09:30 / 19.02.2023
44341

Gaz bo‘yicha izohlar, panel ura-urasi va artistning yubileyi - hafta dayjesti

35 yil va 35 mlrd dollarga raddiya: izohtalab holatlar hali anchagina. Quyosh panellari: ezgu tashabbus majburiy kampaniyabozlikka aylanib ketyapti. Avtomobilga navbatlar: 27 yil sabr qilganlardan yana ozgina sabr qilish so‘raldi. Haftaning shu va boshqa xabarlari – Kun.uz dayjestida.

“Uzog‘i 10 daqiqa”

Haftaning eng umidbaxsh yangiligidan boshlasak. Toshkent shahar transport boshqarmasining bizga ma’lum qilishicha, shaharga mingta yangi avtobus olib kelinganidan keyin avtobuslar intervali 10 daqiqadan oshmaydigan bo‘ladi.

“1 martdan boshlab avtobuslar kelishni boshlaydi va intervali katta bo‘lgan yo‘nalishlarga biriktiriladi. Shunda Toshkent shahrida avtobus oraliq vaqti bilan bog‘liq muammolar kuzatilmaydi, eng uzun interval 10 daqiqa bo‘ladi”, – dedi boshqarma matbuot kotibi Elmira Nurova.

“Toshshahartransxizmat” bergan ma’lumotga ko‘ra, mingta katta sig‘imli avtobus aprelgacha yetib kelishi kutilyapti. Ulardan 300 tasi elektrobus bo‘ladi. Qolgan 700 tasi gazda yuradi, shundan 200 tasi 18 metrlik avtobuslar bo‘ladi. “Garmoshkali” bu avtobuslar asosiy magistral yo‘nalishlarda qatnaydi. Ma’lum bo‘lishicha, transportlar Xitoyning Yutong va King Long kompaniyalaridan sotib olinyapti.

Avtobuslar tirbandlikda turib qolmasligi uchun hozircha 4 ta asosiy ko‘chada ular uchun alohida yo‘laklar ajratildi. Oxirgi bir oy ichida bu ko‘chalarga 55 ta kamera o‘rnatildi. Bu kameralar ishga tushgach, qoidaga zid ravishda avtobus bo‘lagidan harakatlangan haydovchilar jarimaga tortiladi. Avvalroq jamoat transporti uchun bunday alohida harakat bo‘laklari Toshkentdagi 73 ta ko‘chada tashkil etilishi aytilgandi.

Payshanba kuni imzolangan prezident qaroriga asosan, jamoat transportida kunlik “plan” bekor qilindi. Toshkentdan tashqari Nukus shahri va viloyatlar markazlarida ham avtobus qatnovlarini tashkil etish tizimi o‘zgaradigan bo‘ldi. Tashuvchi korxonalar bilan brutto-shartnoma asosida ishlashga o‘tiladi. Bosib o‘tilgan yo‘l va sifat asosiy mezon bo‘lishi, buni nazorat qilish uchun 14 ta shaharda avtomatlashtirilgan dispetcherlik xizmati tashkil etilishi kutilyapti. Nukus shahri va viloyat markazlari uchun yil oxirigacha jami 1000 ta avtobus sotib olinishi ham rejalashtirilgan.

“Ozgina sabr”

Avtomobilchilar uchun ham yangiliklar yo‘q emas. “O‘zavtosanoat” raisi Shavkat Umrzoqov avtomobilga navbatlar yo‘q bo‘lishiga yana bir marta va’da berdi. Uning aytishicha, bunga avtomobil ishlab chiqarish hajmini oshirish orqali erishiladi.

“Andijonning o‘zida bu yil 250−300 mln dollarlik to‘rtta yangi zavod quradigan bo‘ldik. Bu nima beradi? Tasavvur qiling, 2016 yil 80 ming mashina chiqqan, 2017 yil 120 ming chiqqan. Bugun 330 ming chiqaryapmiz. Bu yil 400 mingdan oshiq chiqaramiz. Navbat yo‘q bo‘ladi, ishoning, faqat ozgina sabr”, dedi “O‘zavtosanoat” raisi. Bunga javoban odamlar 27 yildan beri sabr qilib kelayotganlari haqida internetda postlar qoldirishdi.

Shavkat Umrzoqov qo‘shimcha pul to‘lab, mashinani navbatsiz olish imkoniyatini yaratish, oddiy qilib aytganda “shapka”ni qonuniylashtirishga qarshi ekanini ham aytib o‘tdi. “Men bu taklifga qarshiman, noto‘g‘ri narsa”, dedi u.

“O‘zavtosanoat” rahbari bu so‘zlarini Asakada, Onix modeli seriyali ishlab chiqarilishi boshlangani munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda aytib o‘tdi. Marosimda Onix'ning eng yuqori komplektatsiyadagi varianti ham taqdim etildi. Unda avvalgi komplektatsiyalarda bo‘lmagan lyuk, orqa o‘rindiqni isitish, klimat kontrol va boshqa qulayliklar bor. Eng yuqori komplektatsiya narxi – 215 mln so‘m, hozirda shartnomalar 30 sentabrgacha yetkazib berish sharti bilan tuzilyapti.

