08:11 / 13.02.2023
6946

Misr O‘zbekistonda yirik energetika obektlari qurmoqchi

O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov Elsewedy Electric (Misr) kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda kompaniya tomonidan mamlakatimiz energetika sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va innovatsion ishlanmalarni joriy etish istiqbollari muhokama qilindi.

Foto: Dunyo

Yig‘ilishda kompaniya energetika sohasida dunyoning 19 ta davlatida amalga oshirilayotgan, xususan, yirik energetika obektlarini qurish, yuqori voltli elektr uzatish liniyalarini o‘tkazish, «yashil energiya» obektlarini yaratish va aqlli shaharlarni rivojlantirishga oid innovatsion loyihalarni taqdim etdi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar hamkorlikni davom ettirishga o‘zaro tayyor ekanliklarini bildirdi va O‘zbekistonda investitsiya loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish doirasida kelgusida birgalikda ish olib borish formatini kelishib oldi.

Elsewedy Electric kompaniyasi 1938 yilda tashkil topgan. Kompaniyaning 2021 yildagi umumiy moliyaviy aylanmasi 3,8 milliard dollarni tashkil qildi. Kompaniya faoliyatining asosiy yo‘nalishlari energetika obektlarini ishlab chiqish va qurish, kabel va elektr jihozlarini ishlab chiqarish, raqamli texnologiyalarni joriy etish hamda energetika va infratuzilmani rivojlantirishga sarmoya kiritish hisoblanadi. 

 

Mavzuga oid
Top