10:52 / 28.01.2023
6983

Sirdaryoda 5 gektar yerni 40 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan qishloq xo‘jaligi bo‘limi xodimi ushlandi

Sirdaryoda 5 gektar yerni 40 ming AQSh dollariga sotmoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar bermoqda.

Foto: Videodan kadr

Sirdaryo tumani qishloq xo‘jaligi bo‘limi xodimi ukasi bilan o‘zaro til biriktirib, Sayxunobod tumani hududidagi 5 gektar yer maydonini tegishli tashkilotlardagi tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 40 ming AQSh dollari talab qiladi.

Davlat xavfsizlik xizmatining Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda Guliston shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda ular oldindan 20 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ushlandi.

Aniqlanishicha, mazkur 5 gektar yer maydoni 2020 yilda viloyat hokimligi bayonnomasi asosida daryo o‘zanini tozalash, qirg‘oqlarini mustahkamlash va qum-shag‘al qazib olish maqsadida istisno tariqasida, auksion savdolariga qo‘yilgunga qadar foydalanish uchun Sirdaryo tumani qishloq xo‘jaligi bo‘limi xodimiga qarashli MChJga biriktirilgan. 2022 yilda viloyat hokimligining tegishli bayonnomasi bilan  ushbu biriktiruv bekor qilingan.

Hozirda holat yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Top