15:02 / 23.02.2023
38843

“Bu ketishda inqirozga uchraymiz” - investor chorvachilikda yashirilayotgan muammolar haqida

Kredit hisobiga emas, o‘z mablag‘iga Yevropadan naslli qoramollar olib kelib, tadbirkorlikni yo‘lga qo‘ygan investor sohadagi og‘riqli muammolar sabab katta yo‘qotishlarga uchrayotganini aytib, mas’ullarni real holatni tan olmaslik va muammolarni yashirishda aybladi.

So‘z erkinligi nimaga kerak? Deylik, jamiyat uchun ahamiyatli bir soha bor. Ammo o‘sha soha jamiyat nazoratida emas, ko‘zidan panada. Natijada o‘sha soha parokanda bo‘ladi va jamiyat hayoti jiddiy xatar ostida qoladi.

Savdo-sanoat palatasi o‘tkazgan davra suhbatlarida qatnashgan edim, yig‘ilishlardan birida bir chorvador yigit chiqish qilib, muammolarni gapira ketdi. U gapirayotgan mahalda telefoniga soha mansabdorlari tomonidan qo‘ng‘iroqlar qilina boshlandi: “gapirma” degan ma’noda.

“Gapirma”...

Xo‘sh, gapirmadik ham, gapirmaslik oqibatida sohalar batamom tanazzulga uchrasa, kimga foyda-yu, kimga zarar? Bir kun kelib baribir ochiladimi? Yo ochilmaydimi? Ammo bu eng muhimi emas – bir kunlik “tinchlik” oqibatida el boshiga katta muammolar kelishidan qo‘rqmaymizmi?

Ommaviy axborot vositalarini ba’zilar o‘zi uchun dushman deb biladi, so‘z erkinligini yomon ko‘radi. Biroq shu – so‘z erkinligi bo‘lmasa, jamiyat jar yoqasiga kelib qolishini tushunishmaydi. Oxirgi 6 yilda OAV faoliyati sabab ochilgan muammolarning hisobi yuritilayotgani yo‘q. Farazan, bunday hisobot mavjud bo‘lganda edi, aminmanki, shu 6 yil ichida aynan so‘z erkinligi sabab mamlakat jar yoqasidan uzoqlashganini tushungan bo‘lardik. Jar esa shunday bir narsaki, hammani ajratmasdan bag‘riga tortib ketadi.

Nega bu haqda gapiryapman? Chunki so‘z erkinligi biz uchun hayotiy ehtiyoj ekanini hali ko‘pchiligimiz anglaganimiz yo‘q – uning yo‘qolishini istaydiganlar ko‘p. Korrupsionerlar-ku mayli – ular alohida guruh – biz... buni tushundikmi?

Yig‘ilishda gapirgan o‘sha yigit – chorvador Aziz Mirzakarimov bilan bog‘landim, suhbatlashdim. Keling, uning ichida yig‘ilib qolganlarni tinglaylik.

Aziz Mirzakarimov

— Bilishimcha, siz Rossiyada biznes qilib yurgansiz, binoyidek biznesingiz bo‘lgan, 2018 yilda O‘zbekistonga qaytgansiz va chorvachilik bilan shug‘ullana boshlagansiz. Nima sabab bo‘ldi qaytishingizga?

— Birinchi navbatda – bolalarimizning kelajakdagi xavfsizligi. Qaytib kelish masalasi doim bor edi. Faqat, qaytganimizda nima qilamiz, 12-14 yil davomida topilgan mablag‘larimiz daxlsizligi kafolati bormi, degan savollar bo‘lgan. O‘zbekistondagi qarindoshlar bilan gaplashdik, yangiliklarni kuzatdik. Prezidentimizning AQShga borganda, o‘zbekistonlik tadbirkorlar bilan uchrashib, O‘zbekistonga qaytib biznes qilishni so‘ragani va barcha yordamlar berilishini aytgan videolavhani ko‘rib qoldim. Eng asosiysi, pul mablag‘lari olib kirishda hech qanday cheklov yo‘qligi, prezident tomonidan kafolatlangani bo‘ldi. O‘zbekistonga qaytamiz, degan qarorga keldik.

