14:53 / 26.01.2023
12618

Ayollar va bolalar huquqlarini himoya qiluvchi qonun loyihasi “qaychilab” tashlandi. Loyiha ijodkorlari bundan norozi

Qonun loyihasini ishlab chiqishda qatnashgan ekspertlar esa uning jinoiy javobgarlik bilan bog‘liq joylari “kesib tashlangani”ni ma’lum qilishdi. Gender komissiya a’zosi Saida Mirziyoyeva oilaviy zo‘ravonlik uchun javobgarlik joriy etishga chaqirgan edi.

Foto: KUN.UZ

2023 yilning 11 yanvar kuni “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi. 24 yanvar kuni Oliy majlis Senatida senatorlar, bolalar ombudsmani vakili, Oliy sud, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi, “YUNISEF” xalqaro tashkiloti va NTT vakillari, faollar ishtirokida ushbu qonun loyihasi muhokama qilindi.

Loyihani ishlab chiqishda ishtirok etgan Nemolchi.uz loyihasi vakillarining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, Adliya vazirligi qonun loyihasini qisqartirilgan, ekspertlar tomonidan xalqaro normalar asosida ishlab chiqilgan muhim moddalarini olib tashlagan yoki tahrir qilgan holda muhokamaga qo‘ygan. Xususan, jamiyatda avj olayotgan, ko‘plab ayollarning o‘limiga, bolalarning zo‘ravonlikka uchrashiga sabab bo‘layotgan oilaviy zo‘ravonlik uchun jinoiy javobgarlik masalasi ushbu loyihada ham ochiq qoldirilgan.

Adliya vazirligi oiladagi zo‘ravonlikni kriminallashtirishga qarshimi?

Bunga dalil sifatida Nemolchi.uz vakillari shunday deydi:

“Biz ishtirok etgan Senat qoshidagi ishchi guruh quyidagi variantda:

126-1-modda. Oilada zo‘ravonlik:

Bir oila a’zosi tomonidan boshqa oila a’zosiga nisbatan qasddan sodir etilgan harakat yoki harakatsizlik, u quyidagilarda namoyon bo‘lganda:

a) kaltaklash yoki badanga yengil shikast yetkazishga sabab bo‘lgan boshqa zo‘ravonlik harakatlarini sodir etish;

b) tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchiga o‘z xohish-irodasini singdirish yoki uning ustidan nazoratni olish maqsadida uni izolyatsiya qilish, qo‘rqitish;

v) iqtisodiy vositalardan mahrum qilish natijasida iqtisodiy vositalardan, shu jumladan yashash uchun mablag‘dan mahrum qilish, kamsitish, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchining sog‘lig‘iga uncha og‘ir bo‘lmagan zarar yetkazish, bir yuz ellik soatdan bir yuz sakson soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki uch yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

O‘sha harakatlar:

a) ikki yoki undan ortiq oila a’zolariga nisbatan;

b) o‘z oila a’zosiga nisbatan voyaga yetmagan shaxs hozirligida sodir etilgan bo‘lsa;

v) aybdor shaxsga nisbatan himoya orderi talablarini bajarmaganligi uchun ma’muriy jazo chorasi qo‘llanganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa;

g) badanga o‘rtacha og‘irlikdagi shikast yetkazishga sabab bo‘lganda, bir yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

O‘sha harakatlar:

a) takroran sodir etilgan;

b) og‘ir tan jarohati yetkazishga sabab bo‘lgan;

v) o‘z joniga qasd qilishga urinishga sabab bo‘lgan bo‘lsa, sakkiz yildan o‘n bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Ushbu moddaning 3-qismida nazarda tutilgan harakatlar jabrlanuvchining o‘limiga sabab bo‘lgan bo‘lsa, o‘n bir yildan o‘n besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi, degan taklif berilgan edi.

Biroq Adliya vazirligi loyihadan oiladagi zo‘ravonlik uchun jazoni nazarda tutuvchi moddani to‘liq olib tashladi. Bu oiladagi zo‘ravonlik tushunchasi qonunchilikka kiritiladi, lekin buning uchun jazo bo‘lmasligini anglatadimi?

