olmagan. Buni qanday baholash mumkin?

Biz “Bolalar yomon bo‘lib ketdi” degan fikrdan voz kechishimiz kerak. O‘zimizga savol qo‘yaylik – ularni yaxshi qilish uchun nimalar qildik?! Baribir ular o‘zimizning farzandlarimiz.

Sizlar bilan bir tan-u bir jon bo‘lib, jonajon O‘zbekistonimizning kelajagi haqida o‘ylashimiz shart”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shuningdek, davlat rahbari ota-onalarning ta’limga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirish haqida ham so‘zladi.

“Ularning farzandlar uchun mas’uliyatini oshirmagunimizcha, hech narsaga erisha olmaymiz.

Ta’limga jiddiy e’tibor berishimiz, har kuni o‘z ustimizda ishlashimiz shart.

Mana bir misol – repetitor bir yilda bolalarimizga til o‘rgatadi. Maktab esa 10 yil ham o‘rgata olmasa, bu holat bizni o‘ylantirishi kerak”, — dedi prezident.

“Tahlikali zamonda yashayapmiz. Zamon shuni talab qilyaptiki, har bir harakatimiz, barcha islohotlarimizning tub zamirida ta’lim bo‘lishi kerak.

Farzandlarimizning o‘zlari talab qilyapti, bizga kechagi ta’lim kerak emas, sifatli ta’lim kerak deyishyapti. Sifatli ta’lim nima degani? Bu — sifatli kadr degani”, – dedi prezident.

Ayni paytda davlat rahbarining o‘qituvchilar bilan muloqoti davom etmoqda.

Top