Sherigim “vaziyatni bilib kel”, dedi. Keldim O‘zbekistonga.

Tuman hokimi bilan ko‘rishishni maslahat berishdi. Qo‘rg‘ontepa tumanining o‘sha paytdagi hokimi nima qilmoqchi ekanimni so‘radi. Men qurilish mollari ishlab chiqarish yoki Rossiyadan olib kelib sotmoqchi ekanimni aytdim. Hokim “bizda chorvachilik oqsayapti, chet eldan chorva mollari olib kelish imkoni bor, xorijdan yuqori mahsuldor mollar olib kelib, aholiga tarqatish darajasigacha olib chiqishimiz kerak, davlat tomonidan ham alohida e’tiborga olinib, foydasi katta bo‘lsa kerak”, dedi.

Adashmasam, o‘sha yili Andijon viloyatida o‘z mablag‘i evaziga xorijdan mol olib kelgan bitta men edim. Yig‘ilishlarda chorvador tadbirkorlar gap eshitgan paytda ham menga indashmas edi, “sizni chorvangiz naqdga kelgan” deb aytishardi.

Yig‘ilishlar juda ko‘p edi, ko‘p vaqt sarflanardi. Keyin, bitta katta investitsion loyihamni hozirgi tuman hokimi foydasiga berib yuborishgach, yig‘ilishlarga bormay qo‘yganman.

— Qancha vaqt sarflanadi yig‘ilishlarga?

— Odatda ertalab soat 7-8 ga chaqirilasiz, lekin yig‘ilish 11 da boshlanadi. Doim bir xil gaplar: nimaga dastur bo‘yicha siljish yo‘q, nega moling kelmadi? Hammasi kreditlar bilan bog‘liq.

Prezidentning bo‘sh yotgan davlat aktivlarini tadbirkorlarga berish to‘g‘risida qarori bor edi. Paxta ishlash zavodiga tegishli bo‘sh yotgan 6 gektar joyni olish taklifi bo‘ldi. Lekin rozi bo‘lmadim, chunki u yerga sarflanishi kerak bo‘lgan mablag‘ 5 mln dollardan oshib ketar ekan. 300 bosh qoramolga yetadigan 1,5 gektar joy bo‘lsa yetadi, dedim.

Sankt-Peterburgga qaytib bordim. U yerdagi bizneslarimizni sotdik.

Tuman hokimiga kirib, yer bo‘yicha qarorni so‘radim. Ishni boshlayver, dedi. Oldin hujjat qilish kerak deganimda, senga o‘xshab ish qilaman deb yerni olib qo‘yib, hech narsa qilmay yurganlar ko‘p, oldin ishni ko‘rsat, dedi hokim.

— Nega sergak tortmadingizlar? Nima pand berdi? Rivojlangan mamlakatda emas, Rossiyada biznes qilib yurgansizlar-da, to‘g‘rimi?..

— Xato qildik. Yana bir sababi – orqaga yo‘l yo‘q edi, asosiy aktivlarning katta qismini realizatsiya qilib qo‘ygandik. Orada viloyat qishloq xo‘jaligi bo‘limiga yig‘ilishlarga borishni boshladik – imtiyozdan foydalanganlar borishi majbur edi. Hatto prokuratura tomonidan kunlik foto hisobot so‘ralgan, qilinayotgan ishlar bo‘yicha...

— SSPda o‘tkazilgan yig‘ilishda chiqish qilishingizga nima turtki bo‘ldi?

— 4,5 yil mobaynida biz bunday yig‘ilishlarga yaqinlashtirilmaganmiz. Ya’ni tasvirga olinadigan, efirlarda ketadigan yig‘ilishlarga bizni chaqirishmas edi. Chunki qonuniylik talab qilardik, tanqidiy fikrlar aytardik.