Nega oiladagi zo‘ravonlikni kriminallashtirish muhim?

O‘zbekiston 1995 yilda xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikning barcha shakllarini bartaraf etish to‘g‘risidagi Konvensiyani ratifikatsiya qilgan va Xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikni bartaraf etish qo‘mitasiga ushbu sohadagi ishlar to‘g‘risida hisobot taqdim etgan. 6-hisobotga yakuniy tavsiyalarda qo‘mita «oiladagi zo‘ravonlik uchun aniq jinoiy javobgarlikni ta’minlash, jinoiy javobgarlikka tortish choralarini ko‘rish»ni tavsiya qilgan.

BMTning xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini ishlab chiqish bo‘yicha tavsiyalarida ham himoya orderlarining buzilishi jinoiy javobgarlikka tortilishi kerakligi ko‘rsatilgan.

Biroq O‘zbekistonda oiladagi kaltaklash, iqtisodiy va psixologik zo‘ravonlik holatlarida jabrlanuvchini faqat rasmiy himoya qiladigan himoya orderlari beriladi. Ularning buzilishi va tan jarohati yetkazish holatida jinoiy va ma’muriy ishlar deyarli boshlanmaydi.

Shuningdek, BMTning ayollarga nisbatan zo‘ravonlik bo‘yicha qonunchilikni ishlab chiqish bo‘yicha tavsiyalariga muvofiq, “himoya orderlarini buzish qonun bilan jinoiy javobgarlikka tortilishi kerak”. Qonun loyihasining yangi tahririda bu tavsiya yana e’tiborga olinmadi. Bunday qonun loyihasini bolalar va ayollarni himoya qilish deb hisoblash mumkinmi?",- deydi guruh vakillari.

Senat ishchi guruhi tarkibida bo‘lgan iqtisodchi, jamoatchilik faoli Barnogul Sanaqulovaning aytishicha, bu loyiha ular ishlab chiqqan loyihadan katta farq qiladi:

“Biz 2022 yilning may oyidan beri Senat qoshida tashkil etilgan ishchi guruh bilan ayollar va bolalar zo‘ravonligiga qarshi jazo choralarini kuchaytirish yuzasidan o‘z takliflarimizni ishlab chiqqandik. Lekin bu qonun loyihasi muhokamaga qo‘yilganidan hatto bexabar qoldik. Ishchi guruh faollari qonun loyihasi tahlilini tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishgandan so‘ng, jamoatchilik muhokamasiga qo‘yishdan avval bizga ham ko‘rsatishlarini so‘rab bir necha marotaba murojaat qildik. Lekin bu so‘rovlar guruh rahbari tomonidan e’tiborsiz qoldirildi.

 Yana bir narsa ajablanarliki, bugungi muhokamada tegishli vazirlik-idoralarning biz bilan ish olib borgan vakillari emas, butunlay boshqa vakillar ishtirok etishmoqda. Qonun loyihasi ustida ishlaganlar bilangina uning tahlili haqida gaplashish mumkin. Hozir solishtirsak muhokamaga qo‘yilgan variant ishchi guruh bergan variantdan katta farq qiladi. Misol uchuna aybdor shaxs tomonidan voyaga yetmagan shaxsga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik jinoyati sodir etilgan taqdirda, bolalar bilan bog‘liq muayyan lavozimlarni egallash yoki muayyan faoliyat bilan shug‘ullanish huquqidan umrbod mahrum qilish majburiy shart bo‘lishi kerak deb hisoblaymiz. Aynan aybdor shaxsning huquqlarining bunday cheklanishi aybdorning bunday jinoyatlarni kelgusid yana sodir etishi ehtimolligining oldini olishi mumkin. Bunday taqiq aybdor shaxs voyaga yetmagan shaxs bilan bevosita aloqada bo‘lishi mumkin bo‘lgan har qanday lavozimni egallashga yoki har qanday faoliyatni amalga oshirishga taalluqli bo‘lishi kerak. Chunki O‘zbekiston Jinoyat kodeksida huquqdan umrbod mahrum qilish instituti hali mavjud emas, shuning uchun uni Jinoyat kodeksining 45-moddasiga faqat voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik qilish bilan bog‘liq muayyan jinoiy tarkiblarga nisbatan kiritish tavsiya etilgan edi. Bunday cheklovlar jahon amaliyotida bor. Afsuski, Adliya vazirligi tomonidan taqdim etilayotgan Qonun loyihasida bu modda butunlay chiqarib tashlangan”,- dedi u.

