13:46 / 21.02.2023
29847

Telefonlarsiz va poyezdda 10 soat. Baydenning Kiyevga maxfiy tashrifi qanday tayyorlandi?

Bu Amerika prezidentining jasoratli va hech kimga sezdirmay qilgan safari bo‘ldi.

Foto: Reuters

Oq uy mulozimlari Jo Baydenning harbiy harakatlar hududidagi va muntazam ravishda o‘qqa tutib turiladigan shahar bo‘lmish Kiyevga kutilmagan tashrifini «zamonaviy davrdagi misli ko‘rilmagan» safar sifatida ta’riflaydi.

Ular AQSh prezidentlarining Iroq va Afg‘onistonga qilgan avvalgi safarlari shu mamlakatlarda joylashtirilgan ko‘plab amerikalik harbiy xizmatchilar qo‘llab-quvvatlovi bilan amalga oshirilganini (Ukrainada amerikalik harbiylar yo‘q) yodga olishadi.

Jurnalistlar Bayden Ukrainaga ham kelishi mumkinligini faol muhokama qilgan bo‘lishsa-da, bu voqea barcha uchun mutlaqo kutilmagan holatda ro‘y berdi.

Kiyevda havo hujumidan ogohlantiruvchi sirenalar yangrayotgan mahalda u Kiyev markazida prezident Volodimir Zelenskiy bilan birga paydo bo‘lishi – Polshada turib aytishi mumkin bo‘lgan har qanday so‘zdan kuchliroq taassurot uyg‘otadigan amal edi.

«Bu xavfli harakat edi va Jo Bayden uchun qat’iyat juda jiddiy tushuncha ekaniga hech kimda shubha bo‘lmasligi kerak», dedi Oq uy rasmiysi Keyt Bedingfild.

Telefonlarsiz

Rejaga ko‘ra, Bayden dushanba kuni ikki kunlik tashrif uchun AQShdan Varshavaga uchishi kerak edi.

Ammo safar uchun e’lon qilingan taqvimda shubhali tarzda katta bo‘shliqlar bor edi va bu ko‘pchilikda bu vaqtdan aynan Ukrainaga tashrif uchun foydalanish mumkinligi borasida taxminlar uyg‘otdi.

Oq uydagi har kungi brifinglarni yoritib boruvchi reportyorlar muntazam ravishda bunday tashrif ehtimoli haqida so‘rashdi. Ammo ularga Zelenskiy va Baydenning uchrashuvi rejalashtirilmagani va «ayni vaqtda» taqvimda AQSh prezidentining Varshavadan tashqarida to‘xtashi belgilanmaganini aytishdi.

Foto: Reuters

Kiyevga safar qilish bo‘yicha yakuniy qaror faqat juma kuni qabul qilingan – lekin bunday tashrif AQSh prezidenti ma’muriyatining yuqori martabali xodimlari tomonidan oylar davomida muhokama qilib kelingan.

Yakshanba kuni ham Baydenning tashrifi bo‘yicha rasmiy taqvimda u yakshanba kuni kechqurun mahalliy vaqt bilan soat 19:00 da Varshava yo‘nalishida parvoz qilishi ko‘rsatilgandi. Ammo amalda prezident samolyot yakshanba kuni ertalab soat 04:15 da havoga ko‘tarilgan.

Bortda eng asosiy xodimlar, tibbiyot xodimlari guruhi va xavfsizlik xizmati xodimlaridan iborat kichik delegatsiya joylashgan.

Faqat ikki jurnalistga prezident bilan uchishga ruxsat berilgan. Ulardan Bayden Kiyevga yetib borguniga qadar sukut saqlash talab etilgan. Ular bortga yozib oluvchi qurilmalar olib kirishi taqiqlangan.

AQSh prezidentining milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivanning aytishicha, parvozdan bir necha soat oldin Rossiya tomoni Baydenning tashrifi to‘g‘risida xabardor etilgan. Uning aytishicha, bu «mojaro kelib chiqishining oldini olish» uchun qilingan. «Men ular qanday javob qaytarishgani yoki bizning xabarimiz aynan qanday bo‘lganini aytmoqchi emasman, ammo tasdiqlashim mumkinki, biz shunday ogohlantirish yubordik», deya qayd etgan Sallivan.

Amerika jamoatchiligi uchun kuchli signal

Jo Bayden Kiyevga borish uchun poyezdda 10 soat  yurgan. U Ukraina hududidagi borish osonroq bo‘lgan boshqa nuqtalardan birini tanlashi ham mumkin edi, ammo ramziy ahamiyati uchun aynan Kiyev foydasiga tanlov qilgan.

BBC muxbiri Sara Smitning fikricha, Baydenning safari Moskvaga Oq uy Kiyevga oxirigacha yordam berish borasida qat’iyali ekanini ko‘rsatishga qaratilgan – ammo bu Amerikadagi saylovchilar uchun ham kuchli signal bo‘lib xizmat qiladi.

O‘tgan haftada Baydenning matbuot kotibi Karin Jan-Perdan amerikaliklar orasida Ukrainani qo‘llab-quvvatlash darajasi pasayganini ko‘rsatuvchi so‘rovnomalar haqida so‘ralgandi.

U AQSh prezidentining chiqishi butun dunyodagi odamlarga bo‘lgani kabi Amerika xalqiga ham qaratilishini aytib javob berdi.

«O‘z tashrifi bilan Bayden AQSh yana qancha vaqt Ukrainaga yordam ko‘rsatishi haqida savol berayotgan respublikachilar uchun aniq javob beradi», deydi muxbir.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top