Bu hafta, shuningdek, UzAuto Motors o‘tkazgan IPO yakunlandi. Kompaniya avvaliga bu orqali o‘z aksiyalar paketining 5 foizini birjaga chiqarishni rejalashtirgandi, lekin talab kutilganidan 17 barobarga kam bo‘ldi va jarayonda kompaniyaning atigi 0,3 foiz aksiyasi sotildi. Oddiy qilib aytganda, monopol ishlab chiqaruvchining aksiyadori bo‘lishni istovchilar o‘ta darajada kamligi ma’lum bo‘ldi. Natijada kompaniya investorlardan atigi 57 mlrd so‘m jalb qila oldi xolos.

35 yil va 35 mlrd rad etildi, qolgan holatlar-chi?

“Ozodlik” radiosi e’lon qilgan va shov-shuvga sabab bo‘lgan gaz shartnomalari bo‘yicha surishtiruvdagi ayrim ma’lumotlar hafta davomida rasmiylar tomonidan rad etildi. Bu masalada energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov va “O‘zbekneftgaz” raisi Mehriddin Abdullayev bir guruh jurnalist va faollar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Keyinroq “O‘zbekneftgaz”, Saneg, ERIELL va Surhan Gas Chemical kompaniyalarining rasmiy raddiyalari, Altmax Holding'ning izohli maktubi e’lon qilindi.

Ularda aytilishicha, O‘zbekistondagi barcha neft-gaz konlariga oid eksklyuziv huquq 35 yilga Rossiyaga berilmagan. Bu muddat faqat Surxondaryodagi “Mustaqillikning 25 yilligi” koniga taalluqli. Konni o‘zlashtirish loyihasining investori o‘z moliyaviy hisobotida keltirilgan xato jumlani “boshqacha talqinga imkon qoldirmaydigan qilib” o‘zgartiradigan bo‘ldi.

Ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekistonda 300 ga yaqin kon ochilgan bo‘lib, ularning 40 foizini davlat, 60 foizini esa qo‘shma va xorijiy kompaniyalar ishlatyapti. Eng yangi va eng yirik zaxiralardan biri bo‘lmish “Mustaqillikning 25 yilligi” koni va “Lukoyl”ga berilgan 13 ta kon bo‘yicha mahsulot taqsimotiga oid bitimlar 50/50 nisbatda tuzilgan. Ya’ni olingan foyda davlat va investor o‘rtasida teng taqsimlanadi.

O‘zbekistondagi neft-gaz sektorining bosh pudratchilariga aylangan kompaniyalar – ERIELL va Enter Engineering'ga 5 yil ichida 35 mlrd dollarlik loyihalar “tutqazilgani” ham rad etildi. Rasmiylarga ko‘ra, bu ikki kompaniyaga berilgan loyihalar 10 ta emas, 9 ta – AES qurish bo‘yicha hali yakuniy qarorga kelinmagan. Qolgan 9 ta loyihaning qiymati esa surishtiruvda aytilganidek 23 mlrd dollar emas, 18 mlrd dollar. Shundan 10 mlrd dollarlik qismi – investorning zimmasida.

Ayni paytgacha berilgan raddiyalar, asosan, surishtiruvdagi 35 yillik muddat va 35 mlrd dollar degan ikkita raqamga bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Gaz qanday qilib 9 dollardan sotilgani, ishchi guruh xulosasi va yana bir qator holatlar bo‘yicha qo‘shimcha izohlarga jiddiy zarurat saqlanib turibdi.

Gazdan muqobil energiyaga

Hafta davomida gazni tejash va energetikani o‘nglash bo‘yicha yangi choralar e’lon qilindi. Gaz va “svet”dagi o‘g‘riliklarni aniqlash uchun Energoinspeksiyaga katta vakolatlar berildi. Bosh prokurorning energetika sohasidagi qonunchilikka mas’ul o‘rinbosari lavozimi joriy etildi.

Yil oxirigacha respublika bo‘ylab 2229 ta bog‘cha, 2432 ta maktab va 746 ta shifoxona ko‘mirga o‘tkaziladi. Ya’ni davlat bog‘chalarining uchdan bir qismi, maktablarning to‘rtdan bir qismidagi gazda ishlovchi isitish tizimlari ko‘mirda ishlashga moslashtiriladi. Bundan tashqari, 1147 ta issiqxona, 126 ta ohak zavodi, 101 tasi g‘isht zavodi, 23 ta sement zavodi ham gazdan uzilib, ko‘mirga o‘tkaziladi. Bu turdagi yangi ochiladigan korxonalarni gazga ulash taqiqlanadi.

