13:10 / 21.02.2023
23367

Banklararo to‘lov tizimi orqali elektron to‘lovlarni amalga oshirish tartibiga o‘zgartirish kiritildi

Banklarning vakillik hisobvarag‘ida yetarli mablag‘lar mavjud bo‘lmagan holatlar overdraft sifatida aks ettirilishi belgilanmoqda. Banklar overdraft yuzaga kelganda tezkor to‘lovlarni amalga oshira olmaydi. 

Markaziy bank “Banklararo to‘lov tizimi orqali elektron to‘lovlarni amalga oshirish tartibi to‘g‘risida”gi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida qaror qabul qildi

Unga ko‘ra, filialga ega bo‘lmagan bank yoki bank filialini banklararo to‘lov tizimiga ulash uchun belgilangan qoidalar amaldagi qonunchilik talablariga muvofiqlashtirilmoqda. 

Shuningdek, banklarning vakillik hisobvarag‘ida yetarli mablag‘lar mavjud bo‘lmagan taqdirda, kliring orqali ishlovchi to‘lov tizimlaridan olingan banklar o‘rtasidagi yakuniy hisob-kitobga oid ma’lumotlar asosida amalga oshirilgan to‘lovlar bo‘yicha mablag‘lar overdraft sifatida aks ettirilishi belgilandi. 

Vakillik hisobvarag‘ida overdraft yuzaga kelgan bankning Markaziy bank hisob-kitoblar kliring tizimi va tezkor to‘lovlar tizimi orqali operatsiyalari vakillik hisobvarag‘ida ijobiy qoldiq shakllangunga qadar to‘xtatiladi. 

Avvalroq, bank hisobraqamlarini ochish tartibi o‘zgartirilgani ma’lum qilingandi

O‘zgarishlarga ko‘ra, ta’sischilari O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari bo‘lgan yuridik shaxslar hamda YaTTlar bank hisobvaraqlarini 2023 yil 1 maydan boshlab, davlat ro‘yxatidan o‘tish jarayonida ham, faoliyati davomida ham masofadan turib ochishi mumkin. 

Shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslarga faksimil imzodan foydalanishga ruxsat berildi. Bundan tashqari, hisobvaraqni ochish uchun taqdim etiladigan hujjatlarni elektron saqlash imkoniyati bo‘lganda, qog‘ozda saqlamaslik huquqi berildi. 

Barcha jismoniy shaxslarga yagona identifikator – jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsion raqami (JShShIR) asosida hisobvaraq ochilishi belgilandi.

Top