12:20 / 11.02.2023
24791

KGB yoki MRB: AQShga qochib ketgan sovet xavfsizlik xodimi ikki tomonlama josus bo‘lganmi?

1962 yilda Shveytsariyada bo‘lib turgan sovet delegatsiyasi maslahatchisi MRB josuslari bilan aloqa bog‘laydi. Ularga AQShdan siyosiy boshpana so‘ramoqchi ekanini aytadi va muhim hujjatlarni beradi. Oradan ikki yil o‘tib, maslahatchi yana Jyenevaga kelganda uni AQShga jo‘natib yuborishadi. Aslida KGB josusi bo‘lgan bu odamni AQShda ham baxtli hayot kutmayotgan edi. U okean ortida ikki tomonlama josuslikda ayblanib, bir necha yil qamoqda saqlanadi.

Stalin vafotidan keyin uning davrida sodir etilgan ko‘plab jinoyatlar oshkor qilinar ekan, ko‘pchilik ziyolilarning kommunistik tuzumdan ko‘ngli soviy boshlaydi.

Kechagina davlatning yolg‘on targ‘ibotlariga uchib qatag‘on qilingan odamlar haqida salbiy fikrda bo‘lib yurganlar «xalqlar dohiysi» o‘lgach millionlab insonlar nohaq jazolangani haqida xabar topishadi.

Shundan so‘ng zo‘ravonlik va ma’muriy buyruqbozlik bilan boshqariladigan davlatdan turli yo‘llar bilan chet davlatlarga chiqib ketish holatlari ko‘payadi. Odamlar xorijga qochish uchun turli yo‘llarni tanlardi. Kimdir dengizdan suzib qochsa, yana kimdir sayohatga borib ortga qaytmasdi.

Xorijga qochayotganlar orasida KGB xodimlari ham bo‘lib, ular asosan xorijga chiqqanda G‘arb davlatlaridan boshpana so‘rardi. Yuriy Nosenko ham ulardan biri edi.

1962 yilda Nosenko Shveytsariyaning Jyeneva shahrida qurollanish poygasini to‘xtatish bo‘yicha o‘tkazilgan muzokaralarga sovet delegatsiyasi maslahatchisi niqobi ostida boradi.

Shu yerda u MRB josuslari bilan aloqaga chiqadi va AQShdan siyosiy boshpana so‘ramoqchi ekanini ma’lum qiladi.

Oradan 2 yil o‘tgach, 1964 yilda yana ish yuzasidan Shveytsariyaga borgan Nosenkoni MRB xodimlari AQShga qochirib yuborishadi.

Nosenkoning KGBda ish boshlashi

Yuriy Nosenko 1927 yilda Ukrainaning Nikolayev shahrida tug‘ilgan. Uning otasi 1939-1956 yillarda SSSR kemasozlik vaziri bo‘lgan. Katta Nosenko shaxsan Stalin bilan yaxshi munosabatda bo‘lgan. Shu sababli unga Beriyaning «tishi o‘tmagan» va qatag‘onlardan omon qolgan.

Otasining yuqori lavozimlarda ishlashi Yuriyga avval Naximov nomidagi harbiy-dengiz akademiyasida, so‘ng Moskvadagi xalqaro munosabatlar universitetida o‘qish imkoniyatini beradi.

Moskvadagi ushbu oliygoh o‘sha paytlarda SSSR tashqi ishlar vazirligi va NKVD (KGB u paytda shu tashkilot tarkibida edi) tasarrufida bo‘lib, Nosenko tahsil olgan yillarda uning maqomi institut darajasida edi.

1950 yilda Nosenko oliygohni tugatadi va 1953 yildan boshlab KGBda ishlay boshlaydi. Stalin vafotidan keyin oshkor bo‘lgan ishlar unga ham ta’sir qiladi va imkoniyati bo‘lishi bilanoq G‘arbga qochib ketishni rejalashtiradi.

Nosenko KGBning ikkinchi bosh boshqarmasida ishlagan. Uning vazifasi amerikalik josuslarga qarshi kurashish va xorijiy davlatlarda o‘tkaziladigan turli yig‘inlarda sovet delegatsiyasi a’zolarining xavfsizligini ta’minlash bo‘lgan.

Shu sababli Nosenko sovet delegatsiyalari bilan xorijiy davlatlarda o‘tkaziladigan turli xalqaro konferensiyalarga tez-tez borib turgan.