Chorva mollarining xavfsizligi, sog‘lig‘i, uzoq yashab sifatli nasl berishiga bevosita ta’sir qilgan yuqumli kasalliklarga qarshi vaksinalar birinchi masala bo‘ldi. Respublika miqyosida chorvachilikda eng katta muammo bu – yashur (oqsil) kasalligi. Shuning uchun bu masalani ko‘tardim. Meni hayron qoldirgani shu bo‘ldiki, mening gaplarim vakolatli idoralar tomonidan (Veterinariya qo‘mitasining viloyat, tuman bo‘limlari rahbariyati) juda salbiy qabul qilindi. Efir paytida viloyat veterinariya qo‘mitasi vakili menga qo‘ng‘iroq qila boshladi, shuning uchun internetim ham uzila boshladi. Tushundimki, hamma masalani ko‘tara olmayman, qisqacha to‘xtaldim. Sabablarni to‘liq aytib ulgurmadim ham.

Keyin ko‘p qo‘ng‘iroqlar bo‘ldi menga, bir soatcha javob bermadim.

Bu masalani ko‘tarishimga sabab har yili bu kasallikdan katta talafot ko‘ramiz. Veterinariya vaksina qiladi, ammo u vaksina ishlamaydi. Dori-darmoniga har yili 100-150 mln atrofida pulimiz ketadi. Bundan tashqari, mollar nobud bo‘ladi. Ayniqsa, kichkina, bir oylikkacha bo‘lgan buzoqlar orasida bu ko‘rsatkich katta. Tirik qolganlarida ham ichki a’zolari shikastlangan bo‘ladi. Keyin esa mahsuldorlik tushib ketadi. Hatto kasallikdan 5-6 oy o‘tgach, nobud bo‘lish ehtimoli bor.

2019-2022 yillarda bu holat takrorlanaverdi, davlat tomonidan esa chora ko‘rilmadi. Viloyat, tuman rahbarlariga bu masalani ko‘p aytdim. O‘sha videochiqishdan keyin respublika veterinariya qo‘mitasi rahbari va viloyat qo‘mitasi rahbari tomonidan “bu masalani olib chiqmagansan oldin”, degan da’volar bo‘ldi menga nisbatan, “aholini xavotirga solib tashlading”, deyishdi. “Rostdan vahima qiladigan holat-ku bu”, dedim. Respublika miqyosida chorvalar ko‘rayotgan talafot, davlat iqtisodiyotiga kelayotgan zarar masalasini ko‘tarmoqchi bo‘lganim, gapirtirishmadi o‘shanda. Muammo borligini tan olib, yechimini qilaylik, deganimda ham o‘z fikridan qaytmadi rahbarlar, “sen yolg‘on gapirding, bunday muammo yo‘q”, deyishdi.

Bu masala bo‘yicha 2021 yil aprel-may oylarida prezident administratsiyasiga, bosh vazirga, bosh prokurorga, Qishloq xo‘jaligi vazirligiga, Andijon viloyati hokimiga, Andijon viloyati prokuraturasiga xat jo‘natganman. Hech qaysi biridan na javob xati, na munosabat bo‘ldi.

2021-2022 mavsumida bunday talafotli holat yana takrorlandi. Men holatni viloyat va tuman veterinariya qo‘mitasi rahbarlariga aytganman. Mening taklifim – O‘zbekistonda shu kasallikka qarshi vaksinani chiqarishni yo‘lga qo‘yish kerak.

