01:12 / 19.02.2023
20481

1 yilda 75 askar kasallik sabab uyiga qaytgan. Mudofaa vazirligi ota-onalarga murojaat qildi

2022 yil davomida 75 nafar muddatli harbiy xizmatchi harbiy xizmat bilan bog‘liq bo‘lmagan kasalliklar sabab uyiga qaytarilgan. Mudofaa vazirligi mas’ullari tibbiy ma’lumotnomalarni soxtalashtirish orqali harbiy xizmatga borish og‘ir oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Foto: Kun.uz

Mudofaa vazirining matbuot kotibi, polkovnik Otabek Yo‘ldoshev sog‘ligining holatidan qat’i nazar muddatli harbiy xizmatga borishning yo‘llarini izlovchi yigitlar haqida so‘z yuritdi. Uning aytishicha, bu hujjatlarni soxtalashtirish holatlariga olib kelmoqda.

“Natijada biz bularni aniqlab, noilojlikdan o‘zimizning klinik hospitalda davolashga majburmiz. Hozirgi kunda harbiy xizmatning jismoniy, ruhiy yuklamalari oldingi armiyaga qaraganda 2 barobarga oshgan. Bu yuklamaga sog‘lom yigitgina bardosh bera oladi. Afsuski, nosog‘lom yigitlarimiz ko‘ngilsiz holatlar ro‘y berishigacha olib borishyapti.

Ota-onalardan iltimos qilib qolardik, farzandlaringizning kasalligini berkitmanglar. Kasallik berkitilsa, harbiy xizmat davomida yuzaga chiqib, og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin”,dedi Otabek Yo‘ldoshev AOKAdagi matbuot anjumanida.

Mudofaa vazirining matbuot kotibi, polkovnik Otabek Yo‘ldoshev / Foto: AOKA

Mudofaa vazirligi tibbiy ta’minot boshqarmasi boshlig‘i tibbiy xizmat polkovnigi Bahodir Abdulahatovning ma’lum qilishicha, birgina 2022 yilning o‘zida 75 ta muddatli harbiy xizmatchi harbiy xizmat bilan bog‘liq bo‘lmagan kasalliklar bilan qaytishi holatlari kuzatilgan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda harbiy xizmatning muddatli harbiy xizmat, safarbarlik chaqiruv rezervidagi harbiy xizmat, kontrakt bo‘yicha harbiy xizmat turlari mavjud bo‘lib, muddatli harbiy xizmatga salomatligi joyida bo‘lgan yigitlar 18-27 yosh oralig‘ida borishlari mumkin.

Avvalroq Surxondaryo va Qashqadaryoda ikki askar muddatli harbiy xizmatni o‘tash paytida vafot etgandi. Rasmiylar ularning o‘limiga tug‘ma kasalliklar sabab bo‘lganini ta’kidlashgan. Qarshi tumanidagi holatni tekshirgan harbiy prokuratura askarning o‘limida jinoyat alomatlari yo‘q deb deb topgan.

Mavzuga oid
Top