23:27 / 22.02.2023
8534

Belarusda davlatga xiyonat qilgan amaldor va harbiylarga o‘lim jazosi qo‘llanishi mumkin 

Mamlakat parlamentida yangi qonun qabul qilindi. 

Foto: Getty Images

Belarus Vakillar palatasi deputatlari «Jinoiy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda qabul qildi. Unda davlatga xiyonat qilgan mansabdor shaxslar uchun o‘lim jazosi joriy etilishi ko‘zda tutilgan. Bu haqda BelTA xabar berdi. 

Hujjatga ko‘ra, o‘lim jazosi Belarus Jinoyat kodeksining 356-moddasida ko‘zda tutilgan «Davlatga xiyonat qilish» jinoyatini sodir qilgan «davlat lavozimini egallagan mansabdor shaxslar va harbiy xizmatchi maqomiga ega bo‘lgan shaxslarga» nisbatan qo‘llanishi mumkin. 

Shuningdek, davlatga xiyonat qilish moddasi bo‘yicha jarima 10 baravarga - 5000 dan 50 000 asosiy birlikkacha oshirildi. 

Shuningdek, davlatga xiyonat, hokimiyatni egallab olish, ayg‘oqchilik, qo‘poruvchilik va boshqa bir qator jinoyatlarda gumon qilinib ushlangan shaxslarni hibsda saqlashning ruxsat etilgan eng yuqori muddati 10 sutkaga, ularga nisbatan ayblov e’lon qilinishi lozim bo‘lgan eng ko‘p muddat esa 20 sutkaga oshirildi.  

Endi qonun Belarus parlamentining yuqori palatasi tomonidan tasdiqlanishi va prezident tomonidan imzolanishi kerak.  

Belarus o‘lim jazosini qo‘llaydigan Yevropadagi yagona davlatdir. 

Mavzuga oid
Top