Sanaqulovaning e’tirozlariga javoban Bosh prokuratura mas’uli bu moddaning olib tashlanishi inson huquqlari toptalishi bilan bog‘liq deya izohladi. Ya’ni voyaga yetmagan shaxsga nisbatan zo‘ravonlik bilan sudlangan shaxs yaqinlari va atrofdagilar oldida butun umr bu holatdan ruhiy iztirob chekishi mumkin ekan.

“Jamiyatdagi eng himoyalanmagan voyaga yetmagan bolalar huquqi, ularning himoyalash mexanizmi, jinsiy zo‘ravonlik qilgan shaxsdan jazoni o‘tab bo‘lganidan keyin himoyalash masalasi nima bo‘ladi, bugun qaysidir tashkilot kafolat bera oladimi, kelgusida bunday zo‘ravonlik takroran sodir etilmaydi deb, jahon tajribasida voyaga yetmaganlarga nisbatan sodir etiladigan bunday zo‘ravonlikka psixologik kasallik sifatida qaraladi, bunday zo‘ravonlarning “maxsus registri” yuritiladi, jamiyat bunday zo‘ravonlardan ogohlantiriladi, agar bunday zo‘ravonlikni amalga oshirgan shaxs o‘z yashash lokatsiyasini o‘zgartirsa, tevarak atrofdagi insonlarni o‘zi haqida ogohlantirilishiga majbur qilinadi, bunday insonlar bolalar bilan ishlaydigan muassasalarga yaqinlashtirilmaydi, o‘z faoliyatini olib borishiga imkoniyat bermaydi va aynan shu orqali kelgusida yuz berishi mumkin bo‘lgan jinoyatni oldi olinishiga erishiladi,- deya Bosh prokuratura vakiliga fikr bildirishdi ishchi guruh a’zolari.

Kun.uz muxbiri ushbu qonun loyihasi Adliya vazirligi tomonidan muhokamaga qo‘yilishidan oldin ko‘rib chiqqan ekspertlardan biri “Oila” NNTning huquqiy bo‘limi rahbari, Senatning Xotin-qizlar masalalari va gender tengligi bo‘yicha qo‘mitasining milliy eksperti Gulnora Eshonxonova bilan bog‘landi.

“Loyiha bilan tanishib hayratda qoldim. Qonun loyihasiga taklif etilgan “Oilaviy zo‘ravonlik” jinoyat tarkibi qandaydir noma’lum sabablarga ko‘ra tushib qolgan. Jamiyatda ushbu jinoyatlarga qarshi murosasiz muhitni yaratishning eng asosiysi ushbu qonunbuzarliklarga qat’iy chora ko‘rishdir.

Bundan tashqari qonun loyihasiga “jinsiy tegajog‘lik” aniq tushunchasi kiritilishi va javobgarlik belgilanishi lozim. Muhokamaga qo‘yilgan loyihada esa “tazyiq” degan tushuncha yangi tahrirda berilgan: “tazyiq – xotin-qizlarni uning jinsiy taalluqliligidan kelib chiqib, sha’ni va qadr-qimmatini kamsitadigan harakat (harakatsizlik), shilqimlik”.

