14:31 / 03.01.2023
10472

Fransiyaning gaz konteynerlari ishlab chiqaruvchisi Rossiyani tark etyapti

GTT Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi sanksiyalarining so‘nggi paketlarini o‘rganib chiqqandan so‘ng Rossiyadagi faoliyatini to‘xtatdi. Ushbu sanksiyalar Rossiya korxonalariga muhandislik xizmatlarini ko‘rsatishni taqiqlaydi.

Fransiyaning GTT (Gaztransport & Technigaz) injiniring kompaniyasi Rossiyadagi faoliyatini to‘xtatdi. Kompaniyaning 2 yanvar, dushanba kuni chop etilgan press-relizida qaror Yevropa Ittifoqining Ukrainaga qurolli bostirib kirishi tufayli Rossiyaga qarshi joriy qilgan sakkizinchi va to‘qqizinchi sanksiyalar to‘plamini chuqur tahlil qilgandan so‘ng qabul qilingani bilan izohlanadi.

Hujjatda qayd etilganidek, 8 yanvardan boshlab GTT Rossiyaning «Zvezda» yuk tashish kompaniyasi bilan 15 ta muz parchalovchi toifadagi gaz tashuvchini qurish bo‘yicha shartnomani to‘xtatadi. Fransiya kompaniyasining ishtiroki ikkita «texnologik jihatdan eng ilg‘or» gaz tashuvchisi loyihalarini yakunlash bilan cheklanadi. Shuningdek, kompaniya Rossiyadagi loyihalarni buyurtmalar ro‘yxatiga kiritmasligini ham ma’lum qildi.

Shu bilan birga, press-relizda qayd etilishicha, Osiyodagi kemasozlik zavodlarida Rossiyaning Arktikadagi loyihalari uchun oltita muz parchalovchi toifadagi gaz tashuvchi va ikkita suzuvchi neft qazib olish, saqlash va tushirish bloklarini qurish bo‘yicha boshqa buyurtmalarni bajarish odatdagidek davom etmoqda.

2019 yil sentabr oyida GTT Saren B.V. (Saipem neft konlari servis kompaniyasi va Turkiyaning Renaissance Heavy Industries o‘rtasidagi qo‘shma korxona) bilan "Arktik SPG-2" loyihasi uchun uchta GBS (gazni suyultirish uchun uskunalar o‘rnatilgan modullar joylashtiriladigan platformalar) loyihalash va qurish bo‘yicha shartnoma imzoladi. 

GTT suyultirilgan gazni (STG) tashish va saqlash uchun kriogen membrana tizimlarini ishlab chiqish va qurishni litsenziyalashga ixtisoslashgan.

Top