14:14 / 19.01.2023
11093

Urganch-Toshkent yo‘nalishida harakatlangan avtobus gaz yo‘qligi sababli yo‘lda qolib ketdi

Urganch avtovokzalidan 102 nafar yo‘lovchi bilan yo‘lga chiqqan ikkita avtobus gaz yo‘qligi uchun harakatlana olmay, Navoiy viloyatida to‘xtab qolgan

Ijtimoiy tarmoqlarda Xorazmdan yo‘lga chiqqan ikkita avtobus 24 soat deganda Samarqandga yetib kelgani va gaz yo‘qligi sabab shu yerda qolib ketgani aytilgan video tarqaldi.

Videoda fuqarolardan biri yo‘lovchilar orasida Rossiyaga ketish uchun chipta olib qo‘ygan odamlar ham borligini, avtobus to‘xtab qolgach ular 500 ming so‘mdan taksi gaplashib, yo‘lga chiqib ketgani haqida gapirgan. Transport vazirligi o‘z munosabatida holatni tasdiqladi.

Ma’lum qilinishicha, 2022 yil 17 yanvar kuni soat 15:00 da Urganch avtovokzalidan Comfort Auto Hamkor MChJ tomonidan «Tender kontrakti»da ko‘rsatilmagan Yutong hamda «Tender kontrakti»da ko‘rsatilgan yana bir avtobus Urganch—Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha 102 ta yo‘lovchi bilan yo‘lga chiqqan.

18 yanvar kuni har ikki avtobus Navoiy viloyatiga yetib kelganida ularda gaz yoqilg‘isi tugagan. Ushbu viloyatda «metan zapravka» ishlamayotgani tufayli qatnovlarni oxiriga yetkazishning imkoni bo‘lmagan.

Vujudga kelgan muammoni zudlik bilan bartaraf etish yuzasidan Navoiy va Samarqand viloyati transport boshqarmalari bilan hamkorlikda yo‘lovchilar «SAMO» mehmonxonasiga vaqtinchalik joylashtirilgan.

«18 yanvar soat 10:27 larda dizel yonilg‘isida harakatlanuvchi avtobuslarni jalb qilgan holda Toshkent shahri yo‘nalishi bo‘yicha harakat yo‘lga qo‘yilib, yo‘lovchilar oxirgi manzilga yetkazilgan. Yo‘lovchilar tomonidan ko‘rilgan zararni tashuvchi korxona tomonidan qoplash bo‘yicha choralar ko‘rilgan. Holatlar qayta takrorlanmasligi bo‘yicha Urganch avtovokzali mas’ullari qat’iy ogohlantirildi», deyiladi Transport vazirligi munosabatida.

Ma’lumot uchun, 2023 yil 12 yanvar kunidan boshlab tabiiy gazni birinchi navbatda aholi xonadonlari, elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi korxonalar hamda ijtimoiy obektlarga yetkazib berish maqsadida «metan zapravka»lar faoliyati vaqtincha to‘xtatilgandi.

2023 yil 19 yanvar kuni «O‘ztransgaz» bayonot berib, qachonki ob-havo harorati ko‘tarilib, qulay sharoit paydo bo‘lgach, respublikadagi barcha AGTKShlar odatdagi ish tartibida ishlay boshlashini ma’lum qildi.

Top