1962 yil mart oyida Shveytsariyaning Jyeneva shahrida qurollanish poygasini to‘xtatish bo‘yicha xalqaro konferensiya o‘tkaziladi. Unda dunyoning 17 ta davlati tashqi ishlar vazirlari qatnashadi.

Nosenko konferensiyaga sovet delegatsiyasi maslahatchisi niqobi ostida boradi. O‘shanda Nosenko Jyeneva shahrida bo‘lib turgan AQShlik diplomat bilan yashirincha uchrashadi va undan MRB josuslari bilan aloqaga chiqish uchun yordam so‘raydi.

Bir necha kundan so‘ng Nosenko MRB josuslari bilan uchrashib, ularga AQShdan siyosiy boshpana so‘ramoqchi ekanini bildiradi. Nosenko gapining isboti sifatida ularga bir qancha maxfiy hujjatlarni beradi.

Nosenko MRB xodimlariga bergan ma’lumotlar orasida KGB AQShning Moskvadagi elchixonasiga 42 ta eshitish moslamasi o‘rnatgani haqidagi maxfiy hujjat ham bor edi.

Tekshirib ko‘rishganda Nosenko taqdim etgan ma’lumotlar to‘g‘ri ekani tasdiqlanadi. MRB xodimlari Nosenko bilan hamkorlik qilishga rozi bo‘lishadi va qulay vaziyat bo‘lishi bilan uni AQShga jo‘natib yuborishga va’da berishadi.

Shundan so‘ng Nosenko Moskvaga qaytadi va MRBning SSSRdagi josuslariga maxfiy ma’lumotlarni berishda davom etadi.

1964 yil yanvar oyida Nosenkoni yana Shveytsariyaga jo‘natishadi. U Jyenevada MRB josuslari bilan bir necha marta uchrashib, AQShga qochish masalasini muhokama qiladi. 1964 yil 4 fevral kuni ular Nosenkoni AQShga jo‘natib yuborishadi. Uning oilasi Moskvada qoladi.

Nosenkoga o‘lim jazosi berilishi

SSSRdagi muhim tarmoqlardan birini uzoq yillar boshqargan sobiq vazirning o‘g‘li – KGB xodimining AQShga qochib ketishi sovetlar davlatida juda noxushlik bilan kutib olinadi.

Hodisadan Xrushchev xabar topgach (Xrushchev Nosenko qochganidan 9 oy o‘tib SSSR rahbarligidan ketkazilgan) u sobiq KGB josusi haqidagi barcha ma’lumotlarni yo‘q qilish haqida buyruq beradi.

Qolaversa, Nosenkoning qochishi KGB uchun ham katta muammolarni keltirib chiqaradi. O‘shanda u MRBga taqdim etgan ma’lumotlar tufayli KGB dunyo bo‘ylab ishlayotgan 300-400 nafar josuslarini ortga qaytarishga majbur bo‘ladi.

SSSRda Nosenkoga nisbatan vatanga xiyonat qilish moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi. Qo‘l ostidagi xodimga nisbatan «hushyor bo‘lmagani uchun» uning KGBdagi boshlig‘i ishdan haydaladi. Nosenko bilan yonma-yon ishlagan bir qancha xodimlarning lavozimlari pasaytiriladi.

SSSR oliy sudi Nosenkoni barcha unvonlar va mukofotlardan mahrum qiladi. Mulkini davlat hisobiga musodara qilib, o‘ziga oliy jazo – sirtdan o‘lim jazosi beradi.

MRB shubhalari va uy qamog‘i

Nosenko AQShga yetib borganidan so‘ng okean ortiga qochgan boshqa KGB josuslaridan farqli o‘laroq uni jiddiy so‘roq qilishadi. MRB Nosenkoni ikki tomonga (MRB va KGBga) birday ishlagan josus deb gumon qiladi. Nosenko ularga ikki tomonlama josus emasligini isbotlashi uchun 5 yil kerak bo‘ladi.

Nosenkoning AQShda so‘roq qilinishiga jiddiy sabab bor edi. 1963 yil 22 noyabr kuni AQSh prezidenti Jon Kennediga suiqasd uyushtiriladi va u halok bo‘ladi.

Kennediga suiqasd qilganlikda gumon qilingan shaxs Li Xarvi Osvald ism-sharifli kimsa edi. Kennedi vafot etganidan ikki kun o‘tib, 1963 yil 24 noyabr kuni qo‘lga olish chog‘ida Osvald otib o‘ldiriladi.

