13:54 / 18.02.2023
24720

«Goliaf shu yildayoq qulaydi». Zelenskiy Myunxen konferensiyasida chiqish qildi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy xavfsizlik masalalariga bag‘ishlangan Myunxen konferensiyasi ochilishida chiqish qildi va hozirgi urush hamda Qadimgi ahd syujyetlari orasida parallel o‘tkazdi. U Ukrainani imkon qadar yaxshiroq qurollantirishga chaqirib, g‘alaba qozongan taqdirda Kremlni to‘xtatib bo‘lmasligidan ogohlantirdi.

Zelenskiyning Myunxen konferensiyasini ochib beruvchi videochiqishi «Dovud  Dniproda: Ukrainaning ozodlik uchun kurashi» sarlavhasi bilan anons qilindi. Ukraina prezidenti Injildagi Dovud va Goliaf haqidagi tarixga murojaat qildi.

«Dovud bo‘lish - kurashish demakdir. Va biz kurashamiz. Dovud bo‘lish g‘alaba uchun palahmonga ega bo‘lishni anglatadi. Bizda hali isroillik Dovudning palahmoni yo‘q. Ammo men ishonamanki, bu faqat vaqt masalasi», degan prezident katta ehtimol bilan Isroildan yordamga ishora qilgan holda. Shu kunlarda Isroil tashqi ishlar vaziri Eli Koen Kiyevda Zelenskiy bilan uchrashgan hamda uning mamlakati Ukrainaga havo hujumidan mudofaa tizimlarini takomillashtirish uchun yordam ko‘rsatishiga va’da qilgandi.

«Goliafda imkon yo‘q. Ammo, afsuski, unda kuch bor... U dunyo bilan savdolashib, o‘z tajovuzi uchun vaqtdan yutishga harakat qilmoqda... Shuning uchun shoshilish kerak. Bizga tezlik kerak», deya qo‘shimcha qildi Zelenskiy. «U albatta qulaydi. Shu yildayoq! Biz buni qila olamiz. Barchamiz birgalikda - xuddi Dovud kabi», deya yakunlagan Ukraina prezidenti.

Zelenskiy yana bir bor Rossiya Ukrainada o‘z maqsadlariga erishish bilan cheklanmasligi va butun Yevropa xavfsizligiga tahdid solishi haqidagi fikrini takrorlagan. «Biz Ukraina va Yevropani ozod etishimiz lozim. Rossiya quroli bizga qarata o‘t ochayotgan ekan, u qo‘shnilarimizni ham nishonga olgan bo‘ladi. Yevropa murosa qilishi mumkinmi? Yo‘q», deya qayd etgan u.

«Imillash doim xato bo‘lgan»

Zelenskiy yana bir bor Ukrainaning ittifoqchilarini qurol yetkazib berishni kechiktirmaslikka chaqirgan.

Yaqinda Bryusselda o‘tgan va g‘arbning Ukrainaga harbiy yordami masalasi muhokama etilgan xalqaro konferensiyada Kiyevning ittifoqchilari harbiy samolyotlar yetkazib berish to‘g‘risida qaror qabul qila olmagandi - bunday yordam haqida Zelenskiy bir necha bor so‘ragandi. Shu bilan birga, ular Ukraina qurolli kuchlarini asosiy jangovar tanklarni, jumladan Germaniyaning Leopard tanklari bilan ta’minlash borasida yakuniy rejani kelishib olishgandi.

«Rossiya dunyo bilan savdolashib, ortiqcha vaqtga ega bo‘lishga urinmoqda. Afsuski, u yana ko‘plab odamlarni o‘ldirishi mumkin. Shuning uchun ham biz shoshilishimiz darkor. Armiyamizni kuchaytirish uchun bizga kelishuvlarimiz va yetkazib berish tezligi, Rossiya salohiyatini cheklash uchun qarorlar tezligi zarur», degan Zelenskiy va «sustkashlik doimo xato bo‘lgani va hozirgacha ham xato bo‘layotgani»ni qo‘shimcha qilgan.

«Biz o‘z mudofaamizni zamonaviy tanklar bilan qanday kuchaytirish haqida muzokara olib borayotganimizda Kreml Moldovani qanday qilib bo‘g‘ish haqida o‘ylamoqda. Biz Ukrainaga zamonaviy harbiy aviatsiya kerakligiga ishontirayotganimizda, Rossiya Eron rejimini ishontirib bo‘ldi - va buning natijasi faqat Ukraina osmonida paydo bo‘lgan dronlar emas, balki Kreml [Eronga] qilgan to‘lov ham. Siz bu pul ekaniga ishonchingiz komilmi?» deya savol qo‘ygan Zelenskiy katta ehtimol bilan Eron yadro dasturiga ishora qilib - buning uchun ushbu mamlakat uranni boyitishi talab etiladi.

Konferensiyada yana nimalar deyildi?

Myunxendagi konferensiyada Zelenskiydan keyin chiqish qilgan Germaniya kansleri Olaf Shols Ukrainani qancha kerak bo‘lsa, shuncha vaqtgacha qo‘llab-quvvatlashni va’da qildi. U uzoq davom etadigan urushga tayyorlanish kerakligini aytdi, ammo boshlovchi Kristian Amanpurning bu bilan qancha muddatni nazarda tutayotgani haqidagi savolini ochiq qoldirdi.

«Putin u agar urushni qanchalik uzoqqa cho‘zsa, biz qo‘llab-quvvatlovni to‘xtatishimizni taxmin qilib, adashganini tushunishi kerak - bunday bo‘lmaydi», deya ishontirgan Germaniya kansleri. U shuningdek Ukrainaga hamkorlarning yordam va qurol berishi urushni uzaytirmasligi, balki tinchlikni yaqinlashtirishini ta’kidlagan.

Shols Germaniya o‘tgan yili Ukrainaga yordam uchun 12 mlrd yevro ajratgani va milliondan ortiq ukrain qochqinlarini qabul qilganini eslatib o‘tdi.

Sholsning so‘zlarini Latviya tashqi ishlar vaziri Edgars Rinkevichs ham qo‘llab-quvvatladi. «Men Ukraina bunga qanday dosh berishi borasida optimistman, ammo urush tez orada yakunlanishiga ancha pessimistik yondashaman. Qo‘rqamanki, urush 2023 yil bo‘yi davom etadi», degan Rinkevichs.

«Aynan shuning uchun biz strategik bardoshlilik rejimiga o‘tish kerak deb hisoblaymiz. Biz o‘zimizga yoqmagan ko‘p ishlarni qilishimizga to‘g‘ri keladi: mudofaa sanoati quvvatlarini oshirish va Ukrainaga kelgusida yanada zamonaviy qurollar yetkazib berish», deya qayd etgan Latviya TIV rahbari.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron o‘z nutqida ittifoqchilarni Ukraina qurolli kuchlari qarshi hujum boshlashi uchun ushbu mamlakatga harbiy yordam ko‘rsatishni kuchaytirishga chaqirgan.

U faqatgina ukrainlarning qarshi hujumi «Ukraina, uning hukumati va xalqi tomonidan belgilanadigan ishonchli muzokaralar»ga imkon berishini qo‘shimcha qilgan. Fransiya prezidenti so‘zlariga ko‘ra, hozir Rossiya bilan muloqot qilish vaqti emas.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top