08:43 / 29.01.2023
46618

Nodirbek Abdusattorov yetakchilikni davom ettirmoqda. Bugun u chempionlikni rasmiylashtirishi mumkin

Nodirbek Abdusattorov amerikalik raqibi bilan durang o‘ynadi va hamon musobaqa peshqadami bo‘lib turibdi. Javohir Sindorovda ham durang.

Foto: Tata Steel Chess

Shaxmat bo‘yicha Niderlandiyada Tata Steel Chess 2023 turniri yakunlanmoqda.

Nodirbek Abdusattorov 12-turda amerikalik Uesli Soga qarshi dona surdi va murosa ko‘chasini tanladi. Endilikda o‘zbekistonlik shaxmatchi ochkolari sonini 8 taga yetkazdi va hamon Masters guruhi peshqadami bo‘lib turibdi. Uni 0,5 ochkolik farq bilan Anish Giri ta’qib etmoqda. Uchinchi va to‘rtinchi o‘rinlardagi Uesli So va Magnus Karlsenlarda 7 tadan ochko bor. 

12-turdagi natijalar:

Turnir jadvalidagi vaziyat:

Bugun turnirda so‘nggi tur o‘tkaziladi va unda Abdusattorov niderlandiyalik van Forestga (jadvalning quyi qismidagi bu shaxmatchi 12-turda Giri bilan durang o‘ynadi) qarshi bahs olib boradi. Bu bahsdagi g‘alaba unga chempionlikni kafolatlaydi. Durang yoki mag‘lubiyat qayd etilgan holatda esa Anish Giri, Uesli So va Karlsenning natijalariga qaraladi.

Giri bugun Rapport bilan, So Rameshbabu bilan, Karlsen esa Arjun Erigaisi bilan kuch sinashadi.

Ma’lumot uchun, Abdusattorov turnir davomida shu vaqtgacha 4 bahsda g‘olib bo‘lgan va bu borada faqat Karlsenda shunday ko‘rsatkich. O‘zbekistonlik shaxmatchi Rapport, Parham, Karlsen va Arjun Erigaisini mag‘lub etib, qolgan raqiblari bilan durang qayd etgan, mag‘lubiyatga uchramagan (Giri, Uesli va Aronyanda ham mag‘lubiyat yo‘q).

U 5-turdan keyin turnir jadvalida peshqadamlikni qo‘lga olgan va shundan beri birinchi o‘rindan pastga tushmagan.

Challengers guruhida ishtirok etayotgan Javohir Sindorov esa navbatdagi turda eronlik Amin Tabataei bilan durang qayd etdi. Sindorov 7,5 ochko to‘plagan holda 3-pog‘onada joylashgan. Unda chempionlik uchun imkoniyat qolmagan.

Top