Osvald 1959-1962 yillar davomida SSSRda yashagan va ishlagan edi. U o‘sha paytda SSSR fuqaroligini olish uchun ariza bergan, biroq sovetlar rad etishgandi.

AQSh fuqarosi sifatida Osvald SSSRda har doim kuzatuvda bo‘ladi. Shu paytda KGB xodimlari u bilan bir necha marta suhbatlashishadi. Osvald SSSRda bo‘lganida u uchrashgan KGB josuslari orasida Nosenko ham bor edi.

Keyinchalik Osvald AQShga qaytgach okean ortida ishlayotgan KGB josuslari bilan ham aloqada bo‘lib yuradi. Osvald AQShdagi KGB josusi bilan so‘nggi marta Kennedini o‘ldirishidan ikki oy avval muloqotda bo‘lgani aniqlanadi.

Nosenko AQShga yetib borganida Kennedining o‘ldirilishi bo‘yicha tergov davom etayotgandi. Shu sababli uni ham MRBda so‘roq qilishadi. Nosenkodan Kennedining o‘ldirilishida KGBning roli bo‘lganmi-yo‘qmi shu haqda so‘rashadi. U o‘zi bilgan ma’lumotlarni oshkor qiladi.

O‘sha paytda AQShda Kennedini KGB o‘ldirtirgani keng muhokama bo‘layotgandi. Nosenko so‘roq davomida bu taxminni rad etadi.

Nosenkoga ko‘ra Osvaldga Kennedini o‘ldirish KGB tomonidan buyurilmagan. Unda ruhiy muammolar bo‘lgani uchun KGB Osvaldga ishonmagan va u bilan hamkorlik qilishni rad etgan.

Biroq Nosenkoning ma’lumotlaridagi ayrim tafsilotlar AQShga qochib ketgan yana bir KGB josusi Anatoliy Golitsin bergan ma’lumotlardan biroz farq qiladi. Ana shu holat MRBda shubha uyg‘otadi va amerikaliklar Nosenko ikki tomonlama josuslik o‘yinlarini o‘ynayapti degan gumonga borishadi.

Oqibatda 1965 yil avgustda Nosenkoni qamoqqa tiqishadi va MRB xodimlari uni ikki yil so‘roq qilishadi. Shu zaylda sobiq KGB josusi 1967 yil oktyabr oyigacha yakka kishilik kamerada o‘tiradi.

1968 yilga borib Nosenko MRBga o‘zining ikki tomonlama josus emasligini isbotlaydi va uni ozod qilishadi. Amerikaliklar Nosenkodan uzr so‘rab, unga 137 ming dollar tovon puli to‘lab berishadi.

Biroz o‘tib uni MRBga maslahatchi sifatida ishga olishadi va Nosenko vazifada ancha yil ishlab nafaqaga chiqadi.

Keyinchalik Nosenko haqida umuman xabar chiqmay qo‘yadi. Hatto SSSR tarqab ketgandan keyin ham uning taqdiri noma’lumligicha qoladi. 2008 yilda OAVda Yuriy Nosenkoning vafot etgani haqida xabarlar beriladi.

Nosenko haqida film

1986 yilda amerikalik va britaniyalik kinoijodkorlar hamkorligida Nosenkoning hayoti haqida film suratga olinadi. Film «Yuriy Nosenko: ikki tomonlama josus» deb nomlanadi.

Filmda Nosenko rolini taniqli aktyor Oleg Rudnik, bosh rollardan yana birini Hollivudning taniqli aktyori Tommi Li Jons o‘ynagan edi.

Oleg Rudnik keyinchalik AQShga qochib o‘tgan yana bir KGB josusi Anatoliy Golitsin haqida ishlangan filmda ham asosiy qahramon rolini ijro etgan.

Filmni Hollivudning taniqli rejissyori Mik Jyekson suratga oladi. (Bu rejissyor ko‘plab filmlar bilan birga Kevin Kostner va Uitni Xyuston bosh rollarni ijro etgan «Tansoqchi» filmini suratga olgan).

Filmda Nosenkoning AQShga qochib ketishi va okean ortida o‘tkazgan hayoti tasvirlangan. Film kinotanqidchilar tomonidan iliq kutib olingan.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Top