Bundan tashqari, shundog‘am me’yordan ortiq yuklama bilan ishlayotgan elektr va gaz tarmoqlariga yangi iste’molchilarni ulash taqiqlandi. 1 maydan boshlab foydalanishga topshiriladigan ko‘p qavatli uylar tomida quyosh panellari bo‘lishi majburiy deb belgilandi. Bu panellar uy tomining kamida 50 foiz qismini qoplashi kerak.

Yil davomida “Quyoshli xonadon” dasturi asosida 37 mingta uyga quyosh panellarini o‘rnatish reja qilinyapti. Aholini o‘z uyining tomiga panel o‘rnatishga rag‘batlantirish uchun subsidiya va soliq imtiyozlari beriladigan bo‘ldi. Panellar ishlab chiqargan va xonadonning o‘z iste’molidan ortib qolgan tokning har bir kilovatt-soatiga 1 000 so‘mdan to‘lanadi. Bu pul keyingi oyning 25-sanasigacha abonentning plastik kartasiga tushirib beriladi.

Afsuski, quyosh panellarini ko‘paytirishdek ezgu niyat ham joylarda yana ura-urachilikka aylanib ketdi. Deyarli hamma viloyatlarda kichik biznes vakillari va aholi, ayniqsa, budjet xodimlari o‘z uyiga kredit evaziga quyosh paneli o‘rnatishga majburlanyapti. Panellarning narxi esa arzon emas; elektr energiyasining hozirgi tariflari asosida hisoblaganda, bu mablag‘ o‘zini oqlashi uchun anchagina uzoq vaqt kerak bo‘ladi. Yuqoridan kelgan har qanday topshiriqni yumaloq yostiq qilib obro‘sizlantirishga usta mahalliy amaldorlar esa masalaning bu tomoni bilan qiziqayotgani yo‘q. Shu bilan birga, hukumatning o‘zi ham majburiy panellashtirish haqidagi xabarlarga reaksiya bildirmayapti. Panellar narxini arzonlashtirish uchun taklifni ko‘paytirishga qaratilgan harakatlar ham ko‘zga tashlanayotgani yo‘q.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

Oliy ta’lim vaziri Ibrohim Abdurahmonov bitiruvchilarining ishga kirish ko‘rsatkichi yetarlicha bo‘lmagan xususiy universitetlarni yopib yuborish bilan tahdid qildi. Bu jamoatchilikning tanqidlariga sabab bo‘lgach, vazirlik tushunarsiz munosabat bildirdi. Unda vazir davlat tasarrufidagi oliygohlarga topshiriq berishga vakolatli ekani yozilgan.

Namangan va Farg‘ona viloyatlari hokimlari sozanda Abduhoshim Ismoilovning yubileyini nishonlash uchun budjetdan 239 mln so‘m pul ajratdi. Shuncha muammo turganda xalqning pullari artistlarning yubileyiga ishlatilgani internetda keng muhokamalarni keltirib chiqardi. Yanayam e’tiborlisi, Abduhoshim Ismoilov 70 yoshini bundan ancha avval – o‘tgan yilning 9 iyunida qarshi olib bo‘lgan. Uning yubileyi o‘sha paytda ham budjet pulidan nishonlangan.

Bir qator milliy federatsiyalar mart oyida Toshkentda o‘tkaziladigan boks bo‘yicha erkaklar o‘rtasidagi jahon chempionatini boykot qildi. AQSh, Chexiya va Irlandiya federatsiyalari musobaqada qatnashmasligini ma’lum qildi. Buyuk Britaniya va Kanada ham shunday qarorga yaqin. Sababi – musobaqa tashkilotchisi bo‘lmish Xalqaro boks assotsiatsiyasi Rossiya va Belarus boks federatsiyalariga nisbatan sanksiyalarni yumshatgan. Assotsiatsiyaning o‘zi “Gazprom”ga, uning prezidenti Marek Shimak esa Rossiya prezidenti Vladimir Putinga yaqinligi aytiladi.

Sobiq AKT vaziri Shuhrat Sodiqov hukumatga qaytdi. 2021 yilda Telegram va boshqa ijtimoiy tarmoqlarning bloklanishi ortidan ishdan olingan Sodiqov bosh vazir kotibiyati rahbarining o‘rinbosari sifatida ish boshladi. Kotibiyatga Abdurashid Jo‘raboyev rahbar bo‘ldi. U bungacha prezident maslahatchisining o‘rinbosari edi.

AQSh prezidenti Jo Bayden Shavkat Mirziyoyevga maktub yo‘lladi. Maktub biror muhim sana yoki voqea-hodisaga bag‘ishlanmagani e’tiborli. Bayden o‘z xatida O‘zbekiston prezidentiga xavfsizlik sohasidagi hamkorlik uchun minnatdorlik bildirgan. Maktubda Amerika O‘zbekiston bilan iqtisodiyot va energetikadagi hamkorlikni rivojlantirishga tayyorligi, Shavkat Mirziyoyevning mamlakat siyosiy tizimini yangilash harakatlarini qo‘llab-quvvatlashi yozilgan.

Top