11:15 / 10.01.2023
7535

Baydenning shaxsiy ofisida maxfiy hujjatlar topildi

Qisman o‘ta maxfiy deb tasniflangan hujjatlar Bayden nomidagi Diplomatiya va global hamkorlik markazining shaxsiy ofis binolarida topilgan.

Foto: Anadolu Agency

AQSh prezidenti Jo Baydenning shaxsiy ofisidan uning AQSh vitse-prezidenti bo‘lib ishlagan davriga oid maxfiy hukumat hujjatlari topildi, deb xabar bermoqda 9 yanvar, dushanba kuni Oq uy matbuot xizmati. O‘z navbatida, CNN telekanali aniqlik kiritishicha, gap o‘nlab hujjatlar, jumladan, eng yuqori darajadagi maxfiy hujjatlar haqida ketmoqda.

Qayd etilishicha, hujjatlar Bayden advokatlari tomonidan 2022 yil noyabr oyida Pensilvaniya universiteti qoshidagi Bayden diplomatiya va global hamkorlik markazida (Penn Biden Center for Diplomacy and Global Engagement) ofisni bo‘shatish chog‘ida qulflangan kabinetda topilgan. Amerika davlatining amaldagi rahbari 2017 yildan 2020 yilgacha AQSh vitse-prezidenti lavozimini tark etganidan keyin ushbu ofis binolaridan foydalangan.

Hozir AQSh Adliya vazirligi maxfiy hujjatlar Baydenning shaxsiy byurosiga qanday kirganini tekshirmoqda. Bu borada uning advokatlari Adliya vazirligi va Milliy arxiv bilan hamkorlikda ish olib bormoqda. Hujjatlarning mazmuni va Bayden ular o‘z ofisida ekanligini bilganmi yoki yo‘qmi, degan savol ochiq qolmoqda.

Bayden 2009 yildan 2017 yilgacha AQSh vitse-prezidenti lavozimida ishlagan. O‘shanda Barak Obama prezident edi.

2022 yil avgust oyida FQB AQSh sobiq prezidenti Donald Trampning Floridadagi qarorgohida reyd o‘tkazdi va u yerda Tramp qoidalarga zid ravishda davlat rahbari lavozimini tark etayotganda Milliy arxivga topshirmagan maxfiy hujjatlarni topdi. O‘shanda Bayden bu harakatni «mas’uliyatsizlik» deb atagandi.

Mavzuga oid
Top