Masalan, Qo‘rg‘ontepa tumanida 88 ta chorva fermer xo‘jaligi bor. Deylik, mening chorva xo‘jaligimda bu kasallik paydo bo‘ldi. Veterinariya xodimlari kelib mollardan tahlil uchun qonidan yoki so‘lagidan namuna olib, respublika laboratoriyasiga jo‘natib, kasallikning shu tipiga qarshi tezkor vaksina ishlab chiqsa bo‘ladi-ku. Qaytadan vaksina qilinganda, 88 ta chorva xo‘jaligidan 50-60 tasi qutulib qoladi. Bular esa kasallikning yangi turdan namuna olib, Rossiyadagi ishlab chiqaruvchiga jo‘natishadi. U yerdan vaksina yetib kelguncha bizda chorva yo‘q bo‘lyapti...

Ayni shu masalalarni ko‘tardim men. To‘g‘ri, buning qiyinchiliklari bordir, lekin qachongacha biz tadbirkorlar zarar ko‘ramiz, bizda ayb nima? Kim zararimizni qoplab beradi?

Holatni yashiraversak, kim kafolat beradi vaziyat yanada yomonlashib ketmaydi deb? Masalani tan olib, yechim qilish o‘rniga, inkor qilishni va o‘zini himoya qilishni boshlashadi. Men shu narsani tushunmayman.

Prezident ham yoshlarni haqiqatgo‘y va tashabbuskor qilib tarbiyalashimiz kerak deyapti. Ular katta bo‘lguncha biz yolg‘on gapirib turaylikmi?.. Veterinariya qo‘mitasidagilar prezidentdan gap eshitmasligi uchun biz chidab turishimiz kerak shekilli... Tanqid muammodan kelib chiqadi, muammoni esa yechish kerak.

Oldimga kelib, “inkor qiluvchi intervyu qilib bering”, deyishdi. Yo‘q dedim, yolg‘on gapirganimni isbotlab beringlar, dedim. Viloyat veterinariya boshqarmasi rahbari kelib: “Nimaga asoslanib, laboratoriya tekshiruvlarisiz gapirding” dedi. Holbuki u bunday vaziyatda umuman boshqacha yondashishi kerak, vazifasidan kelib chiqib.

Bu ketishda chorvamizning istiqboli yo‘q. Mol soni ozayyapti, sifat o‘lyapti, naslchilik mahsuldorlikni yo‘qotyapti. Bu ketishda inqirozga uchraymiz.

Men-ku mollarni o‘z mablag‘imdan olib kelganman. Qolganlar kredit olib mol keltiryapti.

Chet el kreditlaridan olyapmiz, yana o‘sha chet eldan mol sotib olyapmiz. Natijada ular ham moliyaviy resurslardan foyda qilyapti, ham ichki ishlab chiqaruvchisi rivojlanyapti. Biz esa ko‘paytirolmay, o‘ldiryapmiz va yana borib mol olib kelyapmiz. Qanchadan qancha valuta chiqib ketyapti.

Veterinariya qo‘mitasi qanchadir ming mol olib kelyapmiz, deb videoroliklar chiqaribdi. Qachongacha olib keladi? Moliya vazirligi baho bersin holatga. Ular olib chiqib ketayotgan pullar bizning iqtisodga zarar keltirayotganini tekshirsin. Bu faqat fermerning zarar ko‘rishi masalasi emas, butun davlat miqyosidagi muammo. Faqatgina xo‘jalik muammosi emas, iqtisodiy muammo.

Fermerlar kredit to‘lashi kerak. Inflatsiya natijasida ular valutada olgan imtiyozli kreditlar imtiyozlilik mazmunini yo‘qotyapti. Juda ko‘p fermerlar qiynalyapti, inqiroz yoqasida turibdi. Faqat hech kim bularni gapirolmayapti. Olib kelinayotgan yuz minglab mollar yo‘qolib, ertaga bozorga mahsulot yetkazib berolmay qolishimiz xavfi kuchayib ketganini Veterinariya qo‘mitasi tan olgisi kelmayapti. Oddiy vaksina noto‘g‘ri qo‘llanilayotganini tan olish o‘rniga, o‘zlarini himoya qilishayotganining natijasi bular.

