16:10 / 08.02.2023
15831

«Ukrainani ochiqchasiga bizning hududlarimizni egallashga undashmoqda». Shoygu - Kiyevga hujum qurollari berilishi haqida

Foto: Videodan skrinshot

RF mudofaa vaziri Sergey Shoyguning fikricha, NATO mamlakatlari Ukrainaga hujum qurollari yetkazib berish orqali mojaroni uzaytirishga urinmoqda. «Interfaks» nashri yozishicha, u bu haqda mudofaa vazirligidagi selektor yig‘ilishida gapirgan.

«AQSh va uning ittifoqchilari mojaroni maksimal darajada cho‘zishga urinmoqda. Buning uchun ular og‘ir hujum qurollari yetkazib berishdi va bu bilan ochiqchasiga Ukrainani bizning hududlarimizni egallashga undamoqda. Amalda bunday qadamlar NATO davlatlarini mojaroga tortadi va bu oldindan aytib bo‘lmaydigan darajadagi eskalatsiyaga olib kelishi mumkin», — degan Shoygu.

Xuddi shu yig‘ilishda mudofaa vaziri Rossiya qo‘shinlari Donetsk va Zaporijjya yo‘nalishlarida yettita aholi yashash manzillarini egallagani haqida gapirgan: Soledar, Kleshchiyevka, Podgornoye, Krasnopilya, Blahodatnoye, Lobkovoye va Mikolayivka. Shoyguning tasdiqlashicha, yanvar oyida Ukraina qurolli kuchlari 6,5 mingdan ortiq askari, 341 ta tank, 26 samolyot va yetti vertolyotini yo‘qotgan.

  • Fevral oyi boshida AQSh mudofaa vazirligi Ukrainaga 2,2 milliard dollar miqdoridagi yangi harbiy yordam paketi ajratilishini e’lon qilgandi. Xususan, AQSh Ukrainaga 150 kilometr masofadagi nishonni yo‘q qilishga qodir raketalar ham beradi. Ukraina mudofaa vazirligi Oleksiy Reznikov Kiyev G‘arbga uzoq masofaga harakatlanuvchi raketalarni Rossiya hududidagi nishonlarga qo‘llamasligiga kafolat bergan. Vazir Ukrainada «shusiz ham vaqtincha bosib olingan hududlarda yetarlicha nishonlar borligi»ni aytgan (Kiyev 2014 yilda annexia qilingan Qrimni ham shunday hududlar sirasiga kiritadi).
Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top