15:20 / 12.02.2023
9286

Qirg‘izistonda OAV to‘g‘risidagi qonun loyihasidan blogerlar haqidagi me’yor olib tashlandi

Qirg‘izistonda ommaviy axborot vositalari to‘g‘risidagi qonun loyihasidan blogerlar haqidagi me’yorlar olib tashlangan. Bu haqda Qirg‘iziston prezidenti administratsiyasi xabariga tayanib Kloop.kg yozmoqda.

24.kg nashrining yozishicha, qonun loyihasini turli ommaviy axborot vositalarida chiqqan maqolalar tufayli qayta ishlashga majbur bo‘lishgan. Ishchi guruh rahbari Murat Ukushevga ko‘ra, berilgan takliflarga qarab qonun loyihasi qayta ishlangan.

Qirg‘izistonda blogerlar OAVga tenglashtirilayotgan edi

2023 yil yanvarida Qirg‘iziston Respublikasi prezidenti administratsiyasi OAV to‘g‘risidagi yangi qonun loyihasini taqdim etgan edi. Unda auditoriyasi 5 mingdan oshgan blogerlar OAVga tenglashtirilgandi. Shu yo‘l bilan blogerlarni tekshirilmagan ma’lumotlarni tarqatganlik uchun qonun oldida javob berishga, ularni OAVga doir qonunchilikning barcha talablariga javob berishga majburlash ko‘zda tutilgandi.

Mustaqil yuristlar bu qonun loyihsini fikr erkinligi uchun tahdid deb baholashgan. Ular, shuningdek, OAV to‘g‘risidagi qonun loyihasi avvalgisiga nisbatan qat’iylashtirilayotganiga e’tiroz bildirishgan.

OAV to‘g‘risidagi qonun

2022 yil sentabrida QR prezidenti administratsiyasi OAV to‘g‘risidagi qonun loyihasini ishlab chiqqandi. Unga veb-saytlar an’anaviy OAV singari ro‘yxatdan o‘tishi lozimligi to‘g‘risida me’yor kiritilgan, shuningdek OAVni ro‘yxatdan va qayta ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni murakkablashtirilgan.

Yuristlar loyihani tanqid ostiga olishdi va prezident administratsiyasi «amaldagi hokimiyatga yoqmayotgan veb-saytlarni yopish»ga hamda OAV ishiga aralashishga harakat qilayotganini aytib chiqishdi. Yuristlarning ta’kidlashlaricha, hokimiyat shu yo‘l bilan «fikrlar plyuralizmiga qarshi qat’iy taqiqlar» o‘rnatishni istamoqda.

Qonun loyihasini qattiq tanqidlarga uchragach, QR prezidenti administratsiyasi uni qayta ishlash uchun ishchi guruh tuzishga rozi bo‘ldi. Unga prezident administatsiyasi a’zolari, OAV vakillari va mustaqil yuristlar a’zo bo‘lishdi. Ular qayta ishlangan qonun loyihasini jamoatchilikka taqdim etishdi.

Qirg‘izistonda hokimiyat tomonidan OAV va so‘z erkinligiga bosimning yangi to‘lqini kuzatilmoqda.  Bunga yaqqol misol qilib surishtiruvchi jurnalist Bolot Temirovning mamlakatdan chiqarib yuborilishi, «Azattiq» radiosi sayti bloklanishi va uni yopishga urinish, bloger Iris Jyekshenaliyevning hibsga olinishini ko‘rsatish mumkin.

Biroq hukumat hech qanday bosim yo‘qligi, Qirg‘iziston qonun ustuvorligi, mamlakatdagi oliy qadriyatlardan biri — inson huquqlari va erkinliklari prinsiplariga sodiq ekanini ta’kidlamoqda.

Biroq ekspertlarning fikricha, hukumat mustaqil OAV va nohukumat tashkilotlariga qarshi kurashish uchun vosita bo‘ladigan qonun loyihalarini ishlab chiqishda davom etmoqda. 

Mavzuga oid
Top