21:24 / 09.01.2023
13531

Turkmanistonda turmushga chiqmagan ayollarga haydovchilik guvohnomasi berish taqiqlandi 

Shuningdek, 40 yoshga to‘lmagan ayollarga ham mashina boshqarish huquqi berilmaydi. 

Foto: Reuters

Turkmaniston Davlat yo‘l inspeksiyasi ayollarga avtomashina boshqarish huquqini berish uchun zarur bo‘lgan hujjatlar ro‘yxatiga nikoh guvohnomasini kiritdi. Bu haqda Turkmen News xabar berdi. 

Nikoh to‘g‘risidagi guvohnomadan tashqari, ayollar oila tarkibi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma va ish joyidan ma’lumotnoma, shuningdek, namunaviy hujjatlar to‘plami – pasport, tibbiy ma’lumotnoma va boshqalarni taqdim etishi shart. 

Yana bir norasmiy shart shuki, mashina haydamoqchi bo‘lgan ayol 40 yoshdan oshgan va uning nomiga avtomashina rasmiylashtirilgan bo‘lishi kerak. Ayollarga ishonchnoma orqali mashina haydashga ruxsat berilmaydi. 

Bir necha yil davomida turkmanistonlik ayollarga haydovchilik guvohnomasi umuman berilmay kelayotgan edi. 2020 yil oxirida 40 yoshdan oshgan ayollarga mashina boshqarish huquqi berildi. Shuningdek, xorijiy elchixona xodimlari hamda oila a’zolari orasida nogiron yoki saraton kasalligiga chalinganlar bor ayollarga yosh chegarasisiz avtomobil boshqarish uchun guvohnoma berilishi yo‘lga qo‘yildi. Keyinchalik yosh cheklovlari olib tashlangani haqida xabar berilgan edi, lekin haydovchilik guvohnomasini berish bilan bog‘liq vaziyat o‘zgarmadi.

Top