16:52 / 26.01.2023
11310

«Gaz transport tizimini boshqaruvga berish degan gap yo‘q» - Energetika vaziri «Gazprom» bilan imzolangan «yo‘l xaritasi» haqida

Foto: Gazeta.uz

O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Rossiya bilan gaz importi masalasida tuzilgan yo‘l xaritasi bo‘yicha izoh berdi. 

«Bu Rossiyadan tabiiy gazni import qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni ko‘zda tutuvchi yo‘l xaritasi hisoblanadi. Ya’ni texnik shartlarni o‘rganamiz, keyin texnik imkoniyatlardan kelib chiqib, tijoriy narxlar bo‘yicha kelishsak, Rossiyadan gaz import qilish ko‘zda tutiladi. 

Gaz quvurga kirgandan keyin hamma iste’molchilarga — aholiga ham, barcha ishlab chiqaruvchi korxonalarga ham tarqatamiz. Kecha jurnalistlarga tushuntirish berdik, asosiy mazmunini ham ko‘rsatdik, u yerda umuman gaz transport tizimini xususiylashtirish yoki boshqaruvga berish degan gap yo‘q. 

Avval ham, masalan, Turkmanistondan Xitoyga ketadigan gazni aytganman, O‘zbekiston, Turkmaniston, Xitoy, Qozog‘iston hududida koordinatsion qo‘mita bor, texnik imkoniyatlarning hammasini birgalikda o‘rganib chiqadi», dedi vazir Bishkekda uni savolga tutgan jurnalistlarga.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston energetika vazirligi va Rossiyaning «Gazprom» kompaniyasi o‘rtasida 24 yanvar kuni o‘zaro hamkorlik bo‘yicha «yo‘l xaritasi» imzolangandi. Hujjat imzolanganidan keyin o‘tgan qariyb bir sutka vaqt ichida O‘zbekiston tomoni bu borada birorta ham izoh bermagani jamoatchilikda jiddiy xavotirlarni yuzaga keltirdi. Xususan, ijtimoiy tarmoqlarda mamlakatning gaz transport tizimi «Gazprom»ga ishonchli boshqaruvga berib yuborilishi mumkinligi haqida taxminlar paydo bo‘ldi.

Mavzuga oid
Top