07:56 / 08.02.2023
4680

Yevropa Ittifoqi Moldovani tarkibiy islohotlarga chaqirdi

YeI-Moldova Assotsiatsiya kengashi yig‘ilishida 2022 yilda mamlakatda amalga oshirilgan islohotlar yakunlari sarhisob qilindi. Kishinyov adliya va korrupsiyaga qarshi kurash sohasida sezilarli yutuqlarga erishdi, deb ma’lum qildi Yevrokomissiya.

Foto: AP

Moldova va YeI o‘rtasida bojxona, soliq va sog‘liqni saqlash sohalarida uchta shartnoma imzolash orqali bir qator muhim yo‘nalishlarda hamkorlikni chuqurlashtirishga kelishib olindi. Bu haqda 7 fevral, seshanba kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan YeI-Moldova assotsiatsiyasi kengashining yettinchi yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha e’lon qilingan qo‘shma bayonotda aytiladi.

YeIning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel va Moldova bosh vaziri Natalya Gavrilitsa raisligida o‘tgan yig‘ilish ishtirokchilari Kishinyov tomonidan 2022 yilda Yevropa Ittifoqi bilan assotsiatsiya kelishuvi doirasida amalga oshirilgan islohotlarni muhokama qildilar. «2022 yilda Moldova Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzkorligining og‘ir oqibatlariga qaramay, bir qancha sohalarda, xususan, adliya va korrupsiyaga qarshi kurashda sezilarli muvaffaqiyatlarga erishdi», — deyiladi uchrashuvdan keyin Yevropa komissiyasi saytida e’lon qilingan xabarda. 

Shu munosabat bilan YeI 2021 yil oktyabr oyidan buyon 1,09 milliard yevro miqdorida kredit va grantlar berib, inqirozlarga chidamliligi uchun mamlakatga ko‘makni sezilarli darajada oshirdi. Bryussel, shuningdek, Moldovaga 150 million yevrolik makromoliyaviy yordam dasturi orqali makroiqtisodiy va moliyaviy barqarorlashtirish sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash majburiyatini yana bir bor tasdiqladi.

Shu bilan birga, Yevropa Ittifoqi Moldovaning iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotda oligarxlarning haddan tashqari ta’siriga qarshi kurashish bo‘yicha sa’y-harakatlarni faollashtirish istagini olqishladi. Shu munosabat bilan Yevropa Ittifoqi adliya, siyosiy partiyalarni moliyalashtirish, saylov qonunchiligi, ommaviy axborot vositalariga egalik qilish, soliqqa tortish, raqobat siyosati, Venetsiya komissiyasi tavsiyalarini to‘liq amalga oshirishda chuqur tarkibiy va tartibga soluvchi islohotlar muhimligini ta’kidladi. Bundan tashqari, YeI Moldovani pul yuvish, shuningdek, uyushgan va transchegaraviy jinoyatlarga, xususan, Ukrainadagi urush bilan bog‘liq holda odam kontrabandasiga qarshi faolroq kurashishga chaqirdi.

YeI Moldovaning Rossiyaning Ukrainadagi agressiyasiga qarshi qat’iy pozitsiyasi va ukrainalik qochqinlar bilan birdamligini olqishladi. Bryussel Kishinyovning Yevropa Ittifoqi qonunchiligiga muvofiq Ukrainadagi urushdan qochgan odamlarni vaqtinchalik himoya qilish haqidagi qarorini ma’qulladi. Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi Moldovaga Ukrainadan g‘alla va yonilg‘i tranzitini, shuningdek, Moldova, Ukraina va YeI o‘rtasida boshqa yuklarni tashishni tashkil etishga qo‘shgan hissasi uchun minnatdorchilik bildirdi.

Yevropa Ittifoqi Kishinyovni Moldova Respublikasining suvereniteti va hududiy yaxlitligi asosida Dnestrbo‘yi mojarosini uning xalqaro tan olingan chegaralari doirasida, mintaqa alohida maqomga ega bo‘lgan holda hal qilish borasidagi sa’y-harakatlarida so‘zsiz qo‘llab-quvvatlashini tasdiqladi. Yevropa Ittifoqi Rossiyaning energiyadan Moldovani beqarorlashtirish quroli sifatida foydalanishda davom etayotganini qoraladi va Moldova hukumatining ushbu inqirozga konstruktiv yondashuvi uchun minnatdorchilik bildirdi.

Mavzuga oid
Top