10:40 / 14.02.2023
26721

Moldova prezidenti Rossiyani davlat to‘ntarishiga urinishda aybladi

Moldova prezidentining so‘zlariga ko‘ra, yaqin kelajakda harbiy tayyorgarlikka ega bo‘lgan rossiyalik diversantlar hukumat binolariga hujum qilib, odamlarni garovga olishi mumkin. 

Foto: EPA

Moldova prezidenti Mayya Sandu Rossiyani davlatning ichki ishlariga aralashishga urinishda aybladi. Uning bu bayonoti mamlakatda hukumat o‘zgarishidan bir necha kun o‘tib yangradi.

Juma kuni prezident Dorina Rechanani yangi bosh vazir etib tayinladi, u o‘zidan oldingi hukumat rahbari Natalya Gavrilitsa kabi mamlakat Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishi tarafdori hisoblanadi.

O‘tgan haftada Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Kiyev Rossiya maxsus xizmatlarining Moldovadagi vaziyatni beqarorlashtirish rejalaridan voqif bo‘lgani haqida aytib o‘tgandi.

Bryusselda Yevroittifoq yetakchilari qarshisida chiqish qilgan Zelenskiy o‘zidagi hujjatda «kim, qachon va qanday qilib Moldova demokratiyasini izdan chiqarib, bu mamlakat ustidan nazorat o‘rnatmoqchi ekani» aniq ko‘rsatilganini ta’kidlagandi.

Dushanba kuni Sandu bu ssenariyni Moldova razvedkasi ham tasdiqlaganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘zda tutilgan to‘ntarish «muxolifat deb ataluvchi kuchlarning mamlakatdagi konstitutsion tuzumni ag‘darishga qaratilgan namoyishlari»ni ham o‘z ichiga oladi.

«Ukraina tomonidan taqdim etilgan hujjatlarda «ushbu qo‘poruvchilik harakatlarini tashkil qilish joylari va logistika jihatlari hujjatlashtirilgani ko‘rsatilgan. Bu reja Moldovaga Rossiya, Chernogoriya, Belarus va Serbiya fuqarolari qonuniy hukumat o‘rniga Rossiya Federatsiya nazoratida bo‘ladigan noqonuniy hukumatni olib kelishga qaratilgan namoyishlar qo‘zg‘ash maqsadida kelishini ham nazarda tutadi. Bu esa Yevropa Ittifoqiga integratsiya jarayonini to‘xtatish uchun mamlakatni Rossiya ixtiyoriga berishdir», dedi Moldova prezidenti brifingda.

Moldova 2022 yil iyunida YeIga a’zo bo‘lishga nomzod maqomini olgandi. Fotoda - sobiq bosh vazir Natalya Gavrilitsa Bryusselda
ANADOLU AGENCY

U harbiy tajribaga ega bo‘lgan bu odamlar o‘zlarini tinch aholi vakillari sifatida ko‘rsatib, yashirincha harakat qilishi ko‘zda tutilganini qo‘shimcha qilgan. Ularning missiyasiga davlat muassasalariga hujumlar va odamlarni garovga olish ham kiradi.

Sandu xonimning aytishicha, bu kuchlar «ayrim ichki kuchlar»ga ham tayanadi. Ular orasida prezidentga muxolif «Shor» partiyasi, ayrim faxriylar va tadbirkor Vladimir Plaxotnyuk bilan aloqador bir necha kishilardan iborat jinoiy guruhlar ham bor. 

Sandu parlamentni «Kremlning mamlakatga zo‘ravonlik olib kirishga urinishlari barbod bo‘lishi» uchun maxsus xizmatlarga qo‘shimcha vakolatlar taqdim etishga chaqirdi.

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi Yevropaning eng qashshoq mamlakatlaridan biri bo‘lgan Moldovani og‘ir ahvolga tushirib qo‘ygan. 2,6 mln kishi istiqomat qiladigan mamlakatga Ukrainadan qochqinlarning ulkan oqimi kirib keldi, inflatsiya o‘sdi va elektr energiyasi ta’minotida uzilishlar yuzaga keldi.

O‘tgan yil aprelida Rossiya tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan ayirmachilar nazoratida bo‘lgan Dnestrbo‘yidagi davomli portlashlardan keyin Moldovadagi vaziyat keskinlashgandi. Bu voqealar mamlakat Rossiyaning Ukrainadagi urushiga tortilishi borasida xavotirlar uyg‘otgandi. 470 ming kishi yashaydigan Dnestrbo‘yi 1992 yilgi fuqarolar urushidan keyin ayirmachilar nazoratida qolmoqda.

Moldova Rossiyadan tabiiy gaz yetkazib berilishiga qaram. O‘tgan yilda Rossiyaning Ukraina infratuzilmalariga hujumlari ortidan bu yerda elektr energiya ta’minotida muammolar kuzatildi.

Moldovaning asosiy sotsialistik va kommunistik muxolifat bloki Moskva bilan mustahkam aloqalarga ega. Mayya Sandudan oldingi prezident Igor Dodon ham Rossiya bilan yaqin aloqalarni qo‘llab-quvvatlardi.

«Shor» partiyasi rahbariyati Sanduni hokimiyatni uzurpatsiya qilishga urinishda aybladi. «Biz hammamiz bu bayonotlar nima uchun aytilganini tushunamiz. Darhaqiqat, bu mamlakatdagi hokimiyatni o‘zlashtirib olishga qaratilgan ochiq urinishdir. Bizning orqamizda na Moskva, na Vashington, na Bryussel, balki faqat Moldova fuqarolari turibdi», dedi partiya raisi o‘rinbosari Marina Tauber. 

Avvalroq, Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov «G‘arb Moldovani yangi «anti-Rossiya»ga aylantirmoqchi», degan edi.

Mavzuga oid
Top