12:51 / 05.02.2023
58356

AQSh xitoyliklarning «josus shari»ni Atlantika ustida urib tushirdi. Pekin norozilik bildirdi

Xitoy tomoni bu razvedka uchun emas, balki meteoma’lumotlar yig‘ish uchun uchirilganini ma’lum qilgan.

Larry Mayer / The Billings Gazette / AP / Scanpix / LETA

Amerikalik harbiylar Janubiy Karolina sohillari yaqinida xitoyliklarning payshanba kuni Amerika havo kengliklariga kirib kelgan «josus shari»ni urib tushirdi.

Bu jarayonni kuzatib turgan Reuters agentligi fotografining xabar berishicha, havo shariga qiruvchi samolyot raketa uchirgan, ammo u portlamagan, shunchaki pastga qulay boshlagan. Shar Atlantika okeaniga qulagan, amerikaliklar uning qoldiqlarini suvdan chiqarib olib, o‘rganish uchun topshirishmoqchi.

AQSh prezidenti Jo Bayden sharni urib tushirgan qiruvchi samolyot uchuvchisini tabrikladi.

Bu vaqtda rasmiy Pekin Vashingtonga Amerika tomoni xitoyliklar sharini urib tushirgani uchun norozilik bildirdi. XXR TIV Qo‘shma shtatlarni haddan tashqari jiddiy reaksiya qilishda va xalqaro amaliyotni buzishda ayblagan. Shuningdek, Xitoy Vashingtonning harakatlariga javob qaytarish huquqini o‘zida saqlab qolishi qayd etilgan.

Shanba kuni Xitoy AQShni xotirjamlik saqlash va hodisani «sovuqqonlik» bilan tekshirishga chaqirdi.

Amerikada avvalboshdan ushbu noma’lum uchar obektni urib tushirishga chaqiriqlar yangragan, ammo shar harbiylar fuqarolik aviatsiyasi foydalanadigan havo yo‘laklaridan ancha yuqorida harakatlanayotgani va havoda hech qanday tahdid solmayotgani, shuningdek, qulash tufayli uning parchalari quruqlikda kimgadir ziyon yetkazishi mumkinligi tufayli uni urib tushirishni istamayotgandi.

Shanba kuni AQSh Federal fuqarolik aviatsiyasi boshqarmasi (FAA) xavfsizlik nuqtayi nazaridan uchta aeroportni, jumladan havo oqimlari xitoyliklar sharini olib kirgan Janubiy Karolina shtatidagi Mirtl-Bich xalqaro aeroportini ham yopishga qaror qildi.

FAA shuningdek Janubiy Karolina sohillari yaqinidagi havo kengligini fuqarolik parvozlari uchun yopib qo‘ydi - bu hududda AQSh harbiy havo kuchlari va sohil xavfsizligi xizmati navbatchilik qilishga kirishgandi.

Payshanba kuni AQSh havo kengligida xitoyliklarning ulkan «razvedkachi havo shari» aniqlanganidan keyin AQSh davlat kotibi Entoni Blinken rasmiy Pekinning harakatlarini mas’uliyatsizlik deb baholab, ushbu shaharga rejalashtirilgan rasmiy tashrifini bekor qildi.

Ammo bu hammasi emasdi: ko‘p o‘tmay Pentagon Lotin Amerikasi osmonida xitoyliklarning yana bir «razvedkachi shari» payqalgani haqida xabar berdi.

Amerika tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, xitoyliklarning birinchi uchratilgan uchish apparati Alyaska va Kanada hududi ustidan juda balanddan uchib o‘tgan, shundan keyin Montana osmonida paydo bo‘lgan - bu yerda amerikaliklarning yadroviy jangovar kallaklarni tashishga qodir bo‘lgan ballistik raketalarini uchirish shaxtalari joylashgan.

Hodisa Amerika rahbariyatining g‘azabini qo‘zg‘adi, Entoni Blinken AQSh hududi ustida xitoyliklarning «razvedkachi shari» paydo bo‘lishi mamlakat suvereniteti va xalqaro qonunchilikni ochiqchasiga buzish, shuningdek bu hodisa uning Pekinga tashrifi rejalashtirilgan kunlar arafasida ro‘y bergani (bu AQSh davlat kotibining ko‘p yillar davomida birinchi tashrifi bo‘lishi kutilayotgandi) hisobga olinsa, o‘taketgan mas’uliyatsiz qadam bo‘lganini aytdi.

Blinken qator masalalarni, jumladan xavfsizlik, Tayvan va kovid masalalarini muhokama qilish uchun 5-6 fevral kunlari Pekinda bo‘lishi kerak edi, ammo Amerika ustida xitoyliklarning «razvedkachi shari» paydo bo‘lgach, tashrif bekor qilindi.

Pekin esa bir muddat sukut saqladi, ammo juma kuni Xitoy TIV bu chindan ham Xitoy shari ekani, ammo razvedkachi emas, balki tinch maqsadlardagi meteorologik zond bo‘lib, yomon havo tufayli kursdan og‘ib ketganini bildirdi.

«Uning boshqaruv imkoniyatlari cheklangan va g‘arbiy shamollar ta’sirida u rejalashtirilgan yo‘nalishdan ancha og‘ib ketgan. Xitoy tomoni fors-major holatlari tufayli uchar apparatning AQSh havo hududiga beixtiyor kirganidan afsusda», deyilgan vazirlik bayonotida.

Shanba kuni esa Xitoy TIV Pekin «doimo barcha davlatlarning suvereniteti va hududiy yaxlitligini hurmat qilgani va hech qachon hech kimning havo hududini qasddan buzib kirmagani» to‘g‘risida bayonot berdi.

Bayonotda shuningdek vazirlikning yuqori martabali mulozimi bu hodisani AQSh davlat kotibi bilan muhokama qilgani bildirilgan va «kutilmagan vaziyatlar bilan to‘qnash kelinganda» barcha darajadagi aloqa kanallarini ochiq tutish va xotirjamlik saqlab, sog‘lom aqlga tayanish zarurligi eslatilgan.

Bu vaqtda esa Pentagon xitoyliklarning ikkinchi «razvedkachi havo shari»ni aniqladi - bu safar Lotin Amerikasi ustida. U harakatlanayotgan joy to‘g‘risida aniq ma’lumot berilmagan, ammo mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, sharni Kosta-Rika va Venesuela osmonida ko‘rishgan.

Xitoy hozircha bu hududda ikkinchi shar paydo bo‘lgani bo‘yicha munosabat bildirmadi.

Mavzuga oid
Top