To‘g‘risini aytsam, tazyiqni qanday qilib xarakatsizlik orqali sodir etishni tasavvur qila olmayapman. Ammo Ishchi guruh a’zolari tomonidan jinsiy tegajog‘likka kiradigan barcha harakatlar sanab o‘tilgan. Bu huquqbuzarlik tarkibiga o‘qish, ish joyida, ko‘chada sodir etilgan shaxsning xohishiga qarshi, sha’ni, qadr-qimmatini kamsituvchi, xaqoratlovchi so‘z bilan yoki so‘zsiz ifodalangan har qanday shahvoniy xarakatlar, shu jumladan xizmat vakolatidan foydalanib, shantaj qilib yoki pul evaziga jinsiy aloqaga kirish to‘g‘risida takliflar kiradi. Muhokamaga qo‘yilgan qonun loyihasida esa jinsiy tegajog‘likka kiradigan barcha harakatlar ko‘rsatilmagan. Bu esa amaliyotda ushbu harakatlarni sud tomonidan malakalashda va jabrlanuvchining buzilgan huquqlarini himoya qilishda hamda tiklashda qiyinchiliklarni keltirib  chiqarishi mumkin. Bundan kim manfaatdor?”,- deya ta’kidladi ekspert.

Bir necha soat davom etgan bahsli muhokamalardan so‘ng yig‘ilishga raislik qilgan Senatning Sud-huquq va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Shuhrat Cho‘lliyev ikkala versiya ustida yana o‘rganish olib borilishi lozimligini aytdi.

“Qonun loyihasini qayta o‘rganish uchun ma’lum muddat talab qiladi. Ikki kun davomida Senat ishchi guruhi tomonidan taqdim etilgan va vazirlik tomonidan muhokamaga qo‘yilgan variantlar chuqur o‘rganiladi. Shundan so‘ng bugun ochiq qolayotgan savollarga javob topishimiz mumkin”,- deb muhokamaga yakun yasadi u. Yig‘ilish qatnashchilari 26 yanvar kuni qonun loyihasini qayta muhokama qilishga kelishishdi, regulation.gov.uz’dagi loyiha muhokamasi ham 26 yanvar kuni yakunlanadi.

Eslatib o‘tamiz, Gender tengligini ta’minlash bo‘yicha komissiyasi a’zosi Saida Mirziyoyeva o‘z sahifasida mazkur qonun loyihasi bo‘yicha jamoatchilik muhokamasi o‘tkazilishi haqida yozib, qonun chiqaruvchilarni oiladagi zo‘ravonlik uchun jinoiy javobgarlik tayinlashga chaqirdi.

Shuningdek, Mirziyoyeva 6 dekabr kuni “Zo‘ravonlikka qarshi kurashni institutlashtirish” mavzusidagi xalqaro konferensiyada oilaviy zo‘ravonlikni jinoyat deb baholash kerakligini ta’kidlagan edi.

“...biz zo‘ravonlikka nisbatan juda sabrlimiz. Menimcha, endilikda zo‘ravonlikning har qanday ko‘rinishiga ayollargina emas, birinchi navbatda davlatning o‘zi qarshi ekanligiga urg‘u berishimiz lozim. Oiladagi zo‘ravonlik faqat bir oilaning ichki ishi emas, bu muammo va mas’uliyat butun jamiyatga tegishlidir.

Ayol o‘z dardi bilan yolg‘iz qolib ketmasligi kerak. Voyaga yetmaganlar bilan jinsiy aloqa qilganlik uchun jazo choralarini kuchaytirish zarur. Bu borada bolalar va o‘smirlarni himoya qilishning aniq va qat’iy mexanizmlarini ishlab chiqish lozim. Oiladagi zo‘ravonlikni rosmana jinoyat deb baholash vaqti keldi.

Zo‘ravonlikka qarshi kurashning barcha bosqichlarida to‘laqonli ishlaydigan mexanizm yaratish zarur. Bu esa hamma tegishli idora hamda vazirliklar, shuningdek, nodavlat sektor va OAVning birgalikdagi faoliyatini talab etadi”, – degan edi u.

Gulmira Toshniyozova, Kun.uz muxbiri

Top