12:24 / 24.02.2023
6869

Ish beruvchilarga o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarni kasanachi sifatida jalb qilishga ruxsat berildi

“Kasanachilikni yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi.

Foto: Andijon viloyati hokimligi

Qaror bilan ish beruvchilarga o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarni kasanachi sifatida jalb qilishga ruxsat berildi.

Shunga ko‘ra, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari (19 ta) ro‘yxati to‘ldirildi.

2023 yil 1 martdan 2026 yil 1 yanvargacha 3 oydan ko‘p 30 tadan ortiq kasanachilarni jalb qilgan va u asosida ishlab chiqargan mahsulotlardan olgan daromadi jami daromadining 60 foizidan ko‘pni tashkil etgan tadbirkorlar uchun:

  • foyda va aylanmadan olinadigan soliqning soliq bazasi 50 foizga kamaytirilib hisoblanadi;
  • ayrim davlat mulkidan foydalanganlik uchun ijara to‘lovi 50 foiz miqdorda belgilanadi;
  • davlat xaridlari doirasida tuziladigan shartnomalarda buyurtmachilar tomonidan 50 foiz oldindan to‘lov amalga oshiriladi.

“Usta-shogird” maktablar o‘quvchilari ijtimoiy soliqni o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun belgilangan tartibda to‘laydi.

Kam ta’minlangan oilalarga bolalar puli va moddiy yordam berishda ularning kasanachilik yoki qishloq xo‘jaligiga mavsumiy jalb qilingan 6 oygacha bo‘lgan davrda olgan daromadlari inobatga olinmaydi.

Qarorga ko‘ra, Kasanachilikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etilib, 2023 yil 1 martdan Jamg‘arma hisobidan:

tadbirkorlarga har bir kasanachining dastlabki 3 oy davomidagi  faoliyati uchun 1 oylik daromadi miqdorida bir martalik subsidiya ajratiladi;

tadbirkorlarga quyidagi subsidiyalar ajratiladi:

  • 2025 yil 1 yanvargacha kasanachilik bilan shug‘ullanayotgan ishsiz va ish qidirayotgan, ijtimoiy daftarlarga kiritilgan fuqarolarga asbob-uskunalar va xomashyo xarid qilish uchun BHMning 30 baravarigacha;
  • kasanachilik asosida uyda ishlayotgan nogironlarning ish joyini moslashtirish uchun BHMning 40 baravarigacha;
  • kasanachilarni kasb-hunarga o‘qitish uchun BHMning 2 baravarigacha.

Hokim yordamchilari tavsiyasi asosida tadbirkorlarga aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun:

  • har bir kasanachi uchun 2 mln so‘mgacha, jami 300 mln so‘mgacha yillik 14 foiz, 6 oygacha imtiyozli davr bilan 3 yilgacha kredit ajratiladi;
  • Jamg‘arma hisobidan har bir kasanachi uchun 1 mln so‘mgacha, jami 150 mln so‘mgacha 2 yilgacha muddatga foizsiz ssuda ajratiladi.

2023 yil 1 iyungacha davlat ulushi mavjud savdo majmualari va dehqon bozorlarida hunarmandchilik va kasanachilik rastalari tashkil etiladi.

Top