18:50 / 30.01.2023
60094

Polsha bosh vaziri chechenlar mustaqillikka haqli ekanini aytdi. Ramzon Qodirov javob qaytardi

Qodirov ashaddiy ichkeriyachi bo‘lgani, G‘arb davlatlari esa chechenlarga mustaqil davlat qurishda yordam bermaganini aytgan. Ammo uning bu so‘zlari bahsli.

Foto: Yelena Afonina / TASS

Rossiya tarkibiga kiruvchi Checheniston Respublikasi rahbari Ramzon Qodirov Polsha bosh vaziri Mateush Moravetskiyni tanqid qildi. Avvalroq, polshalik mulozim «Checheniston mustaqil davlat bo‘lishga loyiqligi»ni aytgandi.

«U Ichkeriyani qo‘llab-quvvatlash kerakligini aytadi. Menda bir savol bor: biz Ichkeriya uchun kurashganimizda, mustaqillik manfaatlarini himoya qilganimizda qayerda edingiz, nega Yevropa davlatlari, jumladan, Ukraina ham bizni qo‘llab-quvvatlamadi va bugun birdan siz mavjud bo‘lmagan davlatni qo‘llab-quvvatlashga qaror qildingiz?» dedi Qodirov 28 yanvar kuni o‘z Telegram-kanalida e’lon qilgan videomurojaatida.

«Ashaddiy ichkeriyachi edim, ammo aynan siz (aftidan, G‘arb mamlakatlari) davlat qurishimizga yo‘l qo‘ymadingiz», deya davom etgan Checheniston rahbari.

Biroq, so‘nggi yillarda Rossiya rasmiylari va targ‘ibotchilari buning aksini, ya’ni Chechenistondagi separatizmni aynan G‘arb qo‘llab-quvvatlaganini gapirmoqda.

2017 yilda Rossiya prezidenti Vladimir Putin Amerika razvedkasi xodimlari chechen jangchilarini qo‘llab-quvvatlagani, jumladan, «jangchilarni bir joydan ikkinchi joyga ko‘chirgani»ni ta’kidlagan edi. Bu haqda u Oliver Stounning «Putin bilan intervyu» filmida aytib o‘tgandi.

«Biz o‘sha paytda amerikalik hamkorlarimiz bu terrorchilardan Rossiyadagi ichki siyosiy vaziyatni izdan chiqarish uchun foydalanayotgani haqida mutlaqo qat’iy fikrda edik», degan Putin va qo‘shimcha qilgan: «Axborot va siyosiy yordamga kelsak, bunga dalil kerak emas, bu hammaga aniq edi. Bu ochiq va oshkora amalga oshirildi».

2008 yil aprel oyida «Abubakar. «Kavkaz» rejasi» nomli film namoyish etildi. Unda AQSh va G‘arbiy Yevropadagi bir qator davlatlarning Shimoliy Kavkazni Rossiyadan ajratish rejalari haqida gap boradi.

Ramzan Qodirov o‘z videomurojaatida Checheniston aholisi «Rossiya Federatsiyasi tarkibida yashashga qaror qilgani»ni ta’kidladi – bu «xalq tanlovi».

«Bugun esa alohida davlat bo‘lishini qanchalar istamaylik, biz [alohida davlat sifatida] mavjud bo‘la olmaymiz, chunki bir yarim million aholini oziq-ovqat, kiyim-kechak, poyabzal bilan ta’minlash kerak, ta’lim, maktabgacha ta’lim, ijtimoiy muammolar, qurilish, boshqa dastur va loyihalar — biz bularni eplay olmaymiz. Shu sababli xalqimiz har jihatdan, har tomonlama to‘g‘ri tanlov qildi. Biz esa har yili, har kuni bunga amin bo‘lmoqdamiz», dedi u.

Bundan avvalroq Polsha bosh vaziri Mateush Moravetskiy Fransiyaning LCI telekanaliga bergan intervyusida ba’zi xalqlar Rossiyada «qamoqxona»da ekanini aytgandi. «Rossiyaning bu hududlari, masalan, Checheniston, ozod etilishi mumkin. Ular mustaqil bo‘lishi mumkin. Ular asrlar davomida ozodlik uchun kurashdi va o‘nlab yillar davomida shunga intilmoqda. Menimcha, bu hudud mustaqillikka loyiq», degan edi Moravetskiy.

Yevropada mustaqil Checheniston mavzusini Ukraina Oliy Radasi 2022 yil oktyabr oyida Ichkeriya Chechen Respublikasini «Rossiya Federatsiyasi tomonidan vaqtincha bosib olingan hudud» deb e’lon qilgan rezolyutsiyadan so‘ng muhokama qila boshlashdi.

Mavzuga oid
Top