Yana bir og‘riqli holat bo‘ldi. Mening chiqishimdan keyin Samarqand davlat veterinariya meditsinasi instituti olimlari yig‘ilish qilishibdi. O‘sha yerda bir professor O‘zbekistonda 30-40 yildan beri yuqumli kasalliklar yo‘q, biz kasallikdan toza mamlakatmiz, degan qat’iy gapni aytib, respublika miqyosida ma’lumot beribdi...

Fermerlarning moli ko‘p, o‘z veterinarlari bor. Lekin bitta mol bilan kun ko‘radigan odamlar ham bor. Ular uchun bu juda katta talafot.

Haqiqiy inqiroz shundaki, hech kim hech narsani bilmagandek, odamlarga yolg‘on gapirishyapti. Yolg‘on gapirgandan ko‘ra, jim o‘tirishgani yaxshi edi.

Ilmiy tadqiqot instituti rahbari esa fermerlarning o‘zi aybdor, hududiy veterinariya bo‘limlari bilan maslahat qilmaydi mol olib kelishdan oldin, deyapti. Mol olib kelishdan oldin maslahat qilsa, mutaxassis Germaniyaga borib o‘rganib kelarmish. Hech qachon bunday bo‘lgan emas. Davlatlar o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra, sotayotgan davlat kasallanmagan mol sotish majburiyatini olgan. Bu narsa ularning manfaatiga xizmat qilishini bilishadi, shuning uchun sog‘lom mol jo‘natishadi. Yevropadan keladigan mollarga e’tiroz yo‘q. Lekin kelguncha Rossiyada, Polshada, Qozog‘istonda to‘xtashadi. O‘sha yerlarda mollar toza joyda bo‘lishiga hech kim kafolat bermaydi.

Kasallik yo‘q deb xulosa berayotgan oliygoh o‘qituvchilari sohani isloh qilishi kerak bo‘lgan yoshlarga dars beryapti... U kadrlar esa ko‘zbo‘yamachilik, haqiqatni yashirish, mansabini ushlab qolishni o‘rganib chiqyapti.

Mendan ko‘ra ancha ko‘proq – 500 ta mol olib kelganlar ham bor... Ularda muammolar yanada katta, qolgan parallel bizneslarini ham tortib ketdi bu soha...

Loyihaning maqsadi – naslli mollarni ko‘paytirib, aholi o‘rtasida ommalashtirib, ularga tarqatishni boshlash. Lekin buni qilolmayapmiz. “5800 ta loyiha amalga oshdi”, deyishyapti. Amalga oshdi – mol keldi, davomi nima bo‘ldi? Biznes rivojlanyaptimi? Hech kimning ishi yo‘q. Loyihani boshlayotgan paytimda hokimiyat, fermerlar kengashi, agroinspeksiya, prokuratura, veterinariya, viloyat boshqarmalari, banklar – hammaning nazoratida edi. Keyin o‘zim yakka qoldim. Hech qaysi muammomni hech qaysi tashkilot yechib bermadi. Mollarga o‘t zaxirasini o‘z mablag‘imizdan qildik – keraklicha yer ajratishmadi. Qora molni chetdan keltirganimdan keyin esa paydo bo‘la boshlashdi...

Orada viloyat boshqarmasiga borib, dasturdan chiqaringlar meni deb aytdim. Yig‘ilishlarga ham bormay qo‘ydim. Keyin prezident apparatidan, Vazirlar Mahkamasidan ishchi guruhlar kela boshladi. O‘qimishli, tushungan odamlarga o‘xshashdi. Lekin birortasi hokimlikka yo tegishli tashkilotga kirib, yer ajratib beringlar bunga demadi.

“Loyihani amalga oshirish” mana shunday bo‘ladi bizda: hamma narsani o‘zingiz qilasiz, keyin ular kelib yoningizda bayroq ko‘tarishadi, televizorga chiqib bong urishadi...

Bu ketishda yopilamiz, aniq bilaman, ko‘p qolmadi...

Shokir Sharipov suhbatlashdi.

Top